Barcha tibbiy tavsiyalarda homilador ayol o‘z turmush tarziga e’tiborliroq bo‘lishi kerakligi ta’kidlanadi: zararli moddalar ta’siridan saqlanish, chekish yoki hatto tamaki tutunidan nafas olishni to‘xtatish, spirtli ichimliklarni iste’mol qilmaslik lozim. Homila ayniqsa himoyasiz bo‘ladigan birinchi trimestrda bu bolaning rivojlanishi uchun juda muhim. Agar qarshi ko‘rsatmalar bo‘lmasa, turmush tarziga diqqat bilan yondashib, sog‘lom ovqatlanishga va me’yoriy jismoniy faollikka rioya qilishga harakat qilish kerak.
Ovqatlanishdagi o‘ziga xos xususiyatlar. Yu. E. Dobroxotova va Ye. I. Borovkovaning “Homiladorlik davrida ovqatlanish” nomli maqolasida [3] ta’kidlanishicha, birinchi trimestrda ratsiondagi ovqatlarning kaloriyasini oshirishga hojat yo‘q, lekin uning ozuqaviy tarkibi va foydali moddalar miqdoriga katta e’tibor qaratish lozim. “Kuniga 3-4 mahal, jumladan, bir necha porsiyadan turli sabzavotlar, mevalar, butun donli mahsulotlar, yog‘sizlantirilgan sut mahsulotlari va oqsil (go‘sht, parranda, dengiz mahsulotlari, loviya, no‘xat, tuxum, soya mahsulotlari, yong‘oqlar, urug‘lar) iste’mol qiladigan ayollar zarur miqdordagi ozuqa moddalarini oladilar”, – deb yozadi mualliflar, shuningdek, ayrim hollarda ovqatlanish ratsioniga tuzatish kiritilishi mumkinligini qo‘shimcha qiladi. Ular vazni kam yoki ortiqcha bo‘lgan, shuningdek, oshqozon-ichak trakti kasalliklariga chalingan yoxud maxsus parhezga amal qiladigan ayollar xavf guruhiga kirishini qayd etadi. Bunday ayollar shifokorning qo‘shimcha nazoratida bo‘lishi, organizmdagi yetishmovchiliklarni aniqlash uchun esa homilador bo‘lishdan oldin tahlil topshirishlari maqsadga muvofiqdir.

Vitaminlar qabul qilish. Shifokorlarning deyarli barcha maslahatlari, jumladan, homiladorlikning ijobiy tajribasini shakllantirish uchun tug‘ruqdan oldingi yordam ko‘rsatish bo‘yicha JSST tavsiyalari [1] ham vitaminlar va mineral komplekslarni qabul qilish zarurligini ta’kidlaydi. Ularning ba’zilari homilador ayollar uchun maxsus ishlab chiqilgan, ayrimlarini esa alohida qo‘llash mumkin. Quyidagilarni iste’mol qilish ayniqsa muhim:
- temir;
- foliy kislotasi;
- yod;
- kalsiy.

Jinsiy hayot. Homiladorlik davrida jinsiy aloqa bilan shug‘ullanish mumkin, agar bunga qarshi ko‘rsatmalar (masalan, jinsiy xotirjamlikni talab etuvchi homila tushishi xavfi) bo‘lmasa. Homiladorlik me’yorda kechayotgan bo‘lsa, jinsiy aloqa homilaga ziyon yetkazmaydi, biroq gormonal o‘zgarishlar sababli bo‘lajak onaning o‘zida jinsiy mayllik pasayishi mumkin. Bu normal holat, vaqt o‘tib, mayl yana tiklanadi.
Jismoniy faollik. Homiladorlik davrida, agar hammasi yaxshi kechayotgan bo‘lsa, jismoniy mashqlar taqiqlanmaydi, aksincha, me’yoridagi mashg‘ulotlar tavsiya etiladi. Agar ayol homilador bo‘lishdan oldin sport bilan shug‘ullangan bo‘lsa, o‘z holatini hisobga olgan holda va ehtiyotkorona tarzda mashg‘ulotlarni davom ettirishi mumkin. Homiladorlikkacha jismoniy faol bo‘lmaganlarga esa mashg‘ulotlarni boshlash tavsiya etilmaydi: ularga ko‘proq sayr qilish yoki basseynga yozilish ma’qulroq. Tibbiy qarshi ko‘rsatmalar va xavflar (ular haqida shifokor xabar beradi) mavjud bo‘lganda jismoniy faollik man etiladi. Haddan tashqari zo‘riqish va jiddiy jismoniy mashqlar har qanday holatda ham mumkin emas.

Sog‘lom farzandni dunyoga keltirish – har bir homilador ayolning tabiiy istagidir. Homila ayniqsa zaif bo‘ladigan birinchi trimestrda bo‘lajak ota-onadan alohida e’tiborli bo‘lish talab etiladi. To‘g‘ri ovqatlanish, vitaminlar qabul qilish, o‘z vaqtida shifokor nazoratida bo‘lish – bularning barchasi sog‘lom va barkamol farzandni dunyoga keltirish uchun zarur.
*Homiladorlikning ijobiy tajribasini shakllantirish uchun tug‘ruqdan oldingi yordam ko‘rsatish bo‘yicha JSST tavsiyalari.
**«Qanday qilib sog‘lom bolani dunyoga keltirish mumkin» (Moskva shahri Sog‘liqni saqlash departamentining bo‘lajak ota-onalar uchun metodik tavsiyalari)
***Yu. E. Dobroxotova, Ye. I. Borovkova «Homiladorlik davrida ovqatlanish»