Top.Mail.Ru

Homiladorlikning beshinchi haftasi

Submitted on: 30.01.2026
Time to read: 7 daqiqa
count 3

Homiladorlikning akusherlik hisob bo‘yicha beshinchi haftasida (yoki homila paydo bo‘lganidan so‘ng uchinchi haftada) ayolda yaqin orada ona bo‘lishiga shubha qolmaydi. Hayz ko‘rmaslik va organizmdagi sezilarli o‘zgarishlar buning dalilidir. Test natijasidagi orzu qilingan ikki chiziq esa barcha shubhalarni bartaraf etadi: bu ayolning tanasi bolaga hayot berishga tayyorgarlik ko‘rayotganini anglatadi. Ammo quvonch bilan birga ko‘plab savollar ham paydo bo‘ladi va ularning har biri aniq hamda to‘g‘ri javobni talab qiladi.

Onada qanday tashqi o‘zgarishlar ro‘y beradi

Odatda, homiladorlikning beshinchi haftasida ayolning tanasi o‘z «sirini» ochishga hali shoshilmaydi. Ayolning farzand kutayotgani tashqi ko‘rinishidan, hatto fotosuratda ham, unchalik sezilmaydi. Lekin birinchi haftalardan boshlab ayol o‘zida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ba’zi o‘zgarishlarga tayyor turish lozim.

Homiladorlikning beshinchi haftasidagi qorinning holati. Bu muddatda homila hajmi bachadon va qorin kattalashishi uchun hali juda kichik bo‘lib, shu sababli, bo‘lajak onaning gavdasi homiladorlikdan oldingi ko‘rinishini saqlab qoladi. Ammo homiladorlikning boshlanishi va davom etishi uchun javob beradigan progesteron qorinning biroz do‘mpayishiga sabab bo‘lishi mumkin. Chunki bu gormon ichak peristaltikasini sekinlashtiradi, natijada unda gazlar to‘planadi. Ammo ovqatlanish ratsioniga ozgina o‘zgartirish kiritish, undan meteorizmni keltirib chiqaradigan mahsulotlarni olib tashlash orqali ichak faoliyatini tezda me’yoriga qaytarish mumkin.

Homiladorlikning beshinchi haftasida ko‘krakdagi o‘zgarishlar. Bu vaqtga kelib ayrim ayollarda sut bezlari 1-2 o‘lchamga kattalashishi mumkin. Bu beshinchi haftada kuzatiladigan yagona tashqi o‘zgarish, ammo ko‘kraklari avvalgi o‘lchamda qolgan ayollar ham organizmining allaqachon bolani emizishga tayyorlanayotganini ko‘rsatuvchi ba’zi o‘zgarishlarni sezadilar. Bular sut bezlari sezuvchanligining oshishi, areolalarning kattalashishi va rangi to‘qlashishi, so‘rg‘ichlarning qattiqlanishidir.

Homila bilan nima sodir bo‘ladi

Homiladorlikning beshinchi haftasi bola miyasining eng tez rivojlanadigan davri bo‘lib, bu vaqtda miya faqat kattalashibgina qolmay, balki uch funksional bo‘limga ajraladi. Keyinchalik bu bo‘limlar butun organizmning ishini boshqaradi, bolaning reaksiyalari uchun javob beradi va boshqa vazifalarni bajaradi. Bu davrda homilaning qon aylanish tizimi yaxshi shakllangan bo‘ladi, shunchalik yaxshiki, yo‘ldosh orqali o‘tgan har qanday zararli moddalar qon bilan bolaning butun tanasiga tarqalib, rivojlanishdagi nuqsonlarni keltirib chiqarishi mumkin. Aynan shu sababli bo‘lajak ona o‘ziga alohida e’tibor qaratishi va barcha salbiy omillar ta’sirini istisno qilishi lozim – alkogol va nikotindan tortib stress va o‘ta toliqish holatlarigacha. Bundan tashqari, beshinchi haftada ichak, asab tizimi va siydik chiqarish tizimi, qalqonsimon bez shakllanadi, homilada oyoq-qo‘llar rivojlana boshlaydi. Shu paytgacha deyarli chig‘anoq shaklida o‘ralgan embrion esa asta-sekin to‘g‘rilanib boradi.

Ona nimalarni his qiladi

Homiladorlikning bu davrida bo‘lajak ona boshdan kechiradigan noxush sezgilar uning xavotirini oshirishi mumkin. Ammo ularning eng g‘alatilari ham homiladorlikka xos holat bo‘lishi mumkin. Agar kun tartibi va ovqatlanish ratsioniga ba’zi o‘zgartirishlar kiritilsa, bunday sezgilar chaqaloq tug‘ilishini intizorlik bilan kutishdan zavqlanishga xalal bermaydi.

Erta toksikoz. Homiladorlik paytida organizmning qayta qurilishi barcha a’zolarga, jumladan ovqat hazm qilish va asab tizimiga ta’sir ko‘rsatadi. Shu sababli bo‘lajak ona vaqti-vaqti bilan ko‘ngil aynishi va/yoki qusish holatlarini boshdan kechiradi. Odatda, bunday holatlar kuniga 4 martadan oshmasligi lozim. Agar ko‘ngil aynishi va qusish tez-tez takrorlanib, ayolning me’yoriy ovqatlanishiga xalaqit bersa, bu haqda ginekolog shifokorga xabar berish kerak. Bu juda muhim, chunki kuchli toksikoz tufayli homilador ayolning organizmi muhim moddalar va suyuqlikni yo‘qotishi mumkin, tez-tez ko‘ngil aynishi esa bu yo‘qotishlarni qoplashga to‘sqinlik qiladi.

Tez charchash. Homiladorlik paytida bo‘lajak ona nafaqat o‘zi, balki qornidagi o‘sayotgan bola uchun ham energiya sarflaydi. Homilaning energiyaga bo‘lgan ehtiyoji esa yetarli darajada yuqori: bola har soniya va daqiqada o‘sib, rivojlanib boradi, buning uchun ko‘p resurslar kerak bo‘ladi. Homilador ayolning ko‘pincha uyqu bosishi va dam olish istagi paydo bo‘lishi ajablanarli emas.

Peshob tez-tez kelishi. Bachadon hajmi ozgina kattalashgan bo‘lsa-da, u siydik pufagiga bosim o‘tkazadi. Shu sababli, homilador ayol tez-tez peshobga chiqish ehtiyojini sezadi.

Qorin dam bo‘lishi va qabziyat. Peristaltikaning sekinlashuvi progesteron faoliyatining natijasi va ichaklarda gazlar to‘planishi va ich qotishining asosiy sababidir. Ammo homilador ayolning toksikozi kuchli bo‘lsa, ichak bo‘shashining kechikishi och qolish tufayli yuzaga keladigan ich qotishi holati bo‘lishi mumkin.

Kayfiyatning tez-tez o‘zgarib turishi. Homiladorlikning to‘g‘ri kechishida gormonlar juda muhim rol o‘ynaydi. Lekin aynan ular kayfiyatning g‘alati tarzda o‘zgarishlarini keltirib chiqaradi. Qisqa vaqt ichida ayol bir necha bor butun «shkala» bo‘ylab – tushkunlikka tushgan va hatto bo‘shashgan holatdan cheksiz quvonch va shodlik hissigacha o‘tishi mumkin.

Ta'b bilan bog‘liq o‘zgarishlar. Homilador ayolning organizmi juda sezgir bo‘lib, rivojlanayotgan bola bilan hamohang ishlaydi. Ovqatlanish ratsioniga keskin o‘zgarishlar kiritish tavsiya etilmaydi, biroq tanangiz signallariga quloq tutish zarur. Agar to‘satdan zararli bo‘lmagan g‘ayrioddiy mahsulotni iste’mol qilishni xohlab qolsangiz, o‘zingiz va bolangiz uchun bunday imkoniyatni rad etmang.

Qorindagi spazm holati. Bunday sezgi ovqat hazm qilishning buzilishi yoki homilaning bachadon devoriga yopishishi natijasida yuzaga kelishi mumkin.

Homiladorlikning beshinchi haftasida ultratovush tekshiruvi

Bu muddatda ultratovush tekshiruvi kamdan-kam hollarda tayinlanadi. Homila hajmi atigi 1-3 mm ni tashkil etadi, ya’ni UTT yordamida uning o‘sishi va shakllanishidagi biror o‘ziga xoslik, jumladan, rivojlanish nuqsonlarini baholash uchun juda kichik.
 

Beshinchi haftada ultratovush tekshiruvi yordamida:
 

  • homiladorlik boshlanganini tasdiqlash;
  • homilaning joylashuvini belgilash (bachadon ichida yoki tashqarisida);

OXG ko‘rsatkichlari bilan birgalikda homiladorlikning (ultratovush belgilari hozirgi muddatga mos kelish-kelmasligiga qarab) rivojlanayotgani yoki to‘xtab qolganligini tasdiqlash mumkin.

Xavotirli alomatlar

Homilador ayolning organizmi rivojlanayotgan bolaning ehtiyojlariga moslashgan holda doimiy ravishda o‘zgarib boradi. Shu sababli, ko‘plab bo‘lajak onalarning vaqti-vaqti bilan o‘zlarini yomon his qilishlari yoki boshqa noxush tuyg‘ularni sezishlari tabiiy holdir. Odatda, bular me’yoriy holatlar bo‘lsa-da, alohida e’tibor talab qiladigan bir nechta alomatlar mavjud. Bu alomatlar homilador ayolning sog‘lig‘idagi muammolar yoki homiladorlik jarayonidagi buzilishlarga ishora qilishi mumkin. Shuning uchun, shifokor bilan maslahatlashish juda muhim hisoblanadi.

Og‘riq sezish holatlari. Bo‘lajak onaga tanish bo‘lgan har qanday odatiy og‘riq, ko‘pincha ichak faoliyatidagi o‘zgarishlar yoki bachadonning kattalashishi bilan bog‘liq bo‘ladi. Bunday sezgilar odatda «qorindagi tortuvchi og‘riq» yoki «bel og‘rishi» deb ta’riflanadi. Ammo og‘riq keskin, to‘lg‘oqsimon bo‘lsa yoki ajralmalar paydo bo‘lsa, albatta shifokorga murojaat qilish lozim. Homiladorlikning birinchi trimestrida homilaning o‘z-o‘zidan tushib qolishi nisbatan tez-tez uchraydigan asorat hisoblanadi. Bu holat aksariyat hollarda qorinning pastki qismida keskin og‘riq va qon ketishi bilan namoyon bo‘ladi.

Jigarrang ajralmalar. Homiladorlikning beshinchi haftasida ayolni hayzning dastlabki soatlarida kuzatiladigan jigarrang ajralmalar tashvishga solishi mumkin. Odatda, bunday belgi homilaning bachadon devoriga yopishganini va uning ozgina shikastlanganini ko‘rsatadi. Tabiiy holda bu ajralmalar kam miqdorda, dog‘simon, hidsiz bo‘ladi, hajmi ortmaydi, homilador ayolning ahvoli esa shikoyatlarga sabab bo‘lmaydi. Agar ajralmalar ko‘paysa, ularda qon izlari paydo bo‘lsa yoki tana harorati ko‘tarilsa, shifokor bilan bog‘lanish lozim.

Qon. Bu, ehtimol, eng noxush alomatlardan biridir, chunki aksariyat hollarda u allaqachon muammo yuzaga kelganligidan dalolat beradi. Beshinchi haftada qonli ajralmalar paydo bo‘lishining ehtimoliy sabablari ro‘yxatiga quyidagilar kiradi:

  • bachadondan tashqari homiladorlik;
  • homila tushishi;
  • qin devorlarining jarohat olishi;
  • homiladorlikdan oldin mavjud bo‘lgan kasallik va holatlar (jinsiy yo‘l orqali yuqadigan kasalliklar, bachadonning o‘sma kasalliklari va hokazo).

Bo‘lajak onaning hayot tarzi

Keyingi bir necha oy mobaynida homilador ayol nafaqat bola, balki o‘zi haqida ham qayg‘urishi lozim. Chunki bo‘lajak ona sog‘lom va baquvvat farzand dunyoga kelishi uchun sharoit yaratishi hamda o‘z salomatligini asrashi kerak. Shu bois, hayotining ayrim jihatlarini qayta ko‘rib chiqishi maqsadga muvofiq..

Ovqatlanishdagi o‘ziga xos xususiyatlar. Homilador ayolning ovqatlanishini alohida e’tibor va ko‘p vaqt hamda mablag‘ talab qiladigan jarayon deb o‘ylaydiganlar uchun yaxshi xabar bor. Aslida, bunday ovqatlanish tartibi oddiy sog‘lom ovqatlanishdan deyarli farq qilmaydi. Ratsionda qovurilgan, dudlangan, achchiq taomlar, spirtli ichimliklarni cheklash, shuningdek, shirinlik va pishiriqlar iste’molini imkon qadar kamaytirish lozim. Buning o‘rniga iloji boricha ko‘proq yangi sabzavotlar, mevalar, rezavorlar va ko‘katlar, yog‘siz go‘sht va baliq, qatiq mahsulotlari, butun dondan tayyorlangan bo‘tqalar va parhezbop non mahsulotlarini iste’mol qilish zarur. Ovqatni tayyorlashda dimlash, qaynatish va bug‘da pishirish usullaridan foydalanish tavsiya etiladi.

Vitaminlar qabul qilish. Homilani saqlab qolish va bolaning to‘g‘ri rivojlanishi uchun zarur bo‘lgan vitaminlar va mineral moddalarni homila paydo bo‘lishidan oldin qabul qilish maqsadga muvofiq. Shunda organizm homiladorlikka maksimal tarzda to‘liq tayyorlanadi. Ammo homiladorlik boshlangandan keyin ham vitamin va minerallar juda muhim ahamiyatga ega. Aynan qaysi vitamin va minerallarni qabul qilish kerakligini homiladorlikni olib boruvchi shifokor tavsiya etadi.

Jinsiy hayot. Homiladorlik me’yorida kechayotgan bo‘lsa, jinsiy aloqalarga hech qanday cheklov yo‘q. Albatta, buning uchun homilador ayol o‘zini yaxshi his qilishi va unda jinsiy mayli (libido) yetarli darajada saqlanib qolgan bo‘lishi kerak. Bu masalada aniq bir me’yor mavjud emas, chunki ba’zi ayollarda hayajonlanish va gormonlar o‘zgarishi tufayli «ishtaha» vaqtincha pasaysa, boshqalarida esa, aksincha, ortadi.

Jismoniy faollik. Sog‘lom faollik ko‘p jihatdan odamning o‘zini yaxshi his qilishi, kayfiyati a’lo bo‘lishi va hatto ichki a’zolarning yaxshi ishlashiga hissa qo‘shadi. Masalan, sayr qilish yoki yengil jismoniy mehnat qabziyat paytida ichak faoliyatini me’yorlashtirishga yordam beradi. Lekin homilador ayol qorinning old devori mushaklariga zo‘riqish beradigan yoki og‘ir yuk ko‘tarish bilan bog‘liq bo‘lgan yuklamalardan o‘zini tiyishi lozim. 
Homilador ayollar uchun yoga va pilates mashg‘ulotlari, yengil badantarbiya, birinchi trimestrda piyoda yurish yoki velosiped haydash faqatgina foydali bo‘ladi. Albatta, buning uchun salomatlik holati bo‘yicha qarshi ko‘rsatmalar bo‘lmasligi lozim.

Homiladorlik endigina boshlangan bo‘lsa-da, shuncha savol va tashvishlarni yuzaga keltirmoqdami? Eng muhimi, o‘zingizga quloq solish, shifokor tavsiyalariga rioya qilish va a’lo kayfiyatni saqlab qolishdir. Ushbu «uchta omil» bola tug‘ilishigacha bo‘lgan ajoyib oylarda kutish jarayonidan zavq olishga va uning dunyoga kelishini quvonch bilan kutib olishingizga yordam beradi.

* «Как родить здорового ребенка» (Методические рекомендации Департамента здравоохранения г. Москвы для будущих родителей). «Qanday qilib sog‘lom bolani dunyoga keltirish mumkin» (Moskva shahri Sog‘liqni saqlash departamentining bo‘lajak ota-onalar uchun metodik tavsiyalari).

** «Как родить здорового ребенка» (Методические рекомендации Департамента здравоохранения г. Москвы для будущих родителей). **«Qanday qilib sog‘lom bolani dunyoga keltirish mumkin» (Moskva shahri Sog‘liqni saqlash departamentining bo‘lajak ota-onalar uchun metodik tavsiyalari).

Яндекс.Метрика