Gormonlar
Birinchi trimestrdagi keskin gormonal o‘zgarishlar to‘xtadi. Gormonal foningiz qayta qurildi. Endi vaziyatni homiladorlik gormoni – progesteron boshqaradi, u organizmni homiladorlikka moslashtiradi.
Ayollar jinsiy gormoni – estrogen darajasi ham ortadi. Uni rivojlanayotgan yo‘ldosh va o‘sayotgan homilangizning buyrak usti bezlari tobora ko‘proq sintez qila boshlaydi.
Homiladorlik yuz berishi bilan organizmingizda odam xorionik gonadotropini (OXG) paydo bo‘ladi. Aynan shu gormon tufayli ajoyib dekolte bilan o‘zingizni ham, atrofdagilarni ham hayratga solishingiz mumkin. U sut bezlarining o‘sishi va rivojlanishini rag‘batlantiradi. Shuningdek, agar o‘g‘il farzand kutayotgan bo‘lsangiz, qoningizdagi erkaklar jinsiy gormoni – testosteron darajasi ko‘tariladi. Bunday o‘sish farzandingiz organizmida ushbu gormon sintezlanishi bilan bog‘liq. Farzandingiz tug‘ilganidan so‘ng esa gormon darajasi yana me’yoriga qaytadi.
Ishtaha va moddalar almashinuvi

Homiladorlikning 14-haftasida odatda, ishtaha asta-sekin tiklana boshlaydi. Ovqat borasidagi injiqliklar kamayib, homiladorlikning birinchi trimestri davomida sizni bezovta qilgan qorindagi noqulaylik yo‘qoladi. Ichingizda o‘sayotgan kichkintoy ozuqa moddalari va vitaminlarni talab qiladi. Shu sababli, siz muntazam ochlikni his qilib turasiz, ovqatlanishni “unutish”ning iloji bo‘lmaydi: kichkintoy bu haqda sizga albatta eslatib turadi. Bu davrda muntazam ravishda kuniga 3-4 mahal ovqatlanish juda muhim. Taomnomangiz turli-tuman bo‘lishi va tarkibida yetarli miqdorda oqsil bo‘lishi lozim. Chunki aynan shu davrda oqsil ko‘p miqdorda sarflana boshlaydi. U tug‘ilajak bolaning a’zolari va tizimlarining hamda rivojlanayotgan yo‘ldoshning o‘sishi uchun zarurdir.
Moddalar almashinuvi sezilarli darajada tezlashadi, chunki tanangiz o‘zini ham, o‘sib borayotgan homiladorlikni ham energiya bilan ta’minlashi kerak. Qon aylanish hajmi ortgani sababli, yurak va qon tomirlariga bu hajmni haydab berish uchun ko‘proq kuch sarflashga to‘g‘ri keladi.
Jigar ikki kishi uchun ishlay boshlaydi, chunki chaqaloq o‘zining fiziologik yetilmaganligi tufayli hali modda almashinuvini ta’minlay olmaydi.
Homiladorlik muddati kattalashgani sari moddalar almashinuvi mahsulotlari ko‘payib, buyraklarga tushadigan yuklama ham ortadi. Shuningdek, qog‘onoq suvining hajmi ham oshadi. Homiladorlikning 14 haftaligida uning hajmi taxminan 100 ml ni tashkil etadi. Taxminan har 3 soatda qog‘onoq suvining butun hajmi yangilanadi, ya’ni “ishlatilgan” suv chiqib ketib, o‘rniga yangisi keladi.
Shishlar va shishish sabablari
Homiladorlikning 14-haftasida shish haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas. Agar shishlar paydo bo‘lsa, bu – zudlik bilan shifokorga murojaat qilishni taqozo etadigan holatdir.
Yuzingiz va tanangizda faqat o‘zingizga sezilarli bo‘lgan juda past darajadagi shishkanlik (pastozlik) bo‘lishi mumkin. U gormonlar darajasi va umuman gormonal fonning o‘zgarishi bilan bog‘liq.
Tanangiz tuzilishi bo‘yicha biroz bo‘shashib, sellyulit miqdori ham ozroq ko‘payishi mumkin. Suv ichish tartibiga rioya qilish orqali bularning barchasining oldini olsa bo‘ladi. Kun davomida yetarli miqdorda suv ichishni unutmang. Bu taxminan tanangiz vaznining har bir kilogrammiga 30 millilitrni tashkil etadi. Xohishga ko‘ra, suvga yalpiz, laym yoki limon qo‘shib ichishingiz mumkin. Shuningdek, ko‘k choy ham ichsa bo‘ladi. Shirin ichimliklar, qahva, sut, sharbatlar, kompotlar esa suyuqlikdan ko‘ra ko‘proq yeguliklar qatoriga kiradi. Ya’ni, bir stakan sharbatni ichimlik deb emas, yengil tamaddi deb hisoblash mumkin.
Suv - universal erituvchi hisoblanadi. Shu sababli, homiladorlik davrida organizmdagi suv muvozanatini saqlash juda muhimdir.