
Homilador ayollarning umumiy holati, odatda, birinchi trimestrga nisbatan sezilarli darajada o‘zgarmaydi.
Bu muddatga kelib, homila harakatlarini allaqachon aniq his qilasiz. Chaqaloqlar ona qornida ko‘proq tungi hayot tarzini kechiradilar. Ular tunda faolroq bo‘ladilar, kunduzi esa ko‘proq uxlash uchun tanaffus qiladilar. Kechasi chaqaloq homila atrofidagi suvlarida mushaklarini faol mashq qiladi, suzadi, ag‘dariladi. Qo‘l va oyoqlarini cho‘zadi. Bunday «akrobatik mashqlar» ko‘pincha bo‘lajak onaning uyqusiga xalaqit beradi. Bu muddatda homila harakatlanganda og‘riq sezmaysiz, chunki uning mushaklari hali yetarlicha kuchli emas.
Vazningiz ortishda davom etadi. Haftasiga 300–400 g vazn qo‘shilishi me’yor hisoblanadi. Vazn ortishini nazorat qilib borishga harakat qiling.
Bu muddatga kelib, bachadoningiz taxminan kindikdan 2 sm yuqorida joylashadi. Bachadon oshqozonga bosim bera boshlagani sababli, odatdagi porsiyangizni yeganingizdan so‘ng og‘irlik va ortiqcha ovqat yegandek hissiyot paydo bo‘lishi mumkin. Oshqozon uchun bo‘sh joy asta-sekin kamayib boradi. Shuning uchun porsiya hajmini qayta ko‘rib chiqishingiz ma’qul.
Tana va yuz terisida pigment dog‘lari paydo bo‘lishi mumkin. Bu estrogen gormoni darajasining yuqoriligi bilan bog‘liq. Hozircha ulardan xalos bo‘lishning imkoni yo‘q. Teringizni to‘g‘ridan-to‘g‘ri quyosh nurlaridan himoya qilishga va SPF himoyali kremlardan foydalanishga harakat qiling.
Homiladorlikning 21-haftasida kindik unchalik chuqur emasligini va biroz tekislanganini sezishingiz mumkin. Bu bachadonning o‘sishi tufayli sodir bo‘ladi. Ehtimol, homiladorlikdan keyin u ilgarigidek chuqur bo‘lmas.
Ko‘krag o‘sishdan to‘xtab, 1 dan 3 o‘lchamgacha kattalashgan. Ko‘krak uchlari va ularning atrofidagi areolalar biroz to‘qroq tusga kirgan. Ichki kiyimingiz qulay ekaniga va sut bezlarini siqib turmasligiga ishonch hosil qiling. Shuningdek, sut bezlari simmetrik emasligini va biri ikkinchisidan biroz kattaroq ekanini payqashingiz mumkin. Bu mutlaqo normal holat. Deyarli barcha ayollarda sut bezlarining o‘lchami biroz farq qiladi, shunchaki avval bu unchalik sezilmagan.
Homiladorlikning ikkinchi yarmi boshida bo‘g‘imlar va boylamlar sohasida biroz og‘riq hamda noqulaylik sezishingiz mumkin. Bu tayanch-harakat tizimiga tushadigan yuklamaning ortishi bilan bog‘liq. Sizning vazningiz va homilador bachadonning og‘irligi asta-sekin ortib boradi. Bel sohasida tortishish, kindik atrofida esa noqulaylik hissi paydo bo‘lishi mumkin. Qulay poyabzal kiyishga harakat qiling. Tongni badantarbiya yoki yengil mashqlar bilan boshlang. Bu bo‘g‘imlaringizga tushadigan yuklamani kamaytirishga yordam beradi. Qulay va keng kiyimlar kiying.

