Top.Mail.Ru

Homiladorlikning uchinchi haftasi

Submitted on: 22.01.2026
Time to read: 7 daqiqa
count 2

Homiladorlik muddatini aniqlash uchun shifokorlar, odatda, akusherlik hisoblash usulidan foydalanadilar. Hisob oxirgi hayzning birinchi kunidan boshlanadi. Embrional muddat esa aniq homilador bo‘lgan vaqtdan boshlab hisoblanib, akusherlik muddatidan taxminan 14 kun orqada yuradi. Homiladorlikning uchinchi haftasi akusherlik muddatining beshinchi haftasiga to‘g‘ri keladi. Dastlabki ikki hafta davomida ayol organizmi homilador bo‘lishga tayyorgarlik ko‘radi va agar tuxum hujayra urug‘langan bo‘lsa, uchinchi haftaning boshlanishi aniq homilador bo‘lish vaqti hisoblanadi. Bu davrda urug‘langan tuxum hujayra (zigota) faol ravishda bo‘lina boshlaydi, fallopiy naychalari bo‘ylab bachadon bo‘shlig‘i tomonga siljiydi va uning devoriga mahkamlanadi. Uchinchi haftaning oxirida esa embrionning ona qornidagi rivojlanishi boshlanadi.

Onada nima sodir bo‘ladi

Bu muddatda ayollarning aksariyati hali homilador ekanliklarini bilishmaydi. Homiladorlikning dastlabki belgilari hayz oldi belgilariga o‘xshaydi: ko‘krak bezlari kattalashadi, qorin pastida tortuvchi og‘riq paydo bo‘ladi, asabiylashish kuzatiladi. Bu davrda dorixona testlari hali ijobiy natija ko‘rsatmaydi, chunki OXG (xorionik gonadotropin) miqdori endigina ortishni boshlaydi va uni faqat qon tahlili orqali aniqlash mumkin.

Sezgilar. Gormonlar qayta qurilishining boshlanishi sezgilardagi o‘zgarishlar bilan kuzatilishi mumkin. Bu ko‘pincha homiladorlikning dastlabki belgisi hisoblanadi.

  • Hid bilish qobiliyatining kuchayishi. Hatto kuchsiz hidlarga ham yuqori sezuvchanlik paydo bo‘ladi, tanish va sevimli hidlar esa jirkanch hissini uyg‘otishi mumkin.
  • Ta’m sezgilarining o‘zgarishi. Odatdagi taomlar va noyob taomlar bemaza tuyulishi yoki jirkanch bo‘lib ko‘rinishi mumkin..
  • Ko‘ngil aynishi. Erta toksikozning dastlabki belgilari odatda ertalabki ko‘ngil aynishi bilan namoyon bo‘ladi.
  • Holsizlik va uyquchanlik. Bu organizmning ichki qayta qurilishga ko‘p energiya sarflashi bilan tushuntiriladi.

Akusherlik hisobiga ko‘ra homiladorlikning uchinchi haftasi hali aniq belgilar bilan namoyon bo‘lmaydi va bo‘lajak onada xavotir uyg‘otmaydi. Homiladorlikning uchinchi haftasida jinsiy aloqa qilish mumkinmi? Bu muddatda jinsiy hayotga qarshi ko‘rsatmalar yo‘q. Barchasi ayolning istagi va o‘zini qanday his qilishiga bog‘liq. Bu homilaga hech qanday ta’sir ko‘rsatmaydi, u ishonchli tarzda himoyalangan.

Organizmdagi o‘zgarishlar. Ayolning homilador bo‘lishi uning organizmining homila rivojlanishiga moslashishini talab etadi. Uchinchi haftada nima sodir bo‘ladi? Homiladorlik normal kechganda, homila (bu bosqichda blastotsista deb ataladi) bachadon shilliq qavatiga yopishadi (implantatsiya jarayoni) va OXG gormoni ishlab chiqarila boshlaydi. Bu gormon organizmga urug‘lanish sodir bo‘lganligi va funksiyalarning qayta tuzilishi boshlanganligi haqida belgi beradi. Xorionik gonadotropin (OXG) tuxumdonlarda progesteron ishlab chiqarilishini rag‘batlantiradi. Progesteron esa hayz ko‘rishni to‘xtatadi va endometriy (bachadon shilliq qavati) o‘sishiga ta’sir ko‘rsatadi. Endometriy yo‘ldosh shakllanguniga qadar embrionni oziqlantiradi. Ba’zida implantatsiya davrida oz miqdordagi qonli ajralmalar kuzatilishi mumkin, bu ko‘pincha hayzning boshlanishi deb noto‘g‘ri tushuniladi. Bunday ajralmalar odatda kam va qisqa muddatli bo‘ladi. Homiladorlikning erta muddatlaridayoq sut bezlari laktatsiyaga tayyorgarlik ko‘rishni boshlaydi. Ular qon bilan jadal ta’minlanadi, sezgirligi (ayniqsa so‘rg‘ichlar sohasida) ortadi, shuningdek ko‘krak hajmi kattalashadi.

Tashqi o‘zgarishlar. Homiladorlikning dastlabki haftalari ayolning tashqi ko‘rinishida aks etmaydi. Faqat kayfiyatning tez-tez va keskin o‘zgarishi hamda ko‘krak bezlarining shishishi holatlarini kuzatish mumkin, homiladorlikning uchinchi haftasida qorin kattalashmaydi.

Embrion bilan nima sodir bo‘ladi

Uchinchi akusherlik haftasining boshida ovulyatsiya sodir bo‘ladi, yetilgan tuxum hujayra tuxumdondan bachadon nayiga chiqadi va u yerda bir sutka davomida yashaydi. Agar shu vaqt ichida urug‘lanish sodir bo‘lsa, tuxum hujayra va spermatozoidning qo‘shilishidan yangi hujayra – zigota shakllanadi.

Rivojlanish. Yangi hujayra tezda bo‘linishni boshlaydi va bachadon bo‘shlig‘iga ko‘tariladi. Bir necha kundan so‘ng zigota tut mevasiga o‘xshab qoladi (shifokorlar bunday hujayrani morula deb atashadi). Vaqt o‘tishi bilan undan ko‘p hujayrali embrion (blastotsista) shakllanadi, u ichida suyuqlik bo‘lgan ichi kovak sharga o‘xshaydi. Shar ichida embrional disk hosil bo‘ladi, tashqi pardasi esa bachadonga birikadi. Bu bosqichda embrion ozuqaviy moddalarni tuxum hujayraning o‘z zaxiralaridan oladi.

Endometriyga joylashgandan keyin embrion ona orqali oziqlana boshlaydi. Uchinchi haftaning oxiriga kelib embrional disk uchlaridagi diametri har xil bo‘lgan naychaga aylanadi. Katta diametrli tomonida boshning shakllanishi boshlanadi, boshqa tomonida esa dum-dumg‘aza shakllana boshlaydi.

Bolaning jinsi. Homila paydo bo‘lish paytida bolaning jinsi aniqlanadi, bu otaning jinsiy xromosomalariga bog‘liq. Ayol tuxum hujayrasida doimo jinsiy X-xromosoma mavjud bo‘lsa, erkak spermatozoidlari X yoki Y xromosomalarni o‘z ichiga oladi. Agar ayolning X-xromosomasi erkakning X-xromosomasi bilan qo‘shilsa, qiz farzand, Y-xromosoma bilan qo‘shilsa esa o‘g‘il farzand dunyoga keladi.

Xavotirli alomatlar

Yangi inson paydo bo‘lishining dastlabki haftalarida bachadondan tashqari homiladorlik yoki homila tushishi xavfi mavjud. Shuningdek, embrionning bachadon shilliq qavatiga yopishishi davrida onaning immunitet tizimi zaiflashib, bu surunkali kasalliklar zo‘rayishi va infeksiyalarga qarshi kurashish qobiliyati pasayishiga olib kelishi mumkin.

Qorin pastidagi og‘riq. Homiladorlik normal kechayotgan bo‘lsa, bu davrda qorin pastidagi og‘riqlar blastotsistaning bachadon devoriga yopishish jarayoni bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Bunday og‘riqqa ko‘pincha jiddiy e’tibor berilmaydi va u hech qanday xavf tug‘dirmaydi. Xavotirli alomatlar qatoriga kiritilishi mumkin bo‘lgan og‘riq esa kuchayib boruvchi keskin spazmlar bilan kechadi. Qorinda kuchli og‘riq paydo bo‘lsa, zudlik bilan shifokorga murojaat qilish lozim, chunki bu bachadondan tashqari homiladorlik belgisi bo‘lishi mumkin.

Ko‘krakdagi og‘riq. Ko‘krakdagi og‘riqli sezgilar homiladorlikning dastlabki belgilaridan biridir. Ayniqsa, so‘rg‘ichlar juda sezgir bo‘lib qoladi. Sut bezlari sezuvchanligining oshishi organizmdagi gormonal o‘zgarishlar, og‘riqli sezgilar esa ko‘krakning kattalashishi bilan bog‘liq. Bunday og‘riq noqulaylik tug‘diradi, ammo uni to‘g‘ri tanlangan ichki kiyim bilan yengillashtirish mumkin, va bu xavotirlanishga sabab bo‘lmaydi.

Ajralmalar. Homiladorlikning uchinchi haftasida ichki kiyimda ozgina qonsimon dog‘lar paydo bo‘lishi mumkin. Bunday ajralmalar embrionning bachadon shilliq qavatiga implantatsiyasi davriga xos holat. Bu jarayon taxminan ikki kun davom etadi, shundan so‘ng ajralmalar butunlay to‘xtaydi. Yorqin qizil yoki alvon rangdagi ajralmalarga alohida e’tibor qaratish lozim. Bunday rang qon ketishidan darak berishi, jumladan bachadonda homila tuxumining ko‘chishi natijasi bo‘lishi mumkin.

Harorat ko‘tarilishi. Homilador ayolning immuniteti tabiiy ravishda pasayadi, chunki ona organizmi homila tuxumini yot unsur sifatida rad etmasligi kerak. Bu holat infeksiya va viruslarga qarshi himoyani susaytiradi. Ammo harorat sezilarli darajada ko‘tarilsa – bu xavotirli alomat.

  • Homiladorlikning dastlabki haftalarida tana haroratining 37,0-37,2 °C gacha ko‘tarilishi me’yoriy holat hisoblanadi. Homiladorlikning erta muddatida tana haroratining ozgina ko‘tarilishi ovulyatsiya paytida progesteron ishlab chiqarilishining kuchayishi bilan bog‘liq bo‘lib, bu jarayon tuxum hujayra urug‘langandan so‘ng ham davom etadi.
  • Tana haroratining 37,5 °C va undan yuqori darajaga ko‘tarilishi infeksiya yoki shamollash belgisi bo‘lishi mumkin. Bunday holatlarda albatta shifokor bilan maslahatlashish lozim. Mutaxassis kasallikni to‘g‘ri aniqlab, tegishli davolash usulini tanlaydi hamda kasallikning oldini olish bo‘yicha zarur tavsiyalarni beradi.

Tekshiruvlar

Homiladorlikning birinchi aniq belgisi hayz ko‘rmaslikdir, lekin bu to‘rtinchi yoki beshinchi akusherlik haftasiga to‘g‘ri keladi. Homiladorlik holatini aniq tasdiqlash va uning muddatini belgilash faqat shifokor tomonidan tekshiruv asosida amalga oshiriladi. Ginekolog to‘qqiz oy davomida homiladorlikni kuzatib boradi, bo‘lajak onaning sog‘lig‘i va bolaning rivojlanishini nazorat qiladi. Homila rivojlanishini o‘z vaqtida tashxislash va laboratoriya tekshiruvlari patologiyalar va sog‘liqqa xavflarni erta aniqlashga yordam beradi. Uchinchi haftada, agar ayol homiladorlikka oldindan tayyorgarlik ko‘rgan bo‘lsa va uni biror narsa tashvishga solayotgan bo‘lsa, tekshiruvdan o‘tishi mumkin.

Homilani ultratovush tekshiruvi. Akusherlik hisobi bo‘yicha homiladorlikning uchinchi haftasidagi UTT hali aniq ma’lumot bermaydi. Bunday muddatda u odatda bachadondan tashqari homiladorlikni istisno qilish uchun spetsifik belgilar mavjud bo‘lganda tayinlanadi. Shifokor homila tuxumini ko‘rib, uning joylashgan o‘rnini aniqlashi mumkin, ammo embrionning rivojlanishini tekshirish yoki jinsini aniqlash imkoni hali yo‘q. Homiladorlikning uchinchi haftasidagi homila o‘lchami atigi 0,1-0,2 mm ni tashkil etadi. Tekshiruv bachadon va kichik chanoq a’zolarining mushak to‘qimalari holatini baholash, shuningdek, homiladorlikning kechishini prognoz qilish imkonini beradi. Uch haftalik bolaning qanday ekanligini ko‘rib bo‘lmaydi, suratda faqat onaning a’zolari ko‘rinadi.

Laboratoriya tashxisi. Uchinchi haftada faqat yetilgan tuxum hujayraning urug‘lanishi sodir bo‘ladi va aksariyat ayollar homiladorlik boshlanganini bilmaydilar, shuning uchun odatda tahlillar va tekshiruvlar haqida gapirishga hali erta. Bo‘lajak ona «qiziqarli holat» belgilarini sezishi bilanoq uyda test qilishi va ayollar maslahatxonasida ginekolog shifokor qabuliga yozilishi mumkin. Poliklinikada dastlabki tibbiy tekshiruvlar tayinlanadi:

  • umumiy siydik tahlili;
  • umumiy qon tahlili;
  • najas tahlili;
  • OIVga tekshirish uchun qon tahlili;
  • OXG darajasini aniqlash uchun qon tahlili.

Bo‘lajak ona uchun tavsiyalar

Homila rivojlanishining dastlabki haftalarida bolaning barcha a’zolari va tizimlari shakllanadi, shuning uchun mutaxassislarning quyidagi tavsiyalariga amal qilish muhim:

  • Barcha zararli odatlarni tashlash. Har ikkala ota-ona ham zararli odatlaridan voz kechgani ma’qul: passiv chekish faol chekishdan kam zararli emas. Spirtli ichimliklar ham homilaning rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
  • Sport. Homiladorlikning erta muddatlarida odatda faol jismoniy mashqlar tavsiya etilmaydi, ammo sportdan butunlay voz kechish ham to‘g‘ri emas. Mu’tadil jismoniy yuklama qonni kislorod bilan to‘yintiradi, immunitetni kuchaytiradi, organizmning umumiy tonusini ushlab turadi.
  • Ovqatlanish. Bo‘lajak onaning ovqatlanish ratsioni muvozanatli va imkon qadar ko‘p foydali moddalarni o‘z ichiga olishi kerak. Ko‘proq sabzavot, ko‘katlar va mevalar iste’mol qiling.
  • Ijobiy hissiyotlar. Homiladorlik ayol hayotidagi go‘zal davr hisoblanadi. Undan zavqlanish va o‘zingizga ko‘proq e’tibor berishingiz kerak.

Homiladorlikning uchinchi haftasidagi belgilarni hayz oldi holatining belgilari bilan adashtirib yuborish oson, hatto oddiy dorixona testlari ham homila paydo bo‘lganini ko‘rsatmasligi mumkin. Keyingi haftalarda esa alomatlar yaqqolroq namoyon bo‘ladi.

Яндекс.Метрика