Top.Mail.Ru

Homiladorlikning 16-haftasi

Submitted on: 28.07.2026
Time to read: 8 daqiqa
count 43

Homiladorlikning 16-haftasi ko‘p narsalar o‘zgaradigan palladir. Kichkintoyingiz kun sayin emas, soat sayin o‘sayapti va siz o‘zingizni ancha yaxshi his qila boshlagan bo‘lishingiz mumkin. Agar dastlabki haftalar toksikoz bilan kechadigan ertalabki marafonga o‘xshagan bo‘lsa, endi organizmingiz moslashib, nihoyat o‘z holatingizdan zavqlana olasiz.

Endi siz bemalol o‘zingizga g‘amxo‘rlik qilishingiz va tug‘ilajak farzandingizdagi o‘zgarishlarni kuzatishingiz mumkin. O‘zingizni yanada ishonchliroq his qilishingiz uchun esa bu muddatda nimalar sodir bo‘lishi, organizmingizda qanday o‘zgarishlar kechishi hamda o‘zingizga va bolaga qanday yordam bera olishingiz haqida so‘zlab beramiz.

Ona bilan nimalar sodir bo‘ladi

16-haftada siz o‘zingizda paydo bo‘lgan qorinchani ko‘rib, xursand bo‘lasiz. Aslida, har kimda qorinning o‘lchami turlicha bo‘ladi. Bu ko‘plab omillarga bog‘liq, qolaversa, bu borada aniq bir andazalar ham yo‘q. Barchasi homiladorlikning nechanchi ekanligiga bog‘liq. Birinchi homiladorlikda qorincha biroz kechroq paydo bo‘ladi. Uchinchisida esa ertaroq. Lekin, odatda, homiladorlarning aksariyatida 16-haftada qorin allaqachon sezilarli bo‘lib qoladi. Bel chiziqlari yo‘qola boshlaydi.

Endi garderobingizni yangilashning ayni vaqti, chunki homiladorlikkacha kiygan kiyimlaringiz «ikkingizga» torlik qila boshlaydi. Avval aytganimizdek, bu muddatda pigmentli dog‘lar yanada yaqqolroq namoyon bo‘ladi. Ayniqsa, qorinning o‘rta chizig‘ida va ko‘krak areolalarida. Xavotir olmang. Bu o‘zgarishlarning barchasi tug‘ruqdan so‘ng tez orada yo‘qoladi.

Bu muddatda qorinda uxlash xavotirli, qolaversa, noqulay ham. Shuningdek, ko‘pchilik turli maqolalarda chalqancha yotish tavsiya etilmasligini o‘qib, endi uyquda ag‘darilib ketmaslik uchun o‘zini xavotir bilan nazorat qilib yotadi. Bu esa uyqu sifatini juda buzadi, holbuki, uyqu bo‘lajak ona uchun juda muhim. Shuning uchun, avvalo, o‘zingizga qulay holatda uxlashingiz kerak. Agar uyquda bexosdan chalqancha ag‘darilib qolsangiz, tashvishlanmang. Bu bilan bolangizga zarar yetkazmaysiz.

Oyoqlaringiz orasiga, tizza sohasiga qo‘yish uchun maxsus kichik yostiqcha xarid qilishni tavsiya etamiz. Yonboshlab uxlaganingizda, u sizga yanada ko‘proq qulaylik yaratadi.

Hozir siz, ehtimol, o‘zingizdagi o‘zgarishlarni payqagandirsiz: teringiz yanada yorqin va silliq ko‘rinishi, sochlaringiz esa qalinroq va yaltiroq bo‘lib qolgan bo‘lishi mumkin. Hatto ayollar homiladorlikni hazil tariqasida o‘zlarining eng yaxshi “kosmetologi” deb ham atashadi.
Odatda, 16-haftaga kelib ishtaha to‘liq me’yoriga qaytadi. Soatiga qarab ovqatlanish istagi yo‘qoladi va siz asta-sekin odatiy hayot tarziga qaytasiz. Haddan tashqari ko‘p yemang. Bachadon hajmi ancha kattalashib, ichaklarni ancha siqib qo‘ygani, shuningdek, homiladorlik gormoni — progesteronning yuqori darajasi uning faoliyatini sekinlashtirgani sababli oshqozoningizda og‘irlik his qilasiz.

Ichilayotgan suyuqlik miqdorini nazorat qilishni boshlashning ayni vaqti. Ratsioningizga ko‘proq o‘simlik tolalarini qo‘shish va gazlanmagan toza suv ichish foydaliroq ekanini unutmang. Bu ichaklaringiz faoliyatiga yordam beradi.

Siz asta-sekin vazn to‘plashda davom etasiz. Bu davrda vazn unchalik ko‘p ortmaydi. O‘rtacha hisobda, homiladorlikning 16-haftasiga kelib bo‘lajak ona taxminan 2,5-3 kg vazn to‘playdi. Me’yor bo‘yicha vazn ortishi haftasiga taxminan 300-400 grammni tashkil qiladi.

Homiladorlikning 16-haftasida qanday hislarni tuyishingiz mumkin

Homiladorlikning 16-haftasida tanangiz o‘zgarishda davom etayotganini va shu bilan birga yangi sezgilar paydo bo‘layotganini sezishingiz mumkin. Ularning ba’zilari quvonch baxsh etib, boshqalari balki hayratga solar, ammo bularning barchasi normal holat bo‘lib, farzandingizning o‘sishi bilan bog‘liqdir.

Qorinda nimani sezasiz. Agar tanangizga diqqat bilan quloq tutsangiz, qorinning pastki qismida yengil “pufakchalar” yoki “to‘lqinlar”ni his qilish ehtimoli bor. Bu tug‘ilajak bolaning ilk qimirlashi bo‘lishi mumkin. Ammo hozircha hech narsa sezmayotgan bo‘lsangiz ham xavotirlanmang: ko‘pchilik ayollar bolaning harakatini 18–20-haftalarga yaqin his qila boshlaydi.

Bachadon o‘sishda davom etib, tobora ko‘proq joy egallaydi. Ba’zan qorningizning pastki qismida yengil taranglik yoki tortishish hissi paydo bo‘lishi mumkin – bu bachadonni ushlab turuvchi boylamlarning cho‘zilishidir. Bunday holat «paylardagi fiziologik og‘riq» deb ataladi va odatda davolanishni talab qilmaydi. Faqat keskin harakatlar qilmaslikka harakat qiling. Sekin harakat qilishni o‘rganing, o‘z holatingizni unutmang.

Kuch-g‘ayratning ortishi. Charchash doimiy hamrohingiz bo‘lgan dastlabki oylar o‘tgach, hozir kuch-quvvatingiz ortganini sezishingiz mumkin. Ko‘pchilik ayollarning aytishicha, bu ular uchun homiladorlikning eng yaxshi trimestri bo‘lib, toksikoz allaqachon o‘tib ketgan, qorin hali hayotdan zavqlanishga xalaqit beradigan darajada kattalashmagan.

Yengil noqulaylik. Ba’zi bo‘lajak onalar beldagi og‘irlik yoki hatto yengil og‘riqdan shikoyat qila boshlaydilar. Bu umurtqa pog‘onasiga tushadigan yukning ortishi bilan bog‘liq. Orqa va to‘g‘ri qomat uchun mo‘ljallangan oddiy mashqlar yoqimsiz his-tuyg‘ulardan qochishga yordam beradi.

  • Qorningizda noqulaylik sezsangiz, dam oling va yonboshlab yotib ko‘ring. Bu yaxshi yordam beradi.
  • Bel og‘riganda uzoq vaqt tik turmaslikka harakat qiling va qulay poyabzal tanlang.
  • His-tuyg‘ularingizga e’tiborli bo‘ling: yangi hissiyotlar xavotirlanish uchun emas, quvonish uchun sababdir.

Homiladorlikning 16-haftasida tug‘ilajak bola qanday o‘zgarishlarni boshdan kechiradi

16-haftaga kelib bolangizning vazni taxminan 80 grammga yetadi. Hajmini avokado yoki nok bilan qiyoslash mumkin, bo‘yi esa (boshdan dumg‘azagacha) taxminan 110-116 mm ni tashkil qiladi.

Uni o‘rab turgan qog‘onoq suvining hajmi qariyb 250 ml ga yetgan. Bu suv homilani tashqi ta’sirlardan ishonchli himoya qiladi. Yo‘ldosh to‘liq shakllanib bo‘lgan va bolangizni faol oziqlantirmoqda.

Bu muddatda bolaning mushak tizimi faol rivojlanishda va mustahkamlanishda davom etadi. Shu sababli, yuqorida aytib o‘tganimizdek, ba’zi onalar ilk qimirlashlarni his qila boshlaydilar. Bu harakatlar hozircha juda kuchsiz bo‘lib, yengil teginishga, kapalaklar harakatiga o‘xshaydi va hokazo – har kim ularni turlicha ta’riflaydi.

Bolaning yuzi yanada shakllanib, yonoqlari va burni hosil bo‘ladi. Ular hali to‘liq sezilmasa-da, shakl-shamoyili ko‘rinib turadi. Bolaning oyoqlari cho‘zilib, qo‘llaridan uzunroq bo‘lib qoladi. Tanasi ham asta-sekin o‘sib, avvalgidek boshiga nisbatan kichkina ko‘rinmaydi.

16-haftada tug‘ilajak bolaning terisi yupqa va qizg‘ish tusda bo‘ladi. Bunga sabab, teri ostidan mayda qon tomirlarining ko‘rinib turishidir.

Boshida sochlar, yuzida esa kiprik va qoshlar paydo bo‘la boshlaydi. Bola yuz mushaklarini faol mashq qildirib, jilmayadi, aft-angorini o‘zgartiradi va qovog‘ini soladi. Bularning barchasi hozircha ongsiz ravishda sodir bo‘ladi.

Uning suyaklari mustahkamlanib, kalsiy to‘plashda davom etadi. Tish kurtaklari shakllanadi. Bolaning asab tizimi ham takomillashib boradi. Bu muddatda ushlash, so‘rish kabi reflekslar asta-sekin shakllana boshlaydi.

Bolaning quloqlari o‘z joyiga o‘rnashgan: u ona organizmidagi tovushlarni va tashqaridan eshitiladigan sadolarni ilg‘aydi.

Bolaning yurak-qon tomir tizimi ham faol ishlamoqda. Bu muddatda qorindagi bolaning yurak urishi daqiqasiga 145–150 martani tashkil etadi.

Homiladorlikning 16-haftasida UTT yordamida bolaning jinsini aniqlasa bo‘ladi, shuning uchun jinsni aniqlash marosimini («gender-pati») bemalol rejalashtirish mumkin. Qiz bolalarda klitor kichrayadi va tuxumdonlarda bo‘lg‘usi follikulalar shakllana boshlaydi. O‘g‘il bolalarda esa testosteron ishlab chiqarila boshlaydi.

Homilani ko‘tarib yurishdagi qiyinchiliklar

Homiladorlikning 16-haftasi – o‘ta muhim, ya’ni kritik davr hisoblanadi. Aynan shu haftada ko‘pincha bachadon bo‘yni qisqara boshlashi mumkin. Bu holat servikal yetishmovchilik deb ataladi.

Me’yorda bachadon bo‘ynining uzunligi 45–25 mm bo‘ladi. Uzunlik 25 mm dan past bo‘lsa, bu bachadon bo‘yni qisqarishi deb qabul qilinadi. Ammo, odatda, agar shifokor UTTda uning uzunligini 30 mm dan kam ekanligini ko‘rsa, xavotirga tusha boshlaydi va sizdan bachadon bo‘ynini tez-tez nazorat qilib turishni so‘rashi mumkin.

Bachadon bo‘ynining qisqara boshlashiga turli sabablar bo‘lishi mumkin. Bular ko‘pincha qin va bachadon bo‘yni infeksiyalari, oldingi tug‘ruqlardagi yorilishlar yoki bachadon bo‘ynida o‘tkazilgan jarrohlik amaliyotlaridan keyingi chandiqlar, homilada biror rivojlanish nuqsonlarining mavjudligi va hokazolardir.

Bu holatni tashxislash uchun servikometriya deb ataladigan UTT o‘tkaziladi. Davolash usullari ham turlicha bo‘lishi mumkin. Masalan, bachadon bo‘yniga maxsus chok qo‘yish — bu amaliyot shifoxona sharoitida umumiy narkoz ostida bajariladi va chok maxsus lavsan ip yordamida qo‘yiladi. Shuningdek, shifokoringiz bachadon bo‘yniga maxsus akusherlik pessariysini o‘rnatishni taklif qilishi mumkin. Bu silikon yoki plastmassadan yasalgan halqacha bo‘lib, u bachadon bo‘ynini qimirlamaydigan qilib ushlab, qin gumbazlariga tayanch bo‘lib turadi. Bundan tashqari, ushbu asorat aniqlansa, shifokor sizga tarkibida gestagen gormoni bo‘lgan preparat buyuradi. U ham organizmingizga homiladorlikni saqlab qolishga yordam beradi.

Ushbu asorat kuzatilganda jismoniy zo‘riqishlar, keskin harakatlar, parvozlar va jinsiy aloqadan tiyilib turish qat’iy tavsiya etiladi.

Gipertonus

Bachadon – mushakli a’zo. U doimo tonusda bo‘ladi. Siz vaqti-vaqti bilan bachadonda biroz tortuvchi og‘riqni, yengil taranglikni his qilishingiz mumkin, ayniqsa, jadal jismoniy (tez yurish, yugurish va h.k. kabi) mashqlardan so‘ng. Lekin, odatda, bu hissiyotlar sizga biron-bir noqulaylik tug‘dirmaydi va vaqtinchalik bo‘ladi.

Lekin aynan gipertonus patologik holat hisoblanadi. U bachadonning sezilarli darajada va kuchli qisqarishi bilan namoyon bo‘ladi. Agar ushbu qisqarish paytida qo‘lingizni bachadon ustiga qo‘ysangiz, uning juda qattiq va og‘riqli ekanini his qilasiz. Shuningdek, bunday xurujlar ancha kuchli og‘riqlar bilan kechadi. Bu xavfli holatdir. U homiladorlikning to‘xtab qolishiga olib kelishi mumkin.

Gipertonus rivojlanishiga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan omillar turlicha bo‘lib, ularga yuqori jismoniy zo‘riqishlar, biz yuqorida aytib o‘tgan servikal yetishmovchilik, stress holatlari va hissiy kechinmalar, jarohatlar, yiqilishlar, yuqumli kasalliklar va hokazolar kiradi.

Agar sizda bunday holat kuzatilsa, bu haqda darhol davolovchi shifokoringizga xabar berishingiz yoki tez yordam chaqirishingiz zarur. Bu holatni davolash uchun gestagen gormoni, magniy eritmasi bilan tomchilatib yuboriladigan dori va boshqalardan foydalaniladi. Ko‘pincha davolash choralari samarali bo‘lib, gipertonus o‘tib ketadi.

Arterial gipertenziya

Homiladorlik paytida arterial gipertenziyaning paydo bo‘lishi yoki kuchayishi — juda xavfli holat. Arterial gipertenziya — bu qon bosimining muntazam ravishda 120/80 mm simob ustunidan yuqori bo‘lishi va o‘z-o‘zidan, ya’ni dori-darmonlarsiz tushmaydigan holatdir.

Bu ayolda homiladorlikdan oldin ham mavjud bo‘lgan gipertoniyami yoki homiladorlik paytida ilk bor yuzaga kelgan gipertoniyami — buni aniqlash muhim.

Agar homilador ayol avval kardiolog nazoratida bo‘lgan va qon bosimiga qarshi dori ichgan bo‘lsa, homiladorlik paytida qon bosimi oshganda, avvalgi preparatni bosim ko‘tarilishini to‘xtatadigan boshqa doriga almashtirish zarur.

Arterial qon bosimi aynan homiladorlik ta’sirida ko‘tarila boshlasa, bu holat gestatsion arterial gipertenziya deb ataladi. U, odatda, homiladorlikning 20-haftasidan so‘ng rivojlanadi va aksariyat hollarda tug‘ruqdan keyin 42 kun ichida o‘tib ketadi. Kasallikning bir necha og‘irlik darajasi mavjud. U buyraklar faoliyatining buzilishi va siydikda oqsil paydo bo‘lishi, bosh og‘rig‘i, hushdan ketish, burundan qon ketishi, shishlar paydo bo‘lishi va hokazolar bilan kechishi mumkin.

Agar shifokor qabulda qon bosimingiz ko‘tarilganini aniqlasa, u sizdan qon bosimi kundaligini yuritishni va kun davomida uni uch marta o‘lchab, natijalarni kundalikka yozib borishingizni so‘raydi. Dinamikani kuzatib borish uchun bu kundalikni har bir qabulga olib kelish zarur. Shuningdek, shifokor sizga kardiolog ko‘rigi, oqsil miqdorini aniqlash uchun sutkalik siydik tahlili, EKG kabi qo‘shimcha tekshiruvlar tayinlaydi.

Qon bosimi yuqori bo‘lgan homilador ayollarga tuzni cheklagan holda parhez qilish, ichimlik rejimiga qat’iy rioya etish, toza havoda ko‘proq sayr qilish va dim xonalarda bo‘lmaslik tavsiya etiladi. Ular uchun kun tartibiga amal qilish va to‘yib uxlash muhim ahamiyatga ega. Bundan tashqari, shifokor qon bosimini nazorat qiluvchi dorilar, magniy, kaliy va boshqa preparatlarni buyuradi. Qon bosimi 130/90 dan oshgan taqdirda zudlik bilan tez yordam chaqirish lozim.

Homiladorlik davridagi kamqonlik (anemiya)

Homiladorlik paytida juda ko‘p bo‘lajak onalar kamqonlik holatiga duch keladi. Bu qondagi gemoglobin darajasi 110 g/l dan pasayib ketadigan holatdir.

Gemoglobin — temir va oqsil birikmasi. Qizil qon tanachalari aynan shundan tarkib topgan bo‘lib, ular kislorod, karbonat angidrid, vitaminlar, ozuqa moddalari va hokazolarni tashiydi.

Odatda, gemoglobin darajasi ona organizmida temir va oqsil miqdorining kamayishi hamda aylanib yuruvchi qon hajmining ortishi sababli tushib ketadi. Bu holatning xavfliligi shundaki, tug‘ilajak bola kislorod va ozuqa moddalarini kamroq oladi, chunki bolaga ularni yetkazib beradigan vosita yetishmaydi.

Bu holat gemoglobin darajasini ko‘rsatuvchi umumiy qon tahlili asosida tashxislanadi. Anemiyaning bir nechta og‘irlik darajasi mavjud. 110-90 g/l — yengil anemiya; 90-70 g/l — o‘rta darajadagi anemiya; 70 g/l dan kam — og‘ir anemiya.

Anemiyani davolash qiyin emas. Ginekolog sizga temir preparatlarini buyuradi va siz ularni, katta ehtimol bilan, homiladorlik oxirigacha qabul qilasiz. Shuningdek, shifokor oqsilga boy parhezni tavsiya qiladi. Ovqatlanish ratsioningizga ko‘proq buzoq go‘shti, kurka, tuxum, tvorog, pishloq kabi mahsulotlarni kiriting — aynan ular oqsilga boydir. Ko‘proq harakatlaning va toza havoda sayr qiling. Bu kislorod yetishmovchiligining oldini olishga yordam beradi. Yaxshi shamollatiladigan xonada uxlashga harakat qiling.

Tibbiy kuzatuv

Homiladorlikning 16-haftasida shifokor sizni “servikometriya” deb ataluvchi UTTga yuborishi mumkin. Ushbu tekshiruv davomida shifokor bachadon bo‘yni uzunligini o‘lchaydi, chunki aynan shu muddatda istmik-servikal yetishmovchilik kabi jiddiy holat rivojlanish xavfi mavjud. Bu haqda quyida batafsil to‘xtalamiz.

Demak, homiladorlikning 16-haftasida siz umumiy siydik tahlili va umumiy qon tahlilini topshirishingiz lozim. Qon rezusi manfiy bo‘lgan ayollar esa antirezus antitanachalarni aniqlash uchun qon topshiradilar – shu yo‘l bilan shifokor ularning paydo bo‘lgani yoki yo‘qligini nazorat qilib boradi.

Homiladorlikning 16-haftasida o‘zingiz biriktirilgan poliklinikadagi akusher-ginekologga borasiz. U qon bosimingizni o‘lchaydi, vazn qo‘shishni hisoblaydi. Bachadon tubi balandligi va qorin aylanasini o‘lchaydi. Shuningdek, zarurat tug‘ilganda, shifokor tavsiyalarni o‘zgartirib turadi.

Shifokor bilan uchrashuvda keyingi UTT sanasini muhokama qiling. U 20 haftalik muddatda bajariladi. Bandaj taqish zarurligi va uning turlari to‘g‘risida maslahatlashing. Umurtqa pog‘onasining bel qismiga tushadigan yuk muddat o‘tishi bilan ortib boradi.

Vaginal ajralmalar ham biroz ko‘payishi mumkin. Homiladorlikning 20 haftaligida shifokor qindan nazorat surtmasini oladi. Agar sizni bu muddatda ajralmalarning ko‘pligi va quyuq-suyuqligi yoki qichishish bezovta qilsa, albatta bu haqda shifokoringizga xabar bering.

Varikozni davolash

 Siqib turuvchi paypoq, kolgotka va golflar tavsiya etiladi. Ular qon tomirlarini me’yorda ushlab turishga yordam beradi va tomirning yanada kengayishiga yo‘l qo‘ymaydi. Varikozda bunday maxsus kiyimlarni kun bo‘yi – uyqudan uyg‘onganingizdan to kechqurun uxlaguningizgacha kiyish tavsiya etiladi.

Oyoq kiyimni to‘g‘ri tanlash. Varikozda platformali, ingichka va baland poshnali poyabzallardan voz kechish kerak. Bunday turdagi buyumlar oyoq mushaklariga ortiqcha yuklama beradi, tomirlarda qonning tabiiy aylanishiga to‘sqinlik qiladi va tez charchashga olib keladi. Varikoz holatida kiyiladigan poyabzal qulay va mustahkam bo‘lishi kerak. Balandligi 4 sm gacha bo‘lgan kichik poshnali oyoq kiyimga ruxsat etiladi.

Mo‘tadil darajadagi jismoniy mashqlar. Homiladorlik davridagi varikoz qon dimlanishi bilan birga kechadi, shuning uchun jismoniy mashqlarning asosiy maqsadi venoz dimlanishga qarshi kurashish va qon aylanishini me’yorda saqlashdir. Bu borada suzish, piyoda yurish va davolovchi shifokor tanlab beradigan maxsus mashqlar to‘plami yaxshi samara beradi.

Varikozni parhez yordamida davolash. Homiladorlik paytida C, E, PP, B1 vitaminlariga hamda kaliy, magniy, marganes kabi minerallarga boy mahsulotlar vena devorlarini mustahkamlashga yordam beradi. Ovqatlanish ratsioniga o‘simlik tolalariga boy oziq-ovqatlarni kiritish zarur. U varikoz paytida ayolning ahvolini yomonlashtiradigan va tomirlar kengayishiga sabab bo‘ladigan qabziyatning oldini oladi.

Shifokor ko‘rsatmasiga binoan, tomirlarni davolash uchun mahalliy ta’sirga ega dori vositalaridan foydalanish mumkin. Homiladorlik davrida tomir kasalliklari gellar, malhamlar va kremlar yordamida yaxshi davolanadi. Bunda teratogen xususiyatlarga ega bo‘lmagan va homilaning bachadon ichida rivojlanish nuqsonlarini keltirib chiqarmaydigan varikozga qarshi preparatlarga ustunlik beriladi.

Kichik chanoq tomirlari varikozi

Homiladorlik ayol organizmi uchun oson bo‘lmagan sinovdir. Homiladorlik davomida tomirlar devoriga gormonlar ta’sir ko‘rsatib, uni ancha elastik va mo‘rt qilib qo‘yadi.

Qon hajmining ortishi, bachadonning og‘irligi, ayolning homiladorlik tufayli kam harakatlanishi, shuningdek, homilador ayol uchun normal holat sanaladigan qon quyuqlashishi — bularning barchasi, albatta tomirlarga salomatlik baxsh etmaydi. Tomir devori cho‘zilib, oqibatda oyoqlar va kichik chanoq venalarining varikoz kengayishi kabi holat paydo bo‘lishi yoki mavjud bo‘lsa, og‘irlashishi mumkin.

Varikozning belgilari. Homiladorlik davrida varikoz tashqi o‘zgarishlardan boshlanadi. Avvaliga oyoqlarda qon tomir to‘rlari sezilarli bo‘lib qoladi. Oyoq venalari teri ostidan yaqqol ko‘rinib, ko‘kimtir, sarg‘ish yoki yashil rangga kiradi. Yengil darajada varikoz faqat qon tomir “yulduzchalari” paydo bo‘lishi bilan cheklanadi. Homiladorlikda vena patologiyasining og‘ir shakllari teri qatlamlarining o‘zgarishi bilan birga kechadi: teri qizaradi, zichlashadi va og‘riqli bo‘lib qoladi. Bu – homiladorlikdagi varikozni murakkablashtiruvchi vena yallig‘lanishining belgilaridir.

Bu holat oyoqlarning shishishi, oyoqlardagi og‘riq va tirishishlar, mashqlardan keyin oyoqlarda og‘irlik hissi, son yoki boldir terisida bitmaydigan yaralar kabi belgilar bilan kechishi mumkin. Oyoq varikozida ayol oyoqlarini yuqoriga ko‘targanda yoki sekin yurganda venadagi og‘riqlar kamayishi mumkin.

Varikoz kasalligi nafaqat oyoqlar, balki kichik chanoq venalari - jinsiy lablar va qinga ham ta’sir qilishi, varikoz kengaygan venalar oraliq sohasida ko‘rinishi va dumba sohasiga ham tarqalishi mumkin.

Kichik chanoq venalarining varikoz kengayishi alomatlari: qorinning pastki qismida noqulaylik hissi, homiladorlik davrida qorinning pastki sohasida tortuvchi og‘riq, ichak bo‘shatish vaqtidagi og‘riq, siydik chiqarish paytidagi achishish, siydik chiqargandan so‘ng vulva sohasida qichishish, jinsiy yaqinlik paytida noqulaylik.

Kichik chanoq venalarining varikoz kengayishi tashxisini qo‘yish uchun vizual tekshiruvning o‘zi yetarli emas.

Xulosa

Shuni yodda tutingki, har bir ayoldagi homiladorlik o‘ziga xos bo‘lib, sizdagi hissiyotlar kitoblarda yozilgan yoki dugonalaringiz aytganlaridan farq qilishi mumkin. Eng muhimi – o‘z tanangizga va tug‘ilajak farzandingizning harakatlariga quloq solish, organizmingizga ishonish va biror savol tug‘ilsa, shifokor bilan maslahatlashishdir.

O‘zingizga dam olish, o‘zingizni va his-tuyg‘ularingizni ehtiyot qilish uchun imkon bering, yoningizda yaqinlaringizning dalda va ko‘magi bo‘lsin.

Tug‘ilajak farzandingiz ulg‘aygani sari unga bo‘lgan mehringiz ham ortib boradi. Bu hafta sizga quvonch, ishonch va keyinchalik tabassum bilan eslaydigan iliq damlarni had’ya etsin.

Яндекс.Метрика