19-haftada siz homiladorlik ekvatoriga tobora yaqinlashyapsiz. Kichkintoyingiz tobora faollashib bormoqda, siz esa uning borligini aniqroq his qilyapsiz. Bu homiladorlikning eng tinch va quvonchli davrlaridan biri, ammo sizni qanday o‘zgarishlar kutayotganini va hozir qanday qiyinchiliklarga duch kelishingiz mumkinligini bilishingiz kerak. Shu haqda gaplashamiz.
Ona bilan nimalar sodir bo‘lmoqda

19 hafta – homiladorlikning beshinchi akusherlik oyi. Yana ozgina va biz yo‘limizning yarmiga yetib boramiz. O‘ylab ko‘ring, shu vaqt ichida farzandingiz mitti hujayradan deyarli shakllangan odamchaga aylandi!
Kichkintoyingiz bilan uchrashuvni kutishning eng osoyishta vaqti davom etmoqda. Gormonal fon barqarorlashdi, kayfiyat o‘zgarishlari yo‘qoldi. Qorinchasi hali kichik bo‘lib, harakatlanishga va odatiy hayot tarzini olib borishga xalaqit bermaydi.
Bo‘lajak onaning vazni o‘rtacha 5-6 kg ga oshdi. Albatta, kimdir biroz ko‘proq, kimdir biroz kamroq to‘playdi, hammasi juda individual.
Qorningizning kattalashishi hisobiga belingizning egilishi ko‘paydi va og‘irlik qorin old devoriga biroz ko‘chdi. Umurtqa pog‘onasining bel qismiga tushadigan yukni kamaytirish uchun past poshnali poyabzal kiyishga harakat qiling. Bachadoningiz hozir, taxminan, kindik darajasida yoki undan biroz yuqorida, shuning uchun bel tekislanadi va tug‘ruqdan keyin sizga qaytadi.
Ehtimol, chalqancha yotish noqulayligini seza boshlagandirsiz. Buning sababi shundaki, homilador bachadon qorin aortasi deb ataladigan yirik tomirga bosim o‘tkazadi, shu sababli u biroz siqiladi va tananing pastki qismining qon bilan ta’minlanishi yomonlashadi.
Yonboshlab yotishga harakat qiling. Ammo chalqancha yotganingizda uyg‘onsangiz, xavotir olmang va o‘zingizni nazorat qilishga urinmang. Demak, bosim hozircha unchalik katta emas va sizga qulay.
Shuningdek, ko‘proq terlay boshlaganingizni payqay boshlagan bo‘lishingiz mumkin, hatto boshqalar muzlayotgan joyda ham doimo isib ketasiz. Bu mutlaqo normal holat. Tanangiz harorati biroz yuqoriroq, chunki ichingizda 24 soat davomida shaxsiy "isitgich"ingiz ishlaydi. Balki hozir biroz yengilroq kiyinishga qurbingiz yetar. Qizib ketmaslikka harakat qiling. Issiq kunlarda tez-tez dush qabul qiling.
Bu muddatga kelib, chaqaloq mushaklaridan foydalanishni o‘rganib olgan va a’lo darajada harakatlanadi. Siz harakatlarni tez-tez, deyarli kun bo‘yi his qila boshlaysiz, bu, albatta, juda ijobiy his-tuyg‘ularni uyg‘otadi. Har bir kundan zavqlaning!
Bola bilan nimalar sodir bo‘lmoqda
O‘n to‘qqizinchi haftada chaqalog‘ingizning bo‘yi taxminan 23 santimetrga yetdi. Uning og‘irligi 22-25 gramm, kattaligi esa kichik qovoqchaga teng. Kichkintoy onasining qornida o‘zini juda yaxshi his qiladi. Mushaklarini mashq qildirish uchun joy yetarli, u buni mamnuniyat bilan bajaradi va qisqa uyqu tanaffuslari bilan shug‘ullanadi.
Chaqalog‘ingiz siz kabi uzoq uxlamaydi — u tez-tez, ammo qisqa muddatlarga uxlaydi. Uyg‘oq paytida esa qo‘l va oyoqchalarini faol harakatlantiradi, ag‘dariladi, kindik ichagidan ushlaydi va amniotik suyuqlik ichida turli harakatlar, ag‘dariladi.
Homilaning oshqozon-ichak trakti, yuragi va qon aylanish tizimi allaqachon yaxshi ishlayapti. O‘pka rivojlanishda davom etadi. Bosh terisida birinchi tuklar o‘sib chiqadi, qo‘l va oyoq barmoqlarida o‘ziga xos papillyar naqsh hosil bo‘ladi. Homiladorlikning 19-haftasining o‘ziga xos xususiyati shundaki, chaqaloqning bosh miyasida beshta asosiy sezgi: ta’m bilish, hid bilish, sezish, eshitish va ko‘rish uchun mas’ul bo‘lgan qism shakllana boshlaydi.
Bu davrda chaqaloqning terisi hali ham qizil bo‘ladi, chunki teri osti yog‘ qatlami hali shakllana boshlamagan va teri orqali tomirlar hali ham ko‘rinib turadi. Shuningdek, teri osti yog‘ qavati bo‘lmagani uchun teri burishgan bo‘ladi. Yog‘ biroz kechroq shakllana boshlaydi.
Homila rivojlanishining 19-haftasida buyraklar u bilan birga o‘sishda davom etadi. Har hafta ularga tushadigan funksional yuklama ortib boradi. Ular allaqachon siydik ishlab chiqaradi qog‘onoq suvlariga tushadi. Kichkintoyingiz esa bu davrga kelib esnashni va tabassum qilishni ham o‘rganadi.
Tibbiy nazorat, tahlillar va ultratovush tekshiruvi (UTT)

Homiladorlikning 19-haftasida shifokoringiz sizga homilaning ultratovush tekshiruviga yo‘llanma beradi. Bu ikkinchi skrining bo‘lib, homiladorlikning 19-20 haftasida o‘tkaziladi. Bu haqda batafsil gaplashamiz.
Shuningdek, 19 haftada, agar shifokorga tashrif buyurgan bo‘lsangiz, ko‘rikdan bir kun oldin umumiy siydik tahlilini topshirishingiz kerak. Siydik olish qoidalari haqida biz homiladorlikning 18 haftasi haqidagi maqolada gapirgan edik. Homiladorlikning 20-haftasiga kelib, shifokor gemoglobin darajasini nazorat qilish va organizmda yallig‘lanish mavjudligini istisno qilish uchun sizga umumiy qon tahlilini tayinlaydi.
Rezus manfiy qon guruhiga ega homilador ayollar rezus-konfliktning oldini olish maqsadida oyiga bir marta antirezus antitanachalariga qon tahlilini topshiradilar.
Qin ajralmalari
Homiladorlik muddati qancha uzoq bo‘lsa, ayol organizmida shuncha ko‘p o‘zgarishlar sodir bo‘ladi. Qin va tashqi jinsiy a’zolarning shilliq pardasi ham bundan istisno emas. Estrogen gormonining yuqori darajasi fonida u homiladorlikning o‘rtalariga kelib yumshoq bo‘lib qoladi, shilliq qavat qalinligi va burmalanishi ortadi, yangi kollagen tolalari kuchli sintezlanadi. Bu qin shilliq qavatining tug‘ruq paytida yaxshi cho‘zilishi uchun zarurdir.
Bu o‘zgarishlar fonida ajralmalar miqdori oshadi. Ular hali ham yengil nordon hidga ega yoki umuman hid bermaydi. Ajralmalar oqish, lekin to‘q sariq tusda ham bo‘lishi mumkin. Eng muhimi, hatto hajmi kattalashganda ham ular qichishish, achishish, ta’sirlanish va hokazolarni keltirib chiqarmasligi kerak. Bu sezgilar paydo bo‘lganda shifokorga murojaat qilish kerak.
Homiladorlikdagi qiyinchiliklar
Servikal yetishmovchilik va bachadon bo‘yni patologiyasi
Homiladorlik davrida bachadon bo‘ynining ahamiyatini ortiqcha baholab bo‘lmaydi. U bachadon ichida yo‘ldoshni, qog‘onoq suvlari va chaqaloqni ushlab turishga yordam beradi. Shuningdek, u urug‘lanish jarayonida ishtirok etadi hamda bo‘lajak farzandni turli infeksiyalardan himoya qiladi.
Butun homiladorlik davomida shifokor bachadon bo‘ynining holatini sinchkovlik bilan kuzatib boradi. Yallig‘lanish va infeksiyalarni aniqlash uchun surtmalar olinadi, bachadon bo‘yni ginekologik ko‘rikda tekshiriladi. Ultratovush tekshiruvi (UTT) vaqtida esa uning uzunligi doimo o‘lchanadi.
Homiladorlik vaqtida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan va bachadon bo‘yni bilan bog‘liq bo‘lgan ikkita xavfli holatni ajratish mumkin.
Birinchisi - bachadon bo‘ynining yallig‘lanish jarayoni yoki servitsit. Servitsitni patogen yoki shartli patogen flora, viruslar yoki zamburug‘lar keltirib chiqaradi. Qinga to‘g‘ri ichakdan gigiyena buzilganda, jinsiy hayot paytida jinsiy sherigidan yoki qandaydir tibbiy muolajalar o‘tkazilganda tushishi mumkin.
Odatda, bachadon bo‘ynidagi yallig‘lanish jarayoni jinsiy yo‘llardan ajralma kelishi bilan kechadi. Bu ajralmalarning xarakteri kasallikni qaysi mikrob keltirib chiqarganiga bog‘liq bo‘ladi. Zamburug‘li infeksiyada bu suyuqliklar tvorog shaklida, sarg‘ish-yashil rangda bo‘ladi. Bakterial kasallikda – qaymoqsimon, ko‘piksimon, kulrang. Odatda bu ajralmalar noxush hid, qichishish, achishish va ta’sirlanish bilan kechadi.
Davolanishni kechiktirmang, chunki infeksiyaning bachadon bo‘shlig‘iga tarqalish xavfi yuqori bo‘ladi. Agar alomatlar paydo bo‘lsa, albatta shifokorga murojaat qiling. Xavotir olmang — o‘z vaqtida tibbiy yordamga murojaat qilinsa va tegishli davolash buyurilsa, yallig‘lanish odatda tez va asoratlarsiz o‘tib ketadi hamda ona va chaqaloqqa zarar yetkazmaydi.
Ikkinchi xavfli holat bu istmik-servikal yetishmovchilik yoki bachadon bo‘ynining kaltaligi. Me’yorda homiladorlik davrida bachadon bo‘ynining uzunligi kamida 30 millimetr bo‘ladi. Agar ultratovush tekshiruvi natijalariga ko‘ra bachadon bo‘yni uzunligi 30 mm dan kam bo‘lsa, shifokoringiz hushyor tortishi va sizni qayta tekshiruvga yuborishi mumkin.
Istmik-servikal yetishmovchilik - bachadon bo‘ynining 23 mm dan kam qisqarishidir. Bu holat bir necha sabablarga ko‘ra yuzaga kelishi mumkin. Asosiylari - infeksiyalar, haddan tashqari jismoniy zo‘riqish, ilgari bo‘yinda bo‘lgan operatsiyalar yoki jarohatlar, homilaning tug‘ma nuqsonlari, yo‘ldosh faoliyatining buzilishi, kuchli asabiy-hissiy kechinmalar va hokazo.
Istmik-servikal yetishmovchilikni davolash uchun akusherlik pessariysidan foydalaniladi. Bu silikondan yasalgan halqa bo‘lib, qinga o‘rnatiladi va bachadon bo‘ynini mahkamlab, uning yanada qisqarishiga yo‘l qo‘ymaydi.
Davolash usullaridan yana biri bachadon bo‘yniga chok qo‘yishdir. Bu operatsiya statsionarda, umumiy narkoz ostida qilinadi. Ya’ni ayol uxlaydi va hech narsani his qilmaydi. Bachadon bo‘yni ochilmasligi uchun maxsus yo‘g‘on ip bilan tikib qo‘yiladi. Tug‘ruqdan oldin, 38 haftada pessariy ham, chok ham olib tashlanadi. Bu muolaja mutlaqo og‘riqsiz va juda tez.
Shuningdek, istmik-servikal yetishmovchilikda homiladorlikni qo‘llab-quvvatlash uchun gormonal preparatlar va agar vaziyat talab qilsa, yallig‘lanishga qarshi davolash buyuriladi. O‘z vaqtida tashxis qo‘yilsa va davolansa, bu holat to‘liq kompensatsiyalanadi va bo‘lajak chaqaloqqa hech qanday xavf tug‘ilmaydi.
Istmik-servikal yetishmovchilik yuzaga kelganda jismoniy zo‘riqish, sport bilan shug‘ullanish, og‘ir yuk ko‘tarish, jinsiy hayot tavsiya etilmaydi. Bularning barchasi homiladorlikni saqlab qolishga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Gipertonus
Bachadon – mushakli a’zo. U har doim biroz tonusda bo‘ladi. Vaqti-vaqti bilan homilador ayol biroz noqulaylik yoki qisqa muddatli tortishish og‘riqlarini his qilishi mumkin va bu mutlaqo normal holatdir. Bu sezgilar ichakning ishlashi, siydik pufagiga bosim, bachadon boylamlarining taranglashishi, homilaning harakatlari va hokazolardan kelib chiqadi.
Gipertonus shunday holatki, bunda bachadon tartibsiz, haddan tashqari va og‘riqli tarzda qisqara boshlaydi. Shu bilan birga, agar shu paytda qo‘lni bachadonga qo‘ysangiz, u qattiq bo‘ladi va unga teginish juda noqulay bo‘ladi. Qo‘shimcha ravishda bel va dumg‘azada noxush sezgilar paydo bo‘lishi mumkin. Bu holat ancha uzoq davom etadi: yarim soatdan bir necha kungacha.
Gipertonus muddatidan oldin tug‘ruq xavfiga olib kelishi shart emas, ammo uning paydo bo‘lishi organizmning nimadir noto‘g‘ri ketayotganini bildiruvchi signalidir.
Bachadon gipertonusi homiladorlikning istalgan trimestrida yuzaga kelishi mumkin. Erta muddatlarda u ko‘pincha progesteron gormoni yetishmovchiligi bilan bog‘liq bo‘ladi. Gipertonusning yana bir sababi bachadon mushak qavatidagi o‘zgarishlar, masalan, mioma, operatsiyadan keyingi chandiq yoki endometrioz bo‘lishi mumkin. Homiladorlikning kechki muddatlarida esa yirik homila, ko‘p homilali homiladorlik yoki ko‘p suvli homiladorlik tufayli bachadon devori haddan tashqari cho‘zilishi natijasida gipertonus rivojlanishi mumkin.
Bundan tashqari, bachadon gipertonusi homiladorlikning istalgan davrida haddan tashqari jismoniy zo‘riqish yoki kuchli ruhiy hayajon tufayli ham yuzaga kelishi mumkin. Har ikkala holatda ham zudlik bilan shifokorga murojaat qilish zarur. Gipertonusning kelib chiqish sababini albatta aniqlash kerak.
Gipertonus paydo bo‘lgan paytda tinchlanish va iloji boricha yotib dam olish kerak. Tibbiy yordamga murojaat qiling.
Oyoq va tos tomirlari varikozi

Homiladorlik davrida onaning qon tomirlariga tushadigan yuklama ancha ortadi. U gormonal fonning o‘zgarishi, qon hajmi va ayol tana vaznining ortishi tufayli ortadi. Bu o‘zgarishlarning hammasi chanoq va oyoq tomirlarining varikoz kengayishiga olib kelishi mumkin.
Tomirlarning varikoz kengayishi - bu tomirlar devorining kuchli cho‘zilishi, tugunchalar va do‘ngliklar hosil qilishi hamda qayta qisqara olmaslik holatidir. Odatda, bu oyoq va oraliq sohasida teri ostida ko‘k gulchambarlar yoki venoz to‘rlar paydo bo‘lishi bilan namoyon bo‘ladi. Bu gulchambarlar og‘riqli bo‘lishi mumkin, oyoqlar tez charchaydi. Va, albatta, bularning barchasi xunuk ko‘rinadi va bo‘lajak onani xafa qiladi.
Darhol sizni tinchlantirmoqchimiz! Varikoz hammada ham va har doim ham paydo bo‘lavermaydi. Agar u sizda paydo bo‘lgan bo‘lsa, tug‘ruqdan keyin vena devorlaringiz normal holatga kelishi va tomir yulduzchalari yo‘qolishi ehtimoli yuqori.
Kompression kolgotka yoki paypoq kiyib, bu holatning oldini olish mumkin. Bu sizning tomirlaringizni qo‘llab-quvvatlaydigan va jismoniy zo‘riqish yoki uzoq yurish paytida ularning cho‘zilishiga yo‘l qo‘ymaydigan ichki kiyimdir. Bunday ichki kiyimlar mehnat faoliyati uzoq vaqt oyoqda turish bilan bog‘liq bo‘lgan onalarga juda tavsiya etiladi. Shuningdek, alomatlar paydo bo‘lganda, davolovchi shifokoringiz tomir devorini yaxshilaydigan va qo‘llab-quvvatlaydigan mahalliy dorilarni tavsiya qilishi mumkin.
Hayot tarzi

Homiladorlikning 19-haftasida organizmingiz o‘zgarishda davom etadi. Bu o‘zgarishlar qanchalik kuchli bo‘lsa, u shunchalik ko‘p e’tibor va g‘amxo‘rlikni talab qiladi. Hozir odatlarni qayta ko‘rib chiqish, o‘zingizga ko‘proq dam olish va hissiy holatingizga e’tibor qaratish uchun ajoyib vaqt. Bu sizga yordam berishi mumkin.
- To‘g‘ri ovqatlanish. Kichkintoyingiz faol o‘smoqda, demak, unga ozuqa moddalari kerak. Oqsil, kalsiy, temirga urg‘u berish kerak. Agar sizni qabziyat bezovta qilayotgan bo‘lsa, ratsioningizga ko‘proq tolalar- sabzavotlar, mevalar va butun don mahsulotlarini qo‘shing.
- Suyuqlikning yetarli miqdorda bo‘lishi. Suv muvozanatini saqlash va shish hamda qabziyat xavfini kamaytirish uchun kuniga 1,5-2 litr toza suv iching. Ratsionga homiladorlik paytida ruxsat etilgan o‘tli choylar, morslar va shakarsiz kompotlarni qo‘shish mumkin.
- Me’yoriy jismoniy faollik. Qon aylanishini yaxshilash, mushaklar tonusini saqlash va bel og‘rig‘ining oldini olish uchun iloji boricha ko‘proq harakat qiling. Buning uchun homiladorlar uchun yoga, suzish, piyoda sayr qilish mos keladi. Agar uzoq o‘tirsangiz, oyoqlaringizda qon to‘planib qolmasligi uchun biroz badantarbiya qilishga harakat qiling.
- Uyqu va dam olish. Uyqu tobora muhim ahamiyat kasb etadi. Yonboshlab uxlashga harakat qiling — bu ham siz, ham chaqalog‘ingiz uchun qulayroq bo‘ladi. Homiladorlar uchun maxsus yostiq qulay holatni topishga yordam beradi. Agar uyqusizlik bezovta qilsa, uxlashdan oldin tinchlantiruvchi odatlarni yo‘lga qo‘ying: iliq dush qabul qiling, yoqimli kitob o‘qing yoki yengil musiqa tinglang.
- Terini parvarish qilish. Qorin, ko‘krak va sonlar terisi cho‘zilishi sababli yanada sezgir bo‘lib qolishi mumkin. Cho‘zilish izlari (striyalar) paydo bo‘lishining oldini olish uchun namlantiruvchi krem yoki yog‘lardan foydalaning. Yengil massaj terining elastikligini saqlashga yordam beradi.
- Hissiy muvozanat. Bu davrda kayfiyatning o‘zgarib turishi mutlaqo normal holatdir. O‘zingizga ko‘proq yoqimli lahzalarni taqdim eting: do‘stlar bilan uchrashuvlar, sayrlar, sevimli mashg‘ulotlar. Agar xavotir his qilsangiz, yaqinlaringiz yoki shifokoringiz bilan suhbatlashing - qo‘llab-quvvatlash hozir siz uchun ayniqsa muhim.
- Kichkintoy bilan muloqot. Kichkintoy allaqachon tovushlarni eshitadi, shuning uchun u bilan muloqot qilishni boshlash vaqti keldi. Unga ovoz chiqarib o‘qish, sokin musiqa tinglash yoki shunchaki qornini erkalab silash mumkin.
Homiladorlikning 19-haftasidagi tavsiyalar
Jinsiy yaqinlik: mumkin va tavsiya etiladi! Agar shifokoringiz tomonidan bunga qarshi ko‘rsatmalar bo‘lmasa va, albatta, o‘zingiz ham bunga rozi bo‘lsangiz.
Nimalar mumkin:
- Ko‘proq ko‘katlar va sabzavotlar iste’mol qilish.
- Toza havoda sayr qilish.
- Jamoat joylari, teatrlar, kinoteatrlar va bog‘larga borish hamda faol hayot tarzini olib borish mumkin.
- Qulay va did bilan, o‘ziga yoqqan uslubda kiyinish.
- Shifokor qarshi bo‘lmasa, sayohat qilish mumkin!
- Sport bilan shug‘ullanish.
- Soch va tirnoqlarni bo‘yash.
- Massaj qilish.
- Basseynga borish.
- Kichkintoy bilan uchrashuvni quvonch bilan kutish.
Nimalar tavsiya etilmaydi:
- Fastfud, pishiriqlar va shirinliklarni tez-tez hamda har kuni ko‘p miqdorda iste’mol qilish.
- Uyda doim qolib ketish va kamharakat turmush tarzini olib borish.
- Noqulay va tor kiyim hamda poyabzal kiyish.
- Kam suv ichish.
- Bir xil ovqatlanish
- Sabzavotlarni kam iste’mol qilish.
- Shifokor kuzatuvisiz qolish.
- Xafa bo’lish!
19-haftada tug‘ruqqacha hali juda uzoqdek tuyulishi mumkin. Bu aldamchi tuyg‘ular. Vaqt tez o‘tib ketadi. O‘zingizning alohida holatingizdan, o‘z erkinligingizdan zavqlaning. Tanangizga g‘amxo‘rlik qiling va unutmang: chaqaloq allaqachon sizning mehringizni his qilmoqda..