Top.Mail.Ru

Homiladorlikning ikkinchi haftasi: belgilar, UTT, test

Submitted on: 21.01.2026
Time to read: 8 daqiqa
count 10

Homiladorlikni rejalashtirayotgan ayol uning boshlanishini intizorlik bilan kutadi va muvaffaqiyatli homila paydo bo‘lganining o‘ziga xos belgilarini topishga urinadi. Embrion rivojlanishining ikkinchi haftasida ayrim alomatlar yuzaga kelishi mumkin, lekin aksariyat ayollar o‘z holatidan mutlaqo bexabar bo‘ladilar. Bundan tashqari, ba’zi ayollar qorin pastida sezilayotgan tortuvchi og‘riqni hayz ko‘rishning boshlanishi deb o‘ylab, buni homilador bo‘lish ehtimoli bilan sira bog‘lashmaydi. Ushbu maqolada embrion rivojlanishining erta bosqichida sodir bo‘ladigan jarayonlar va homiladorlikni aniqlash usullari haqida so‘z yuritamiz.

Homiladorlikning ilk belgilari

Homiladorlikning ikkinchi haftasida ko‘pincha hayz ko‘rish belgilari bilan adashtirilishi ehtimoli bo‘lgan ayrim alomatlar paydo bo‘lishi mumkin. Ba’zi bo‘lajak onalar homiladorlikning erta muddatida qorinning qanday ko‘rinishda bo‘lishi haqida jiddiy o‘ylaydilar. Biroq bu muddatda hech qanday o‘zgarish kuzatilmaydi, qorin tekisligicha qoladi. Boshqa alomatlarga e’tibor qaratish maqsadga muvofiq.

Qorin pastida noxush sezgilar.

Homiladorlikning ikkinchi haftasida qorin pastida tortuvchi og‘riq paydo bo‘lishi mumkin. Shifokorlar uning paydo bo‘lishini ovulyatsiya jarayoni deb tushuntiradilar: bunday holat tashvishlanishga sabab bo‘lmasligi kerak. Ko‘pincha ayollar buni hayz yaqinlashayotganining belgisi deb qabul qiladilar. Homiladorlikning ikkinchi haftasida qorin umuman og‘rimasligi ham mumkin: bu ham me’yoriy holatlardan biri hisoblanadi.

Odatiy bo‘lmagan ajralmalar.

Embrion rivojlanishining ikkinchi haftasiga kelib, hayz sikli bilan bog‘liq barcha ajralmalar to‘xtashi kerak. Agar OXG gormoni darajasi ko‘tarilib, so‘ng bir ko‘rsatkichda to‘xtab qolsa yoki pasayishni boshlasa, bu homiladorlikning o‘z-o‘zidan to‘xtashi belgisi bo‘lishi mumkin. Bunday erta muddatda ayol, odatda, homilador bo‘lganini hatto sezmaydi ham, shu sababli qonli ajralmalar odatiy holat sifatida qabul qilinadi. Muvaffaqiyatli boshlangan homiladorlik uchun esa ko‘proq shilimshiqli ajralmalar hosil bo‘lishi xosdir.

Tez-tez peshob kelishi.

Bu progesteron miqdori oshganining yana bir alomati. Siyish nafaqat tez-tez, balki og‘riqli ham bo‘lishi mumkin. Ammo shuni esda tutish kerakki, bunday alomatlar siydik-tanosil tizimining ayrim kasalliklari, masalan, sistitga ham xos bo‘ladi.

Ko‘krakning sezuvchanligi ortishi.

Ba’zi ayollarda ko‘krak bezlari sohasida noxush sezgilar hayz boshlanishidan oldin paydo bo‘ladi. Lekin homiladorlikda ham ko‘krak uchlarining sezuvchanligi ortishi organizmning gormonal qayta qurilishi bilan bog‘liq bo‘lgan tabiiy holat hisoblanadi.

Kayfiyatning tez-tez o‘zgarib turishi.

Gormonlar darajasining ko‘tarilishi hissiy o‘zgarishlarga sabab bo‘ladi. Homilador ayollar o‘zlarining ta’sirchanroq bo‘lib qolganliklari va kayfiyatlari tashqi omillarning ta’sirisiz o‘zgarishini ta’kidlaydilar. Bundan tashqari, bo‘lajak ona g‘ayritabiiy kuch-quvvat va xursandchilik his qilishi, yarim soatdan so‘ng esa butunlay holdan toyib, tashvishlanish holatiga tushishi mumkin.

Ta’b bilan bog‘liq o‘zgarishlar.

Ta’b bilan bog‘liq o‘zgarishlar ham ko‘pincha homiladorlik bilan bog‘liq bo‘ladi. Organizm ma’lum oziq-ovqatlardan olish mumkin bo‘lgan mikroelementlar va vitaminlarni ko‘proq talab qiladi. Ba’zi homilador ayollar bo‘rni ishtaha bilan yeydilar yoki ilgari yoqtirmagan narsalarni ovqatlanish ratsioniga kiritishni boshlaydilar. Bu tabiiy hol: eng muhimi, sizni nazoratga olgan shifokor bilan maslahatlashib, ovqatlanishni to‘g‘ri tarzda moslashtirishdir..

Organizmda qanday o‘zgarishlar ro‘y beradi

Homiladorlikning ikkinchi haftasida bola hali shakllanmagan bo‘ladi. Bu hatto to‘liq embrion ham emas: faqat birinchi haftaning oxirida, muvaffaqiyatli urug‘lanishdan so‘ng, bo‘linishni boshlagan zigota bachadonga ko‘chadi. Homiladorlikning 8-13-kunlari homila tuxumining joylashishi, mustahkamlanishi va ona organizmi bilan zarur aloqalarning shakllanishi davri bo‘ladi. Agar hamma narsa muvaffaqiyatli o‘tgan bo‘lsa, xorion (homilaning ilk pardasi) rivojlana boshlaydi. Shu bosqichda bo‘lajak to‘qimalar va ichki organlarning shakllanishi boshlanadi. Faqat ikkinchi hafta oxiridagina o‘lchami 1 millimetrdan oshmagan kichkina embrionli homila tuxumi shakllanadi. UTT paytidagi rasmda homila ko‘knori urug‘i (mak) kattaligidagi nuqta ko‘rinishida bo‘ladi. Bu homiladorlikning o‘ta muhim davri bo‘lib, bu bosqichda har qanday salbiy omil tufayli homila o‘z-o‘zidan tushib qolishi mumkin.

Homiladorlik muddatini qanday aniqlasa bo‘ladi

Birinchi haftada har qanday testlar o‘tkazishning foydasi yo‘q: ular organizmda ma’lum o‘zgarishlar boshlangan bo‘lsa ham, ijobiy natija ko‘rsatmaydi. Biroq, ikkinchi haftadan boshlab ayol o‘zining holatini bilib olishi mumkin. Homiladorlikni aniqlash uchun bir nechta tahlil usullaridan foydalansa bo‘ladi.

Zamonaviy tezkor testlar yordamida.

Ba’zi test tasmalari OXG darajasiga juda sezgir: homiladorlikning ikkinchi haftasida faqat shunday tezkor testlar qo‘llaniladi. Ularni istalgan dorixonadan sotib olish mumkin, tahlil o‘tkazish uchun esa qadoqdagi ko‘rsatmalarga amal qilish kifoya. Test tasmalarining eng zamonaviy turlari nafaqat homiladorlik borligini tasdiqlashi yoki inkor etishi, balki uning taxminiy muddatini ham ko‘rsata oladi.

OXG darajasini aniqlash uchun test.

Xorionik gonadotropin – bu «homiladorlik gormoni» hisoblanadi. Aynan shu gormon miqdorining o‘zgarishi bo‘lajak ona organizmida gormonal qayta qurish boshlanganini ko‘rsatadi. Homiladorlik davrida u har ikki kunda ko‘payib boradi, binobarin ikkinchi hafta boshida uning darajasi 100-150 birlikka yetishi mumkin.

UTT yordamida.

Agar sog‘lom ayol haqida gap ketayotgan bo‘lsa, bu muddatda ultratovush tekshiruvi o‘tkazilmaydi: urug‘langan tuxum hujayrani ko‘rish hali imkonsiz. Agar bo‘lajak ona ilgari homilador bo‘lish muammolariga duch kelgan yoki homiladorlik o‘z-o‘zidan to‘xtab qolgan bo‘lsa, UTT endometriyning homiladorlikka tayyorligini aniqlashga yordam beradi. Bundan tashqari, sun’iy urug‘lantirish (EKU) usulidan foydalangan ayollarga qo‘shimcha diagnostika tavsiya etiladi.

Homiladorlikning ikkinchi haftasida ovqatlanish

Butun homiladorlik davri me’yorida kechishi uchun zamonaviy akusher-ginekologlar ishlab chiqqan tavsiyalarga rioya qilish lozim. Misol uchun, JSST yetarli miqdordagi oqsillar, vitaminlar va mineral moddalarni o‘z ichiga olgan, energetik qiymati muvozanatlangan sog‘lom ovqatlanish zarurligini ta’kidlaydi*. Shu munosabat bilan homilador ayollarning yashash hududi, ijtimoiy ahvoli va jismoniy faolligini inobatga olgan holda to‘g‘ri ovqatlanishning batafsil jadvallari ishlab chiqilgan.

Iste’mol qilish uchun tavsiya etiladigan mahsulotlar.

Homiladorlik davrida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavflarni kamaytirish uchun ovqatlanish ratsioniga ko‘proq oqsil, sekin singadigan uglevodlar va foydali yog‘larni kiritish lozim. Protein(oqsil)ni sut mahsulotlari, baliq va go‘shtdan olish mumkin. Agar biron-bir sababga ko‘ra ushbu mahsulotlarni iste’mol qila olmasangiz, homilador ayollar uchun ishlab chiqilgan maxsus aralashmalar ko‘rinishidagi muqobil oqsil manbalarini tanlang. Masalan, Nutrilak Premium bo‘lajak onalar uchun oziq-ovqat mahsulotlarining butun bir turkumini taklif etadi.

Nimalardan voz kechgan ma’qul.

Eng avvalo, barcha zararli odatlardan, xususan, chekish va spirtli ichimliklarni iste’mol qilishdan. Shuni ta’kidlash joizki, bu tavsiya nafaqat bo‘lajak onalarga, balki otalarga ham taalluqli: homiladorlikni rejalashtirish davrida otalar ham barcha zararli odatlardan voz kechishlari zarur. Bu omillar, jumladan, erkaklarning urug‘lantirish qobiliyatiga ta’sir ko‘rsatadi, shuningdek, homilador ayolning passiv chekishi kam vaznli chaqaloq tug‘ilishi xavfini 20 foizga oshiradi**.

Homiladorlikning ikkinchi haftasida sport bilan shug‘ullanish mumkinmi

Homilador ayollarga mo‘tadil jismoniy faollik tavsiya etiladi. Bu organizmni tonusda ushlab turish va oyoq-qo‘llarda qon aylanishining sekinlashishini oldini olishga yordam beradi. JSST mashg‘ulotlar dasturiga yaxshi jismoniy holatni saqlab qolishga ko‘maklashadigan aerobika va kuch mashqlarini kiritishni maslahat beradi. Ammo jismoniy mashqlar bilan ortiqcha shug‘ullanish ham tavsiya etilmaydi: ayollar muvozanatni yo‘qotish va homilaga zarar yetkazish xavfi eng kam bo‘lgan mashqlarni tanlashlari lozim. Zamonaviy fitnes markazlari homilador ayollar uchun turli xil dasturlar taklif etadi, ular organizmni tetik saqlashga imkon yaratadi. Qaysi birini tanlagan ma’qul?

  • Yoga.
  • Pilates.
  • Suzish.
  • Ayrim raqs turlari.
  • Homilador ayollar uchun aerobika mashqlari.

Bundan tashqari, uyda ham mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanish mumkin. Lekin bundan oldin mutaxassis bilan maslahatlashish tavsiya etiladi. U homiladorlik uchun qarshi ko‘rsatmalarni aniqlab, qanday mashqlar mos kelishini tushuntiradi. O‘rtacha jismoniy faollikning yana bir ajoyib usuli – muntazam ravishda toza havoda sayr qilishdir.

Homiladorlikning ikkinchi haftasida vitaminlar qabul qilish zarurmi

Homiladorlik paytidagi ovqatlanish ko‘plab omillarga bog‘liq. Vitaminlarni qabul qilish odatiy ovqatlanishidan yetarli miqdorda ozuqaviy moddalarni ololmaydigan ayollarga tavsiya etiladi. Misol uchun, kuniga 3-4 mahal ovqatlanadigan, taomnomasi vitamin va minerallarga boy turli mahsulotlardan iborat bo‘lgan bo‘lajak onalar deyarli hech qanday qo‘shimchalarga muhtoj bo‘lmaydilar***. Shu bilan birga, qo‘shimcha sifatida quyidagilar tavsiya etiladi:

  • Temir. U homila va yo‘ldoshning normal rivojlanishi, shuningdek, homilador ayolning suyak ko‘migini qo‘llab-quvvatlash uchun zarur.
  • Kalsiy va D vitamini. Ularni birgalikda iste’mol qilish tavsiya etiladi, chunki D vitamini kalsiyning yaxshiroq so‘rilishini ta’minlaydi va kuchaytiradi. Bu moddalar bolaning ichki a’zolari va suyaklarining normal rivojlanishi, shuningdek, onaning tayanch-harakat tizimini mustahkamlash uchun zarur.
  • Folat kislota. U homilaning asab nayi nuqsonlarining oldini olish uchun zarur.

Homiladorlikning ikkinchi haftasida jinsiy aloqa xavflimi

Ko‘pchilik ayollar bunday erta muddatlarda homilador bo‘lganini bilishmaydi. Bundan tashqari, aynan shu davrda jinsiy ishtiyoq kuchayishi mumkin: bu bo‘lajak onaning organizmidagi gormonal o‘zgarishlar bilan bog‘liq. Agar homilador ayol o‘zini yaxshi his qilsa, faol jinsiy hayot kechirishga hech qanday to‘siq yo‘q. Ammo hayz kechikkanidan keyin o‘ziga xos patologiya (qonli ajralmalar, kuchli va davomli og‘riqlar, homila tushish xavfi) belgilarini sezsangiz, darhol ginekologga murojaat qilishingiz zarur. Aynan shifokor mumkin bo‘lgan muammolarni aniqlab, zarur tahlillarni o‘tkazadi. Agar sog‘lig‘ingiz holatidan xavotirda bo‘lsangiz, mutaxassis bilan maslahatlashing. U homiladorlikning erta muddatlarida jinsiy aloqa mumkinligi yoki mumkin emasligi haqida ma’lumot beradi. Ta’kidlash joizki, ko‘pchilik ginekologlar ayollarga jinsiy yaqinlikni man etmaydilar: jinsiy aloqa bachadonning elastikligini oshirishga yordam beradi va qin mushaklarini mashq qildiradi, ularni tug‘ruq jarayoniga tayyorlaydi.

Xulosa

Homiladorlikning ikkinchi haftasi aksariyat hollarda sezilmay o‘tadi, chunki ko‘pchilik ayollarda hech qanday alomatlar kuzatilmaydi. Biroq, shu bosqichning o‘zidayoq siz ijobiy natijani ko‘rsatuvchi tezkor test qilishingiz mumkin. Rejalashtirilgan homiladorlikda akusher-ginekolog bilan maslahatlashib, tegishli qo‘shimchalarni tanlab, ovqatlanish tartibini o‘zgartirish tavsiya etiladi. Ikkinchi hafta o‘ta muhim davr ekanligini unutmang. Ya’ni, ushbu davrda iloji boricha stressli holatlardan, ortiqcha jismoniy zo‘riqishlardan qochish va qarshi ko‘rsatmalar mavjud bo‘lsa, faol jinsiy hayotdan tiyilish lozim. Barcha ko‘rsatmalarni faqat shifokor belgilaydi. Tibbiy tavsiyalarga rioya qilsangiz, barcha ehtimoliy xavflar kamayadi va siz sog‘lom chaqaloqning baxtli onasi bo‘lasiz.

 

* Homiladorlikning ijobiy tajribasini shakllantirish uchun tug‘ruqdan oldingi yordam ko‘rsatish bo‘yicha JSST tavsiyalari.

** «Qanday qilib sog‘lom bolani qanday dunyoga keltirish mumkin» (Moskva shahri Sog‘liqni saqlash departamentining bo‘lajak ota-onalar uchun metodik tavsiyalari).

*** Yu. E. Dobroxotova, Ye. I. Borovkova «Homiladorlik davrida ovqatlanish».

Яндекс.Метрика