Akusherlik hisob-kitobi bo‘yicha homiladorlikning o‘n uchinchi haftasi davomida bola jadal o‘sishda va rivojlanishda davom etadi. U tobora ko‘proq harakatlanib, yangi reflekslarni mashq qiladi. Bo‘lajak ona uchun gormonal fon barqarorlashadigan va hissiy holat me’yoriga keladigan davr boshlanadi. Ayol o‘z belining bir necha santimetrga kengayganini sezishi mumkin — demak, do‘konlarni aylanib, yangi garderob tanlashning ayni vaqti keldi.
Homiladorlikning tashqi belgilari
Homiladorlikning o‘n uchinchi haftasidagi qorinning holati. Bachadon o‘sishda va qorin bo‘shlig‘i tomon ko‘tarilishda davom etadi. Endi uni qorin devori orqali paypaslab ko‘rish mumkin. Dumaloqlashgan qorincha atrofdagilar uchun ham sezilarli bo‘lib qoladi. Bachadon yanada yumshoq va elastik bo‘lib, qindan keladigan ajralmalar miqdori ortadi.

Homiladorlikning o‘n uchinchi haftasida ko‘krakdagi o‘zgarishlar. Ko‘kraklar kattalashadi va og‘irlashadi. Ulardagi og‘riqli sezgilar kamayadi yoki umuman yo‘qoladi, chunki bezli to‘qimalarning o‘sishi to‘xtaydi. Ko‘krak yengil massaj qilinganda, so‘rg‘ichlardan og‘iz suti ajralishi mumkin.
Vazn ortishi. Bo‘lajak onaning ishtahasi ochilishi ortiqcha vazn to‘planishiga olib kelishi mumkin. Ovqatlanish ratsioningiz va yeyilayotgan ovqat miqdorini nazorat qilish juda muhim. Homiladorlar uchun har hafta vazn ortishining o‘z me’yorlari mavjud. Ortiqcha vazn yig‘maslik uchun shifokorning taomnoma va jismoniy faollik bo‘yicha tavsiyalariga rioya qilish lozim.
Homila bilan qanday o‘zgarishlar ro‘y beradi
Hozir homilaning kattaligi shaftolidek. Tana uzunligi taxminan 10 sm, vazni esa 20 grammdan oshadi.
Bu bosqichda bolaning tanasi boshiga nisbatan tezroq o‘sa boshlaydi va tana qismlari mutanosiblashadi. Qo‘l va oyoqlari uzayadi, ular o‘rtasidagi nomutanosiblik kamayib boradi. Bo‘yni shakllanadi va endi mittivoy boshini burishi mumkin. Bolaning yuzida qosh usti yoylari, iyak va qanshar paydo bo‘lib, o‘ziga xos qiyofa shakllanadi. Sut tishlarining kurtaklari hosil bo‘lishi jarayoni yakunlanadi. Ichki a’zolari shakllanib bo‘lgan, endi ular o‘sib, rivojlana boshlaydi..

Mushak tizimi. Mushaklarning jadal o‘sishi bolaning harakat faolligini rag‘batlantiradi va nervlar bilan reflektorli aloqalar sonini oshiradi.
Suyak tizimi. Rivojlanishning bu bosqichida bolaning suyaklarida kalsiy to‘plana boshlaydi. Avvaliga bosh chanog‘i va umurtqa pog‘onasi, so‘ngra esa qo‘l va oyoq suyaklari qotadi. Qovurg‘alar shakllanadi.
Nafas olish tizimi. Nafas olish a’zolari shakllanib bo‘lgan. Bola nafas olish harakatlarini bajara boshlaydi, bu orqali diafragma va ko‘krak qafasi mushaklari mashq qildiriladi.
Ichki a’zolar. Shu haftadan boshlab o‘t pufagi o‘t suyuqligini ishlab chiqara boshlaydi. Bolaning yuragi to‘rtta kameraga bo‘lingan va bir sutkada deyarli 23 litr qonni haydab beradi. Me’da osti bezi insulin ishlab chiqaradi. Buyraklar va chiqarish tizimi to‘liq quvvat bilan ishlaydi.
Asab tizimi. Bosh miya va orqa miya shakllanib bo‘lgan. Hozir bosh miyada miya to‘qimasi jadal rivojlanayotgani sababli barcha impulslarni orqa miya qabul qiladi. Neyron aloqalari va reflekslar rivojlanishda davom etadi. Bola allaqachon ushlashni, esnashni, yutishni, qo‘l tekkizishni biladi. Endi u ta’mlarni tahlil qilishni o‘rgana boshlaydi.
Bolaning jinsi. Homiladorlikning o'n uchinchi haftasida o'g'il va qiz bolalarning tashqi jinsiy a'zolari shakllana boshlaydi. Bolaning oyoqlari orasidagi do'ngliklar o'g'il bolalarda cho'zilib, olat va yorg'oqqa aylanadi, qiz bolalarda esa tekislanib, jinsiy lablarni hosil qiladi.
O‘n uchinchi haftada yo‘ldoshning shakllanishi yakunlanadi. Endi homilaning rivojlanishi uchun progesteron va estrogen ishlab chiqarishning butun yuki uning zimmasiga tushadi. Yo‘ldosh orqali bola oziq va kislorod oladi hamda hayot faoliyati mahsulotlarini tashqariga chiqaradi.
Bo‘lajak onaning sezgilari
Ikkinchi trimestrda homilador ayolda yangi sezgilar paydo bo‘ladi. Bachadonning kattalashishi jig‘ildon qaynashi, ovqat hazm qilish va ich kelishida muammolarni yuzaga keltiradi. Vazn ortishi va og‘irlik markazining siljishi yurish o‘zgarishiga olib keladi hamda oyoqlarga tushadigan yukni oshiradi. Bachadonni ushlab turuvchi boylamlarning cho‘zilishi tufayli belda tortuvchi og‘riq paydo bo‘ladi. Me’yorda bu og‘riq kuchli bo‘lmasligi va uzoq davom etmasligi kerak.

Erta toksikoz belgilarining kamayishi. Homiladorlikning ikkinchi trimestrida gormonlar miqdori me’yorlashgani sababli ko‘ngil aynishi va qayt qilish xurujlari asta-sekin yo‘qoladi. Uyqu me’yorlashib, umumiy tonus ko‘tariladi.
Ich kelishidagi muammolar. Endilikda homilador ayollardagi qabziyat va ich ketishi holatlari faqat progesteron ta’siri bilan bog‘liq bo‘lmasligi mumkin. Kattalashayotgan bachadon to‘g‘ri ichakka bosim o‘tkazib, ichaklar faoliyatini qiyinlashtiradi.
Boldir mushaklarida tomir tortishishi. Bolaning suyak to‘qimalari jadal o‘sayotgan davrda uning organizmi kalsiyga qo‘shimcha ehtiyoj sezadi. Agar bola mineralni yetarli miqdorda olmasa, uni onaning suyak to‘qimasidan o‘zlashtiradi. Bo‘lajak ona organizmida kalsiy va magniy yetishmovchiligi boldir mushaklarida tomir tortishishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Arterial qon bosimining pasayishi. Homiladorlikning o‘n uchinchi haftasiga kelib bo‘lajak onada qon aylanishining qo‘shimcha platsentar doirasi shakllanib bo‘lgani uchun arterial qon bosimi pasayishi kuzatiladi. Uning ko‘tarilishi esa buyraklar faoliyatidagi buzilishlar natijasi bo‘lishi mumkin.
Homilador ayolning turmush tarzi
Sog‘lom ovqatlanish. Bola mushak massasining faol o‘sishi va suyak tizimining mustahkamlanishi davrida kalsiy, magniy, rux, oqsil va boshqa vitamin hamda minerallarga boy mahsulotlarni tanlash muhim. Yog‘siz go‘sht va baliq, jigar, yong‘oqlar, sut-qatiq mahsulotlari, sabzavotlar, mevalar va ko‘katlar bo‘lajak onaning sog‘lom taomnomasi asosini tashkil etishi kerak. Bo‘lib-bo‘lib: tez-tez, ammo kam-kamdan ovqatlanish lozim.

Zarur vitaminlar. Bu davrda homiladorlar uchun ozuqaviy qo‘shimchalarni to‘g‘ri tanlash va organizmga sog‘lom farzandni dunyoga keltirishda yordam berish kerak. Shifokor qo‘shimcha ravishda temir, foliy kislotasi, kalsiy, D vitamini preparatlarini buyurishi yoki biror kompleks, majmuiy ta’sir etadigan preparatni tanlashi mumkin.
Jinsiy hayot. Ikkinchi trimestrda gormonal holatning o‘zgarishi homilador ayollarda jinsiy maylni oshiradi. Faqatgina homila tushishi xavfi jinsiy aloqa uchun qarshi ko‘rsatma bo‘la oladi. Agar sizda hammasi joyida bo‘lsa, jinsiy yaqinlik ayolning hissiy holatini yaxshilashga va bo‘lajak ota-onalar o‘rtasidagi rishtalarni mustahkamlashga yordam beradi.
Jismoniy faollik. Ikkinchi trimestrda ayol asta-sekin o‘zining odatiy hayot tarziga qaytadi. Agar jismoniy faollik uning hayotida doim mavjud bo‘lgan bo‘lsa, hozir undan voz kechishga asos yo‘q. Jismoniy yuklamani o‘z holatingizga qarab moslashtirib borish mumkin. Sportni unchalik xushlamaydiganlar uchun esa zavq bag‘ishlaydigan va butun organizmga ijobiy ta’sir ko‘rsatadigan mashg‘ulotlarni topishning ayni vaqti. Yoga, raqs yoki akvaerobikaning murakkab bo‘lmagan mashqlar to‘plami tanadagi taranglikni yengillashtirishga va mushaklarni mustahkamlashga yordam beradi.

Ota-ona va ularning bo‘lajak farzandi uchun qulay davr boshlandi. Xavotir va tashvishlanishga hech qanday sabab yo‘q, eng muhimi – shifokor tavsiyalariga amal qilish, ovqatlanishni nazorat qilish va toza havoda ko‘proq sayr qilishdir.
Homiladorlikning o‘n uchinchi haftasida UTT

Homiladorlikning o‘n uchinchi haftasida ultratovush tekshiruvi skriningning bir qismi hisoblanadi. Bu tekshiruv homila rivojlanishidagi nuqsonlarni va xromosoma anomaliyalari mavjudligini aniqlashga qaratilgan. Shifokor bolaning a’zolari va tizimlarining umumiy rivojlanishini baholaydi, shuningdek, xromosoma anomaliyalarining ko‘zga ko‘rinadigan belgilarini aniqlaydi. Bunda yoqa sohasi qalinligi va burun suyaklarining o‘lchami qayd etiladi..
Birinchi ultratovush tekshiruvida mutaxassis homiladorlik muddatini aniqlab, rivojlanish ko‘rsatkichlarini qayd etadi. Bo‘lajak ona bolaning boshchasi, qo‘lchalari va oyoqchalarini ko‘rishi, kichkina yurakchaning urishini eshitishi hamda uning ilk suratini olishi mumkin. Shuningdek, yo‘ldosh, tuxumdonlar, servikal kanal va bachadon bo‘yni holati ham tekshiriladi.
Xavotirli alomatlar
Bachadon tonusining oshishi. Bu holat jismoniy zo‘riqish yoki kuchli hissiy kechinmalardan keyin kuzatilishi mumkin. Me’yorda bachadon mushaklari dam olgach bo‘shashadi. Agar tonus uzoq vaqt davomida saqlanib tursa, shifokorga murojaat qilish kerak.
Qon ketishi. Bu muddatda qonli ajralmalar kelishiga yo‘ldoshning ko‘chishi, bachadondagi gematoma yoki bachadonning jismoniy bosimiga bardosh bera olmaydigan qon tomirlarining elastik emasligi sabab bo‘lishi mumkin. Qon ketganida o‘z vaqtida tibbiy yordamga murojaat qilinsa, homiladorlikni saqlab qolish mumkin.
Tortuvchi og‘riq. Beldagi qisqa muddatli va kuchsiz tortuvchi og‘riq bachadonning o‘sishi bilan bog‘liq. Agar bunday og‘riq dam olgandan keyin ham pasaymasa va qonli ajralmalar bilan birga kuzatilsa, bu homila tushishi xavfining alomati bo‘lishi mumkin.