
Qorningizdagi bolangiz jadal o‘smoqda, u bilan birga qorningiz ham kattalashmoqda. Bu davrda bachadon taxminan kindik atrofida joylashgan bo‘ladi. Santimetrli tasmaning bir uchini qov suyagiga qo‘ying va uni bachadon tubigacha torting. Qarang-chi, bachadon tubi qaysi belgiga to‘g‘ri kelar ekan? Sizda taxminan 17–18 sm chiqadi. Atrofdagilar yumaloqlashgan qorningizni payqay boshlagan bo‘lsa ajab emas.Ozg‘in ayollarda qorin ertaroq, to‘laroq ayollarda esa — biroz kechroq bilinadi. Bu davrda yo‘ldosh va bachadonning faol o‘sishi tufayli tanangizda aylanayotgan qon hajmi ortadi. Shu sababli vaqti-vaqti bilan yurak urishi tezlashganini his qilasiz. Bu yuragingiz qonni haydash uchun ko‘proq kuch sarflashi zarurligi bilan bog‘liq. Xavotir olmang, bu holat sizga noqulaylik tug‘dirmaydi. Shuningdek, ushbu muddatda aylanayotgan qon hajmining ortishi tufayli gemoglobin darajasi pasayishi mumkin. Organizm hali qon hajmiga mos ravishda yetarlicha gemoglobin ishlab chiqarishga ulgurmagan bo‘ladi. Ammo asta-sekin hamma narsa qayta tiklanib, o‘z iziga tushadi.
Bu muddatga kelib vazningiz 2,5–5 kg ortgan bo‘ladi. Bu vazn o‘sayotgan bola, hajmi oshgan homila oldi suvi, aylanib yuruvchi qon hajmining ortishi, sut bezlari va bachadonning kattalashishi hisobiga to‘planadi. Shuningdek, gormonal o‘zgarishlar ta’sirida homilador ayol organizmida biroz suyuqlik ushlanib qolishini ham yodda tutish lozim. Bu normal holat hisoblanadi.


