Top.Mail.Ru

Выберите срок беременности

Homiladorlikning o‘ninchi haftasida nimalar sodir bo‘ladi

Submitted on: 01.05.2026
Time to read: 6 daqiqa
count 402

Homiladorlikning o‘ninchi haftasi boshlandi: bola endi embrion emas, balki to‘laqonli homilaga aylandi. U endi faol rivojlanib, o‘sa boshlaydi, ichki a’zolari shakllanib, yuragi esa ura boshlagan. Ammo chaqaloqning hajmi qulupnaydek bo‘lgani uchun bo‘lajak ona ultratovush tekshiruvi (UTT) paytida oladigan suratlarda uni aniq ko‘ra olmaydi. Bola qimirlab boshlagan, lekin o‘lchami juda kichikligi tufayli ayol buni sezmaydi.

Homiladorlikning tashqi belgilari

Bu davrda hali jiddiy tashqi o‘zgarishlar yuz bermaydi, shu bois ba’zi ayollar o‘zining nozik ahvolda ekanligini sezmasliklari ham mumkin. Lekin har qanday test homiladorlikni bemalol aniqlab beradi. Agar ayol o‘z holatini sinchkovlik bilan kuzatsa, homiladorlikka xos belgilarni aniqlashi mumkin.

Homiladorlikning o‘ninchi haftasidagi qorinning holati. Qorin hali o‘sib, bilinadigan darajaga yetmagan va yassi holatda, shu bois tashqi ko‘rinishdan homiladorligi bilinmaydi. Ammo ayolning o‘zi ba’zi o‘zgarishlarni his qilishi mumkin: bachadon kattalashib, zichlashadi, shuning uchun qorin pastida qo‘lga oson unnaydigan kichik do‘nglik paydo bo‘ladi. Bu, ayniqsa, ozg‘in ayollarda yotgan holatda yaqqol seziladi: agar chalqancha yotilsa, o‘ziga xos qavariqlikni ko‘rish mumkin. O‘rtacha va yuqori vaznga ega bo‘lajak onalarda u bilinmaydi, lekin kiyimga o‘z ta’sirini ko‘rsata boshlaydi: shim va yubkalar tor kelib qolishi mumkin.

Homiladorlikning o‘ninchi haftasidagi ko‘krak holati. Ko‘kraklar yanada yumaloqlashib, og‘irlashadi, shu sababli siynabandlar torayib, noqulay bo‘lib qoladi. Montgomeri bezlari esa ochroq tusga kiradi.

Shishlar. Shishish holati, ayniqsa, oyoqlarda suyuqlik to‘planishi tufayli yuzaga kelishi mumkin. Kamdan-kam hollarda shishlar surunkali kasalliklar yoki organizmdagi jiddiy buzilishlar mavjudligidan darak beradi – bunday alomatlar paydo bo‘lganda mutaxassis bilan maslahatlashish zarur.

Teridagi pigmentatsiya. Toshma va aknelar gormonal o‘zgarishlar sababli o‘tib ketishi mumkin, pigmentatsiya esa o‘zini to‘liq namoyon qila boshlaydi. Ammo bu holat har bir ayolda ham kuzatilavermaydi va odatda, tug‘ruqdan keyin butunlay yo‘qolib ketadi. Ko‘pincha ko‘krak uchlari areolalari va ko‘krak terisi to‘qlashadi. Ba’zi hollarda yuzda ham pigment dog‘lar paydo bo‘lishi mumkin.

Teri va sochlarning holati. Odatda, o‘ninchi haftaga kelib homilador ayol o‘z ahvolidan xabardor bo‘ladi, shuning uchun kimyoviy bo‘yoqlardan foydalanishni to‘xtatadi va kosmetika miqdorini kamaytiradi. Bu holat (va gormonal o‘zgarishlar) teri va sochlarning sifatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Sochlar chiroyli jilolanib, qalinlashadi.

Homila bilan nimalar sodir bo‘ladi

Homila paydo bo‘lgan kundan boshlab o‘ninchi haftada (yoki o‘n ikkinchi akusherlik haftasida) embrion to‘laqonli homilaga aylanadi. Bu paytga kelib uning deyarli barcha ichki a’zolari va tizimlari shakllanib bo‘lgan bo‘ladi va u qimirlay boshlaydi. Yo‘ldosh ham to‘liq ishlab, ona va bola o‘rtasidagi aloqani ta’minlaydi hamda homilani salbiy tashqi omillardan himoya qiladi. Homiladorlikning taxminan o‘ninchi haftasida jinsiy belgilar sezilarli bo‘lib qoladi va tez orada bo‘lajak farzandning jinsini aniqlash imkoni paydo bo‘ladi. Ayni shu davrda eshitish tizimiga asos solinadi, kichkina quloqchalar rivojlanadi va yuz qiyofasi yanada yaqqolroq namoyon bo‘ladi.

Bo‘lajak ona nimalarni his qiladi

Homiladorlikning o‘ninchi haftasiga kelib, ayolning ahvoli ancha yaxshilanadi. Ko‘pgina yoqimsiz alomatlar yo‘qolib, kayfiyati ko‘tariladi. Lekin ayrim bezovtaliklar saqlanib qolishi mumkin.

Toksikoz. Odatda bu vaqtga kelib ayolda ko‘ngil aynishi to‘xtaydi, toksikozning boshqa noxush alomatlari ham yo‘qoladi. Biroq ba’zi bo‘lajak onalar hanuz ko‘ngil aynishi va muntazam qusishdan aziyat chekishda davom etadi. Bunday holda dori-darmonlar bilan davolash, hatto shifoxonaga yotqizish zarurati tug‘ilishi mumkin, chunki tez-tez qusish ona va bola uchun xavfli holat bo‘lgan suvsizlanishga olib keladi.

Holsizlik va uyquchanlik. To‘qqizinchi haftada ayolga hamroh bo‘lgan bu noxush alomatlar, odatda, bu haftada o‘tib ketadi. Rejim tiklanadi, bo‘lajak ona yana ishga layoqatli va faol holatga qaytadi. Ammo ba’zi hollarda uyqu bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelishi mumkin. Giperaktivlikdan xalos bo‘lishga o‘simlik choylari yoki shifokor buyurgan maxsus preparatlar yordam beradi.

Qorindagi noqulaylik hissi. Progesteron gormoni ko‘p ishlab chiqarilishi tufayli ichaklar motorikasi (harakatlanishi) sekinlashadi. Bu qorin dam bo‘lishi va shu sohadagi boshqa noxush sezgilarga olib kelishi mumkin. Odatda, bu holat ovqatlanish bilan bog‘liq bo‘lib, bo‘lajak ona o‘z ovqatlanishini me’yorga keltirsa, tezda o‘tib ketadi. Ammo qorindagi muntazam og‘riqlar xavotirli alomatga aylanishi ham mumkin. Bunday vaziyatda shifokorga murojaat qilish zarur.

Ta'b bilan bog‘liq o‘zgarishlar. To‘qqizinchi haftada bo‘lgani kabi, bo‘lajak ona ta’b bilan bog‘liq keskin o‘zgarishlarni sezishi mumkin. Ba’zi hollarda bo‘r yoki boshqa yeb bo‘lmaydigan narsalarga bo‘lgan intilish organizmda ma’lum bir minerallarning yetishmasligi bilan bog‘liq bo‘ladi.

Jinsiy mayllik oshishi. Progesteron darajasi asta-sekin pasaya boshlaydi va ayolda yana jinsiy yaqinlikka moyillik uyg‘onadi. Lekin bu holat ham har kimda o‘ziga xos tarzda kechadi va organizmning xususiyatlariga bog‘liq bo‘ladi.

Qon bosimining pasayishi. Ko‘p ayollar bu alomatni kuzatishganini aytishadi. Arterial qon bosimining pasayishi organizm ichida qon oqimining qayta taqsimlanishi bilan bog‘liq. Bosh og‘rig‘i paydo bo‘lishi mumkin. Ayni paytda buyraklarga yuklama ortishi, bu esa tez-tez siyishga olib kelishi mumkin.

Homiladorlikning o‘ninchi haftasidagi UTT

Homiladorlikning birinchi trimestridagi skrining tekshiruvi ona va homilada qanday o‘zgarishlar kechayotganini aniqlash imkonini beradi. Zarurat tug‘ilsa, u bilan birga boshqa tahlillar ham o‘tkaziladi. Masalan, bo‘lajak ona majburiy tartibda qon tahlilini topshirishi kerak. Boshqa mutaxassislar ko‘rigi esa aniqlangan muammolarga qarab, individual ravishda tayinlanadi.

Xavotirli alomatlar

Homiladorlikning o‘ninchi haftasida homila tushib qolish xavfi ancha kamayadi. Lekin bo‘lajak ona o‘z holatiga e’tiborli bo‘lishi va organizmidagi o‘zgarishlarni kuzatib borishi lozim. Ayrim alomatlar kuzatilganda zudlik bilan shifokorga murojaat qilish talab etiladi.

Qorindagi og‘riq. Agar noxush hissiyotlar muntazam tus olsa, shifokorga murojaat qilish uchun bu jiddiy sababdir. Odatda, qorin sohasidagi bezovtalik ichak peristaltikasi bilan bog‘liq bo‘lib, bunday noqulaylik tezda o‘tib ketadi. Ammo og‘riq kuchayib, chidab bo‘lmas darajaga yetsa yoki uzoq vaqt davom etsa, zudlik bilan mutaxassisga uchrashish zarur.

Kuchli qon ketishi. Homiladorlikning bu muddatida hech qanday noodatiy ajralmalar kuzatilmasligi lozim. Qon ketishi homila tushishi xavfini yuzaga keltiradi. Agar bo‘lajak ona qip-qizil ajralmalarni payqasa, darhol tez yordam chaqirib, shifoxonaga borishi shart.

Bo‘lajak onaning hayot tarzi

Ayol o‘z tanasida keskin o‘zgarishlar yuz berayotganini sezadi. Shu bois uning turmush tarzi ham tubdan o‘zgarishini taxmin qilish o‘rinlidir. Avvalo, ayol stresslardan, kimyoviy va zaharli moddalar bilan muloqot qilishdan saqlanishga harakat qilishi kerak. Shu bilan birga, bo‘lajak ota ham homiladorlik davriga mas’uliyat bilan yondashishi, masalan, ona oldida chekishdan voz kechishi lozim. Chunki tamaki tutunidan passiv nafas olish ayol salomatligiga ham, homila rivojlanishiga ham o‘ta salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin [1]. 

 

Ovqatlanish ratsioniga o‘zgartirishlar kiritish. Homiladorlik asoratlarsiz kechishi uchun ovqatlanish ratsionini qayta ko‘rib chiqish lozim. Xususan, bo‘lajak onaning taomnomasida meva va sabzavotlar, sekin hazm bo‘ladigan uglevodlar, hayvon oqsillari ko‘proq bo‘lishi kerak. Bunday ratsion organizmni zarur ozuqa moddalari bilan to‘yintirishga va vitaminlarga bo‘lgan qo‘shimcha ehtiyojni kamaytirishga yordam beradi. Albatta, kundalik taomnomaga bir qator vitamin-mineral qo‘shimchalarni ham kiritish zarur. Ularni tanlash bo‘lajak onaning yashash hududi, organizmining holati va boshqa ko‘plab omillarga bog‘liqdir.

Vitaminlarni to‘g‘ri tanlash. Anemiya, vazni kam bolalar tug‘ilishi va muddatdan avvalgi tug‘ruq holatlarining, shuningdek, boshqa bir qator buzilishlarning oldini olish uchun JSST homilador ayolning majburiy ovqatlanish ratsioniga foliy kislotasi, kalsiy va temir moddasini kiritishni tavsiya qiladi [2]. Preparatlarning dozasi homiladorlikning birinchi haftasida o‘tkazilgan skriningda olingan tahlillar asosida har bir ayol uchun alohida tanlanadi.

Jinsiy yaqinlik. Homiladorlikning o‘ninchi haftasiga kelib, ayolda jinsiy mayllik (libido) oshishi seziladi. Agar hech qanday to‘g‘ridan to‘g‘ri qarshi ko‘rsatmalar bo‘lmasa, shifokorlar jinsiy aloqa bilan shug‘ullanishni taqiqlamaydi. Bundan tashqari, jinsiy yaqinlik bachadonning optimal tonusini saqlab turishga yordam beradi, deb hisoblanadi [3]. Quyidagi patologiyalar jinsiy aloqa uchun bevosita qarshi ko‘rsatma hisoblanadi:

  • homila tushishi xavfi;
  • bachadon bo‘ynining qisqarishi;
  • yo‘ldoshning noto‘g‘ri joylashuvi;
  • muntazam qon ketishi;
  • ko‘p homilali homiladorlik;
  • jinsiy sherikda jinsiy yo‘l bilan yuqadigan infeksiyalar mavjudligi.

Muayyan muammolar mavjud bo‘lsa, ginekolog-shifokor barcha qarshi ko‘rsatmalar haqida xabar beradi va ayolga homiladorlik paytida jinsiy aloqa bilan shug‘ullanish mumkinligi yoki mumkin emasligini aytadi.

Jismoniy faollik. Barcha homilador ayollarga me’yoridagi jismoniy faollik tavsiya etiladi: bu lordoz, qon dimlanishi va shishlarning oldini olish uchun ajoyib usuldir. Mashqlar ayol organizmining holati va tayyorgarlik darajasiga qarab, individual tarzda tanlanadi. Professional sportchilar murabbiy va shifokorning doimiy nazorati ostida odatiy mashg‘ulotlarini davom ettirishlari mumkin. Ilgari sport bilan shug‘ullanmagan ayollarga esa sokin sur’atda sayr qilish hamda maxsus gimnastika bilan shug‘ullanish tavsiya qilinadi. Muntazam jismoniy faollikning barcha tafsilotlari haqida sizni kuzatib borayotgan shifokordan bilib olishingiz mumkin.

Xulosa

Homiladorlikning o‘ninchi haftasi o‘ziga xos bir o‘tish bosqichi hisoblanadi. Embrion to‘laqonli homilaga aylanadi va birinchi trimestrga xos xavflar kamayadi. Ammo bo‘lajak ona o‘z holatini diqqat bilan kuzatishi, imkon qadar stresslardan saqlanishi, to‘g‘ri ovqatlanishi, toza havoda ko‘proq sayr qilishi va ko‘proq harakatlanishi lozim. Faqat homiladorlikka ongli yondashish va tajribali mutaxassislar tavsiyalariga rioya qilishgina sog‘lom farzandni dunyoga keltirishga hamda homiladorlik va tug‘uruq davridagi ehtimoliy asoratlarning oldini olishga yordam beradi.

Tadqiqotlar:

[1] http://metodichka.x-pdf.ru/15meditsina/99266-1-kak-rodit-zdorovogo-rebenka-metodicheskie-rekomendacii-dlya-buduschih-roditeley-metodicheskie-rekomendacii-moskva-201.php

[2] https://apps.who.int/iris/bitstream/handle/10665/255150/9789244549919-rus.pdf;jsessionid=D201235B61254545133F9FC84B945857?sequence=1

[3] https://avidreaders.ru/read-book/beremennost-i-rody-bez-straha-i.html

Яндекс.Метрика