Top.Mail.Ru

Выберите срок беременности

Homiladorlikning o‘n birinchi haftasi

Submitted on: 19.05.2026
Time to read: 7 daqiqa
count 140

Akusherlik hisobiga ko‘ra, homiladorlikning o‘n birinchi haftasi oxirgi hayz muddatining birinchi kunidan boshlab sanaladi va bu homila paydo bo‘lishidan keyingi to‘qqizinchi haftaga to‘g‘ri keladi. Bu muddatda homila jadal rivojlanadi, ya’ni, deyarli barcha a’zo va tizimlar shakllanib bo‘lgan, miya esa rivojlanayotgan, bo‘lajak suyaklar zichlashayotgan bo‘ladi. Ushbu davrda bo‘lajak onaning ovqatlanishi alohida ahamiyatga ega, chunki chaqaloq o‘sishi uchun zarur bo‘lgan hamma narsani onadan oladi.

Homiladorlikning tashqi belgilari

Bo‘lajak onaning “o‘zgacha” holati atrofdagilar uchun hali yaqqol sezilmaydi. Tashqi ko‘rinishdagi kichik o‘zgarishlar faqat ayolning o‘ziga va uning eng yaqin insonlariga ayon bo‘ladi.

Homiladorlikning o‘n birinchi haftasidagi qorinning holati. Bachadon jadal o‘sadi va chanoq suyaklari orasidagi deyarli butun bo‘shliqni egallaydi. Shuning uchun homilador ayol qorni biroz do‘ppayganini va beli bir necha santimetrga kengayganini sezishi mumkin.

Homiladorlikning o‘n birinchi haftasida ko‘krakdagi o‘zgarishlar. Ko‘kraklar og‘irlashadi va yuqori sezuvchanlik, ayniqsa, ko‘krak uchlari sohasida, saqlanib qoladi. So‘rg‘ich areolalari to‘qlashadi va ularda «Montgomeri do‘mboqchalari» paydo bo‘ladi. Gormonal o‘zgarishlar natijasida bez to‘qimasi kattalashadi, sut yo‘llari kengayadi va ona suti shakllana boshlaydi.

Og‘iz suti kelishi. Ayrim hollarda ko‘krak uchlaridan og‘iz suti ajralishi mumkin. Bu sarg‘ish, quyuq suyuqlik bo‘lib, chaqaloq uchun to‘yimli va uning ilk ozuqasi hisoblanadi. Bu davrda og‘iz suti juda oz miqdorda kelgani uchun uning tomchilari sezilmay qolishi ham mumkin. Agar og‘iz suti kiyimingizda dog‘ qoldirsa, emizikli onalar uchun mo‘ljallangan maxsus ko‘krak qistirmalaridan foydalanishingiz mumkin.

Teridagi pigmentatsiya. Homilador ayollarda teri rangining o‘zgarishi gormonal tizimdagi o‘zgarishlar bilan bog‘liq. Ko‘pincha ko‘krak so‘rg‘ichlari atrofi to‘qlashadi va qorinning pastki qismida to‘q chiziq paydo bo‘ladi. Ayolning tanasi yoki yuzida to‘q yoxud och dog‘lar paydo bo‘lishi mumkin, ammo ular vaqtinchalikdir. Tug‘uruqdan so‘ng gormonal muvozanat tiklanadi va pigmentatsiya yo‘qolib ketadi.

Homila bilan nimalar sodir bo‘ladi

Akusherlik hisob-kitobi bo‘yicha homiladorlikning o‘n birinchi haftasida homilaning bo‘yi taxminan 7 sm, vazni esa 10 grammga yaqinlashadi va u allaqachon qo‘l-oyoqlari bilan ilk harakatlarni qila oladi. Uning mushaklari jadal o‘sib, suyak tizimi shakllanadi. Ichki a’zolari to‘liq shakllanib bo‘lgan va o‘sish hamda rivojlanishda davom etayotgan bo‘lib, asta-sekin o‘z vazifalarini bajara boshlaydi.

Yurak-qon tomir tizimi. Bu muddatda u to‘liq zo‘riqish bilan ishlaydi. Yurak bir daqiqada 160 marta urib (me’yoriy ko‘rsatkich 153 tadan 177 tagacha), bir maromda ishlaydi. Qon tomirlari shakllanib bo‘lgan, ular orqali qon barcha a’zolarga yetib boradi.

Asab tizimi. Bosh miya ikkita yarimshar, miyacha va uzunchoq miyadan iborat. Tizim markaziy va periferik qismlarga bo‘lingan. Homiladorlikning o‘n birinchi haftasida miya moddasi hujayralari faol o‘sishi va neyron aloqalari o‘rnatilishi kabi holatlar yuz beradi. Reflekslar shakllana boshlaydi. Kichkintoy kindigini ushlashi va o‘z tanasiga teginishi mumkin. Tashqi ta’sirlarga nisbatan javob reaksiyasi paydo bo‘ladi.

Ovqat hazm qilish tizimi. Ichak muskullari qisqarib, peristaltikani hosil qiladi. Buyraklar siydik ishlab chiqaradi va uni har soatda amniotik suvlarga chiqarib yuboradi. Homila atrofidagi suvlar har uch soatda yangilanib, doimo steril holda saqlanadi.

Endokrin tizim. Oshqozon osti bezi insulin, qalqonsimon bez esa tireotrop gormonlarni ishlab chiqara boshlaydi. Jinsiy bezlar o‘g‘il bolalarda testosteron, qiz bolalarda esa estrogenlar ishlab chiqaradi, ammo jinsiy a’zolar hali shakllanmagan bo‘ladi.

Tashqi ko‘rinishi. Embrional rivojlanishning to‘qqizinchi haftasida homila tanasining deyarli yarmini boshi tashkil etadi, qo‘l-oyoqlari esa hali mutanosib bo‘lmaydi. Bu paytda UTT yordamida bolaning burni, og‘zi va quloq supralari shakllanayotganini ko‘rish mumkin bo‘ladi, ko‘zlari ham o‘z o‘rniga joylashadi. Ayni shu davrda ko‘z gavhari, shoh parda, rangdor parda va to‘r parda hosil bo‘ladi. Bolaning bo‘yni va yelkalari paydo bo‘lgan, qo‘l va oyoq barmoqlari esa bir-biridan ajralgan; u kundan-kunga o‘sib, tobora odamga o‘xshab boradi.

Nima qila oladi. Bu muddatda chaqaloq ba’zan uxlayotgan, ba’zan uyg‘oq holatda bo‘ladi. Qo‘lchalari bilan refleks tarzda ushlash harakatlarini bajaradi va oyoqchalari bilan bachadon devorlaridan itariladi. Amniotik suvlarni yutadi, shu tariqa u nafas olishni o‘rganadi va mimika mushaklarini mashq qildiradi.

Bo‘lajak onaning sezgilari

Akusherlik hisob-kitobi bo‘yicha homiladorlikning o‘n birinchi haftasida ona va bola o‘rtasidagi aloqa yanada mustahkamlanadi. Yo‘ldosh to‘liq quvvat bilan ishlay boshlaydi. Peshob tez-tez kelishi, ich kelishidagi muammolar saqlanib qoladi va qorinda yotish qiyinlashadi. Bachadonni ushlab turuvchi boylamlarning cho‘zilishi tufayli belda simillab og‘rish holatlari bezovta qilishi mumkin.

Yengil ko‘ngil aynishi. Birinchi trimestrning oxiri, ya’ni o‘n birinchi haftaga kelib, ko‘pchilik homiladorlarda toksikoz o‘tib ketadi, ammo ba’zi hollarda u yana bir necha hafta davom etishi mumkin.

Bosh og‘rig‘i. Gormonal fonning o‘zgarishi bosh og‘rig‘i bilan birga kechadi, bunday og‘riq ikkinchi trimestrga kelib o‘tib ketishi kerak. Yo‘ldosh to‘liq quvvat bilan ishlab, yurak-qon tomir tizimida aylanayotgan qon hajmini oshiradi. Organizmdagi kuchaygan yuklama bosh aylanishi va yengil ko‘ngil aynishiga olib kelishi mumkin.

Diqqat jamlash qobiliyatining pasayishi. Progesteron bo‘lajak onaning miyasiga tinchlantiruvchi ta’sir ko‘rsatadi. Hissiy reaksiyalar darajasining pasayishi ona va bolani stress hamda kuchli hayajonlardan himoya qiladi.

Jig‘ildon qaynashi va peristaltikaning buzilishi. Ayol organizmida progesteron ko‘p miqdorda ishlab chiqarilib, ayolning aksariyat a’zolari va tizimlariga, jumladan, ovqat hazm qilish tizimi faoliyatiga ham ta’sir ko‘rsatadi. Bu gormon jig‘ildon qaynashi, diareya, qabziyat va gazlar hosil bo‘lishining kuchayishiga sabab bo‘ladi.

Tirnoqlar va sochlarning mo‘rtlashishi. Kichkintoyning o‘sishi va rivojlanishi uchun ona organizmidan olinadigan vitaminlar, minerallar hamda mikroelementlar zarur. Kalsiy yetishmasligi ayolning tirnoqlari, sochlari va tishlari holatiga juda salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Ushbu mineral tanqisligi muammosini hal qilish uchun ovqatlanishni to‘g‘ri muvozanatlash va homiladorlar uchun mo‘ljallangan vitaminli qo‘shimchalarni qabul qilish kerak. Shifokor kerakli preparatni tanlab, uning dozasini belgilab beradi.

Homiladorlikning o‘n birinchi haftasidagi UTT

Homiladorlikning 11-haftasidan 13-haftasigacha bo‘lgan davrda birinchi kompleks tekshiruv (skrining) belgilanadi. Skrining ultratovush tekshiruvi (UTT) va qon tahlilini o‘z ichiga oladi. Tekshiruvlar natijalariga ko‘ra, shifokor bolaning umumiy holati, shuningdek, unda patologiyalar yoki genetik kasalliklar mavjudligi to‘g‘risida xulosa beradi.

Bu muddatda bo‘lajak ona o‘z farzandini ko‘rishi va uning yurak urishini eshitishi mumkin. Shifokor homilaning bachadonga birikkan joyini, dumg‘aza-tepa o‘lchami bo‘yicha homiladorlikning aniq muddatini va ma’lum markerlar asosida patologiyalarni aniqlaydi.

Xavfli belgilar

Xavfli davr deyarli yakunlandi, ammo juda jiddiy e’tibor qaratish va shifokor bilan muhokama qilish kerak bo‘lgan alomatlar ham bor.

Qorindagi og‘riq. Bu muddatda qorinning pastki qismida tortuvchi og‘riq va katta hojatga borish istagining paydo bo‘lishi homila tushishi xavfining belgisidir.

Qon ketishi. Homiladorlik davridagi har qanday ajralma — darhol shifokorga murojaat qilish uchun sabab. Bunda o‘tkir hidsiz, och rangli ajralmalar me’yor hisoblanadi. Kulrang yoki yashil rangli ajralma jinsiy yo‘llarda infeksiya borligidan, tvorogsimon oq ajralmalar esa zamburug‘li infeksiya mavjudligidan darak beradi. Jigar rang yoki qon aralash ajralmalar patologiya belgisi bo‘lishi mumkin.

Ertalabki ko‘ngil aynishi to‘xtashi. Toksikozning keskin to‘xtashi homila rivojlanmay qolganining alomati bo‘lishi mumkin. Agar bu jarayon umumiy ahvolning yomonlashishi, tana haroratining ko‘tarilishi va qonli ajralmalar kelishi bilan birga kechsa, zudlik bilan tez yordam chaqiring.

Bo‘lajak onaning turmush tarzi

Barcha homilador ayollar uchun toza havoda sayr qilish, maxsus mashqlar bajarish va ovqatlanishga to‘g‘ri yondashish shart. Oziq-ovqatlardan iloji boricha ko‘proq foydali vitamin va mikroelementlar olish hamda o‘z vaznini nazorat qilib borish muhim.

To‘g‘ri ovqatlanish. Farzandning muvaffaqiyatli rivojlanishi va ona salomatligini saqlash uchun shifokorning muvozanatli taomnomaga oid mahsulotlarni tanlash bo‘yicha tavsiyalariga amal qilish lozim. Tarkibida kalsiy va boshqa muhim mikroelementlar miqdori yuqori bo‘lgan mahsulotlarni ko‘proq iste’mol qilish kerak.

  • Kalsiy — tvorog, turshak, qattiq pishloq, funduk, karam, krevetkalar.
  • Fosfor — jigar, mol go‘shti, losos, paltus, kedr yong‘oqlari, bodom.
  • D vitamini — baliq yog‘i, suli parraklari, bug‘doy yormasi va quyoshda sayr qilish.
  • Magniy — treska jigari, grechka yormasi, ismaloq, kivi.

Vitaminli qo‘shimchalar. Homiladorlik davrida har qanday dori vositalarini faqat shifokor tavsiyasiga ko‘ra qabul qilish lozim. Odatda, JSST tavsiyasiga binoan, kamqonlikning oldini olish uchun temir moddasi va foliy kislotasi preparatlari buyuriladi. Vitamin komplekslari va qo‘shimchalarni zarurat tug‘ilganda kuzatuvchi ginekolog tayinlaydi.

Jinsiy hayot. Homiladorlik normal kechayotgan bo‘lsa, jinsiy aloqa qarshi ko‘rsatilmaydi. Chuqur kirish bo‘lgan holatlardan saqlanish lozim. Agar noxush hislar paydo bo‘lsa yoki qon aralash ajralmalar kuzatilsa, shifokoringiz bilan maslahatlashing.

Jismoniy mashqlar. Homilador ayollar uchun tos va qorin pressi mushaklarini mustahkamlash, bel sohasini bo‘shashtirish hamda umumiy mushaklar tonusini saqlashga qaratilgan mashqlar majmualari ishlab chiqilgan. Oddiy mashqlar yaxshi jismoniy holatda qolish va tug‘uruqqa tayyorgarlik ko‘rishga yordam beradi.

Homiladorlikning og‘ir davri deyarli yakunlandi. Bu muddatda toksikoz o‘tib ketadi va gormonal fon me’yorlashadi. Kichkintoyning barcha a’zo va tizimlari shakllanib bo‘lgan, u vazn yig‘a va o‘sa boshlaydi. Oldinda “oltin davr” – xotirjamlik davri kutmoqda.

Яндекс.Метрика