Akusherlik hisobi bo‘yicha homiladorlikning oltinchi haftasi aslida to‘rtinchi embrional hafta hisoblanadi. Bu homila paydo bo‘lganidan buyon taxminan 28 kun o‘tganini anglatadi. Ushbu muddatda ko‘pchilik ayollar o‘zlarining yangi holatlarini shunchaki taxmin qilish bilan cheklanmaydilar, balki homiladorlik testining ijobiy natijasi va/yoki ginekolog xulosasi ko‘rinishidagi rasmiy tasdiqlariga ega bo‘ladilar. Ammo bo‘lajak ona uchun bu yetarli emas. Unga nima qilish kerakligi, tanasida qanday o‘zgarishlar ro‘y berayotgani, bola qanday rivojlanayotgani va shu davrda yana qanday o‘zgarishlarni kutish mumkinligini bilish juda muhim.
Ayol organizmidagi o‘zgarishlar
Tashqi o‘zgarishlar. Bu muddatda qorin homiladorlikdan oldingi shaklini saqlab qoladi, shu sababli tashqi ko‘rinishda ham, suratda ham o‘zgacha holat ko‘zga tashlanmaydi. Lekin bo‘lajak ona boshqa o‘zgarishlarni sezishi mumkin. Gormonlar ta’sirida terida pigment miqdori ko‘payadi. Giperpigmentatsiyaga moyil ayollarda sepkillar yoki pigmentli dog‘lar paydo bo‘lishi, qorinning o‘rta qismida to‘qroq rangli chiziq hosil bo‘lishi, so‘rg‘ichlar va areolalar sezilarli darajada qorayib, qattiqlashishi mumkin. Ko‘pchilik ayollar o‘zida terining yorqinlashishi, sochlarining esa ipakdek mayin bo‘lib qolishi kabi yoqimli holatlarni payqab, hayron bo‘lishadi.
Bachadonning kattalashishi. Bola o‘sib bormoqda, shu bilan birga bachadon ham kengaymoqda. Oltinchi haftada homilaning kattaligi yirik olxo‘ri hajmigacha yetadi, ammo bu hali tana shakliga ta’sir ko‘rsatmaydi. Agar ayol sevimli jinsi shimining bel qismida ozgina torayib qolganini sezsa, bu bachadon hajmining oshishi bilan bog‘liq emas. Ko‘pincha, homiladorlik paytidagi ishtaha o‘zgarishi, jismoniy faollikning kamayishi yoki gormonlar muvozanatining o‘zgarishi natijasida biroz vazn ortishi yoki shishlar paydo bo‘lishi mumkin.
Gormonal qayta qurish. Gormonlar homiladorlik jarayonini boshqaradi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Masalan, homiladorlikning dastlabki bosqichlarida ushbu jarayonning asosiy ishtirokchisi bo‘lgan progesteron, homiladorlikning nafaqat mustahkamlanishi, balki saqlanib qolishini ham ta’minlaydi. To‘g‘ri, aynan shu gormon ichak peristaltikasini sekinlashtirishi, va bu qabziyatga olib kelishi mumkin. Homiladorlik davrida boshqa gormonlar ko‘pincha hissiy beqarorlikni keltirib chiqaradi: bo‘lajak ona qisqa vaqt ichida sababsiz g‘amginlik, quvonch yoki jahldorlikni his qilishi mumkin. Bundan tashqari, gormonlar jinsiy maylga ta’sir ko‘rsatishi mumkin: uni vaqtincha deyarli yo‘qotishi yoki aksincha, bo‘lajak onaning «jinsiy ishtaha»sini oshirishi mumkin.

Bola bilan nimalar sodir bo‘ladi
Olti haftalik davr – bu bolaning rivojlanishi juda tez va shiddatli kechadigan, homila esa kichkina insonga o‘xshay boshlaydigan «yosh»dir.
Homilaning rivojlanishi. Ushbu muddatda bolaning yuz qiyofasi shakllangan bo‘ladi. Albatta, bu hali ota-ona chaqaloqni ilk bor qo‘llariga olganlarida ko‘radigan yuzcha emas, ammo ko‘zlari, burni hamda yuqori va pastki jag‘lari yetarlicha rivojlangan. To‘g‘ri, ko‘zlari hali yumiq, ularni ochishni bola biroz keyinroq o‘rganadi. Embrion allaqachon faol harakatlanmoqda. Lekin u ona buni sezishi uchun hali juda kichkina: bu muddatda homilaning uzunligi taxminan 3-4 mm ni tashkil etadi. Oltinchi hafta davomida har bir kun g‘oyat muhim. Chunki embrionda endokrin tizim a’zolari shakllana boshlaydi, asab tizimi va ovqat hazm qilish trakti faol rivojlanadi.
Bolaning yurak urishi. Homila hali juda kichkina bo‘lsa-da, uning yuragi allaqachon mavjud. U hali to‘liq shakllanmagan, ammo allaqachon «mashqlar» bilan faol shug‘ullanmoqda. UTTda yurak urishini aniqlash mumkin bo‘lib, u bir daqiqada 110-130 martagacha yetadi.
Homiladorlikning oltinchi haftasida ona nimalarni his qiladi
Tashqi ko‘rinishida homiladorlik hali sezilmasa-da, bo‘lajak ona o‘zining ahvolida sezilarli yoki unchalik sezilarli bo‘lmagan o‘zgarishlarni payqashi mumkin.

Ko‘krak sezgirligi. Sut bezlari homiladorlikning dastlabki haftalaridanoq chaqaloqni emizishga tayyorgarlik ko‘ra boshlaydi. Ular 1-2 o‘lchamga kattalashishi va sezgir bo‘lib qolishi mumkin. Ba’zi hollarda ayolga hatto kiyimning ko‘krakka tegishi ham og‘riq beradi. So‘rg‘ichlar va areolalarning rangi to‘qlashishi, areolalar terisi esa qo‘pollashishi mumkin. Bunday o‘zgarishlar tabiiy holat hisoblanadi, chunki bu ko‘krakni bolani emizishga tayyorlashning navbatdagi bosqichidir.
Erta toksikoz. Homiladorlikning dastlabki besh haftasida o‘zini a’lo darajada his qilgan ayollar ham oltinchi yoki yettinchi haftaga kelib ko‘pincha ko‘ngil aynishini sezishadi. Bu holat gormonal qayta qurish tufayli yuzaga keladi, chunki u ovqat hazm qilish tizimi a’zolariga ta’sir ko‘rsatibgina qolmay, asab tizimini ham o‘ta sezgir qilib qo‘yadi.
Toksikozning namoyon bo‘lish darajasi keng ko‘lamda o‘zgarib turadi. Homilador ayol faqat ma’lum bir mahsulotning ta’midan, ertalabki paytda yoki issiq havoda ko‘ngil aynishini his qilishi mumkin. Ammo kuchli ko‘ngil aynish xurujlari har qanday o‘tkir hiddan, hatto ilgari yoqtirgan hidlardan ham (sevimli atir, yangi pishgan non hidi va hokazo) kelib chiqishi mumkin.
Tez charchash. O‘sib borayotgan homila energiyaga muhtoj. Lekin u butunlay onaga bog‘liq bo‘lgani uchun, ona o‘z resurslarini bola bilan baham ko‘rishiga to‘g‘ri keladi. Agar ayolning salomatligi yaxshi va u sog‘lom turmush tarziga amal qilayotgan bo‘lsa, bunday energiya sarfi unchalik sezilmaydi. Ammo homilador ayol toksikozdan aziyat cheksa, tez-tez stress holatiga tushsa yoki jismoniy zo‘riqishlarga duch kelsa, charchoq va uyquchanlik hissi ancha kuchli bo‘ladi.
Peshob tez-tez kelishi. Homiladorlikning ilk bosqichlaridayoq tez-tez peshobga chiqish ehtiyoji paydo bo‘lishi mumkin. Bunga organizmning gormonal o‘zgarishlari hamda bachadonning kattalashib, qovuqni ta’sirlantirishi sabab bo‘ladi.
Kayfiyatning tez-tez o‘zgarib turishi. Bunda yana gormonlar aybdor. Ko‘p hollarda, organizm o‘zining yangi holatiga moslashadi, kayfiyatning o‘zgaruvchanligi yo‘qoladi yoki kamroq seziladi. Ammo homiladorlikning birinchi trimestrida bo‘lajak ona his-tuyg‘ularining tashqi vaziyatlarga bog‘liq bo‘lmasligiga tayyor turishi lozim. Sababsiz ko‘tarinki kayfiyat va xafagarchilik o‘zaro almashib, qisqa vaqt ichida bir necha bor takrorlanishi mumkin.
Ta’b bilan bog‘liq o‘zgarishlar. Homilador ayolning g‘alati narsalarni yeyishga bo‘lgan ishtiyoqi deyarli rivoyatga aylanib qoldi.
Tekshiruvlar
Homiladorlikning oltinchi haftasidagi UTT. Bu muddatda homiladorlik fakti odatda shubha uyg‘otmaydi. Homilaning o‘lchami uning rivojlanishining o‘ziga xos xususiyatlarini baholashga imkon bermasa-da, ultratovush tekshiruvi ko‘proq umumiy xarakterga ega bo‘lsa ham, UTT yordamida:
- shubhali holatlarda homiladorlikni tasdiqlash;
- homilaning joylashuvi va o‘lchamini aniqlash;
- bir yoki ko‘p homilali homiladorlikni aniqlash;
- homilaning yurak urishi va yurak qisqarishlari sonini aniqlash mumkin.

Laboratoriya tashxisi. Ayollar maslahatxonasida ro‘yxatdan o‘tish paytida shifokor bo‘lajak onaning sog‘lig‘ini baholash va homiladorlikka xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan har qanday omillarni aniqlash uchun zarur bo‘lgan tahlillarni belgilaydi. Bular qatoriga umumiy qon va siydik tahlili, OXG darajasini aniqlash, qon guruhi va rezus-omilini tekshirish, shuningdek, jinsiy yo‘l bilan yuqadigan kasalliklarni aniqlashga mo‘ljallangan tekshiruvlar kiradi. Ushbu muddatda, agar shifokor zarur deb hisoblasa, bolaning otasini ham laboratoriya tekshiruvlariga jalb qilishi mumkin. Masalan, bu ota-onaning rezus-omillari farq qilganda yoki ayolda jinsiy yo‘l bilan yuqadigan kasallik aniqlanganda zarur bo‘ladi, chunki bunday holatlarda davolash jarayoni ikkala (jinsiy) sherikda ham o‘tkazilishi lozim.
Xavotirli alomatlar
Bo‘lajak onada kuzatiladigan o‘zgarishlarning aksariyati, garchi unchalik yoqimli bo‘lmasa-da, ko‘pincha tabiiy hol hisoblanadi. Lekin ayrim sezgi yoki belgilarga alohida e’tibor qaratish lozim, chunki ular sog‘liq yoki homiladorlik bilan bog‘liq muammolardan darak berishi mumkin.
Bachadonda pulsatsiya his qilinishi. Bachadonda og‘riq (pulsatsiya) his qilish tabiiy holat bo‘lishi mumkin: bu a’zo kattalashishi bilan unda qon aylanishi kuchayadi, natijada qorinda pulsatsiya seziladi. Ammo shu bilan birga, bu bachadondagi o‘sma belgisi ham bo‘lishi mumkin, shu sababli bunday holat haqida shifokorga xabar berish juda muhim.
Biqindagi og‘riq. Qorinda nimadir tortilayotgandek his qilish, agar bu vaqti-vaqti bilan sodir bo‘lsa va homilador ayolning hayot sifatiga ta’sir qilmasa, tabiiy holat hisoblanadi. Ko‘pincha bunday sezgilar paylarning cho‘zilishi oqibatida yuzaga keladi va xavfli emas. Ular qorinning pastki qismida goh chap, goh o‘ng tomonda «ko‘chib yurishi» mumkin. Lekin agar og‘riq tez-tez paydo bo‘lsa, juda kuchli bo‘lsa, doimo bir joyda bo‘lsa yoki boshqa noxush alomatlar bilan birga kuzatilsa, imkon qadar tezroq shifokorga murojaat qilish lozim.
Jigarrang ajralmalar. Oltinchi haftada embrionning bachadon devoriga yopishish jarayoni allaqachon yakunlangan bo‘ladi, shuning uchun bu muddatda homila implantatsiyasi paytida kuzatilishi mumkin bo‘lgan jigarrang ajralmalar me’yoriy holat emas. Bunday belgi avval aniqlanmagan infeksion yoki o‘sma kasalligi hamda homiladorlik uzilishi xavfidan dalolat berishi mumkin.
Qon. Qon izlari bor har qanday ajralma bo‘lajak onani tashvishga solishi lozim. Bunday alomatning sabablari turlicha bo‘lishi mumkin – qin shilliq qavatining mexanik (masalan, jinsiy aloqa vaqtida) shikastlanishidan tortib, homilaning o‘z-o‘zidan tushib qolishigacha.
Shamollash alomatlari. Tana haroratining 37,0-37,3 °C oralig‘ida ko‘tarilishi homiladorlikning dastlabki davrlarida me’yor hisoblanadi. Shu sababli, xavotirlanishga hojat yo‘q, lekin shifokor bilan maslahatlashish foydadan xoli bo‘lmaydi. Ammo yuqori haroratga qo‘shimcha ravishda tanada zirqirash, bosh og‘rig‘i, tumov va O‘RVIning boshqa belgilari paydo bo‘lsa, zudlik bilan shifokorga murojaat qilish lozim. Bu juda muhim, chunki virusli kasalliklar homilaga zarar yetkazishi mumkin, yuqori tana harorati esa hatto homiladorlikning to‘xtab qolishiga sabab bo‘lishi ehtimoli bor.

Bo‘lajak onaning hayot tarzi
Homiladorlikning dastlabki kunlaridan boshlab salomatlikni nazorat qilish va hayot tarzini o‘zgartirish zarur. Shifokor tekshiruv paytida aniqlangan barcha xususiyatlarni inobatga olgan holda har bir ayolga individual tavsiyalar beradi. Ammo bir nechta umumiy maslahatlar barcha bo‘lajak onalar uchun foydali bo‘ladi.
Ovqatlanishdagi o‘ziga xos xususiyatlar. Albatta, kundalik ratsion to‘laqonli va sog‘lom bo‘lishi lozim. Lekin toksikoz davrida ko‘ngil aynishi va qusish xurujlarini keltirib chiqarmaslik uchun ovqatlanishni o‘z holatiga moslash muhim ahamiyatga ega. Toksikozni kuchaytiruvchi barcha mahsulotlardan voz kechib, ularni to‘yimli muqobillari bilan almashtirish maqsadga muvofiq. Misol uchun, baliqdan ko‘ngil ayniydigan bo‘lsa, butunlay yog‘siz qaynatilgan go‘shtga o‘tish, shuningdek, qaymog‘i olinmagan sutni qatiq mahsulotlari bilan almashtirish mumkin.
Vitaminlar qabul qilish. Foliy kislotasi homilador ayollar uchun eng muhim vitamin sanaladi. Ammo boshqa vitaminlarni ham e’tibordan chetda qoldirmaslik lozim. C vitamini immunitetni kuchaytiradi va qon tomir devorlarini himoya qiladi, B guruhi vitaminlari asab tizimini qo‘llab-quvvatlaydi, kalsiy va fosfor esa bolaning suyaklari to‘g‘ri shakllanishiga ko‘maklashadi. Lekin barcha vitamin-mineral preparatlarni davolovchi vrach buyurishi lozim.

Jinsiy hayot. Agar bo‘lajak onaning sog‘lig‘i jinsiy aloqaga imkon bersa, unda jinsiy mayl yetarli darajada yuqori bo‘lsa va tibbiy qarshi ko‘rsatmalar mavjud bo‘lmasa, intim munosabatlarga cheklovlar yo‘q.
Jismoniy faollik. Yoga va pilates bilan shug‘ullanish, basseynda homilador ayollar uchun mashqlar bajarish, sayr qilish – bularning barchasi nafaqat jismoniy holatni saqlashga yordam beradi, balki bo‘lajak onaning tanasini kutilayotgan tug‘ruqqa ham tayyorlaydi.
Homiladorlikning oltinchi haftasi – bu ayol hayotidagi eng muhim va baxtli voqea bo‘lmish chaqaloq tug‘ilishi bilan yakunlanadigan uzoq yo‘lning boshlanishi, xolos. Shu sababli, kutish davridan zavqlaning va ikki kishi uchun sog‘lom bo‘lishga harakat qiling: o‘zingiz va siz hayot baxsh etgan kichkintoy uchun.
* Рекомендации ВОЗ по оказанию дородовой помощи для формирования положительного опыта беременности. * Homiladorlikning ijobiy tajribasini shakllantirish uchun tug‘ruqdan oldingi yordam ko‘rsatish bo‘yicha JSST tavsiyalari.
** Доброхотова Ю. Э., Боровкова Е. И. «Питание во время беременности». ** Yu. E. Dobroxotova, Ye. I. Borovkova «Homiladorlik davrida ovqatlanish».