Top.Mail.Ru

3 oylik go‘dakning kun tartibi

Submitted on: 12.06.2026
Time to read: 5 daqiqa
count 3

Uch oylik davr – sezilarli o‘zgarishlar davri. Kichkintoy kundan-kunga faollashib, yangi ko‘nikmalarni egallab boradi. Ota-onalar esa jajji farzandining yutuqlaridan shunchaki zavqlanib, quvonibgina qolmay, unga tobora ko‘proq e’tibor qaratishga ham ko‘nikishlari kerak bo‘ladi. Uch oylikka kelib shakllanib ulgurgan kun tartibi kunning qanday o‘tishini oldindan bilishga yordam beradi.

Uyqu tartibi

режим сна в 3 мес.jpg

Agar siz juda tinch chaqaloqning onasi bo‘lish baxtiga muyassar bo‘lgan bo‘lsangiz ham, uning faqat uxlab, ovqatlanib va so‘ng yana uxlaydigan davri o‘tdi. Uch oylik go‘dakning uyqu tartibida kunduzgi uyquning soni va davomiyligi qisqarib, uyg‘oqlik davrlari uzayadi.

Kichkintoy kunduzi o‘rtacha to‘rt marta, har safar bir-bir yarim soatdan uxlaydi. Har bir bolaning dam olishga bo‘lgan ehtiyoji o‘ziga xos: ayrim bolalar kunduzi uch martadan ortiq uxlamaydi, boshqalari besh marta ham mizg‘ib olishga ulguradi.

Umuman olganda, kunduzgi uyquga 5-7 soat vaqt ketadi. Yana 9-11 soati tungi uyquga to‘g‘ri keladi. Uch oylik bola uchun bir kechayu-kunduzgi uyquning taxminiy me’yori 14-17 soatni tashkil etadi.

Agar kichkintoyingiz bir sutkada 11 soatdan kam yoki 19 soatdan ko‘p uxlasa, albatta shifokor bilan maslahatlashing.

Ovqatlantirish tartibi

режим кормлений в 3 мес.jpg

Bola ulg‘aygan sari oshqozonining hajmi ham kattalashadi, bu esa unga bir oziqlanishda ko‘proq ovqat yeyish imkonini beradi, natijada bolani ovqatlantirishlar soni kamayadi.

Ona suti bilan boqilayotgan uch oylik bolani ovqatlantirish tartibida avvalgidek kichik yengilliklarga yo‘l qo‘yilsa-da, umuman olganda, u barqarorlashgan bo‘lishi va unga ozmi-ko‘pmi rioya qilinishi kerak.

Sun’iy ovqatlantirish usuli bilan oziqlanayotgan go‘daklar esa bu yoshda ko‘pincha ona suti o‘rnini bosuvchi aralashmalar bilan shisha idishdan ovqatlantirishni talab qilmay, tuni bilan tinch uxlaydi. Agar kichkintoy tonggacha uyg‘onmasa, xavotirlanmang, demak, unga pishiq va sog‘lom uyqu uchun kunduzgi va kechki ozuqa yetarli. Kunduzgi ovqatlantirishlar avvalgidek qat’iy soat bo‘yicha amalga oshiriladi. Sun’iy ovqatlantirishdagi bolaga betartib ravishda, talab qilganida ovqat berish mumkin emas.

Quyoshning ilk nurlari bilan uyg‘onib nonushta qiladigan kichkintoylar uchun tunda ovqatlantirmaslikni ko‘zda tutuvchi ovqatlantirish tartibi quyidagicha bo‘ladi: 06:00, 09:30, 13:00, 16:30, 20:00, 23:30.
Agar kichkintoyingiz kechroq uyg‘onsa, bu jadvalga birinchi ovqatlantirish vaqti bo‘yicha farqni hisobga olib tuzatish kiriting.

Kattaroq bo‘lib qolgan farzandingiz uchun kundalik ovqat hajmini va agar bolani aralashma bilan ovqatlantirayotgan bo‘lsangiz, bir martalik porsiya miqdorini pediatr bilan muhokama qilishni unutmang.

Sayr qilish tartibi

коляска 2.jpg

Uch oylik bola atrofdagi olamga borgan sari ko‘proq qiziqa boshlaydi, ammo aravachasidan unga faqat tepasidagi osmonning bir parchasi va gohida onasining yuzi ko‘rinadi, xolos. Madomiki, go‘dak hozircha atrofni kuzatishga qiziqmas ekan, u toza havoda ko‘pincha uxlaydi.

Agar u uyg‘oq bo‘lsa, u bilan suhbatlashing va atrofda nimalarni ko‘rayotganingizni aytib bering. Chaqaloq sizning ovozingizga quloq soladi va, ehtimol, sizning qoʻllaringiz undan boʻsh boʻlgan vaqtda, aravachada yotishga qarshi norozilik bildirmaydi.
Sayr qilish uch oylik go‘dakning kun tartibidagi muhim shartlardan biridir. Shunga qaramay, ob-havoga va oʻz sogʻligʻingizga eʼtibor bering: sayr qilish borasida ham, ota-onalikning boshqa jihatlarida ham fanatizmga hojat yoʻq.


Yilning sovuq paytlarida, agar qattiq yog‘ingarchilik, kuchli shamol va juda sovuq bo‘lmasa, imkon qadar kuniga ikki mahal – tushlikdan oldin va keyin bir yarim-ikki soatdan sayr qiling.

Yozda esa ultrabinafsha nurlanish ko‘rsatkichini kuzatib boring. UB indeksi 4-5 ga teng bo‘lganda, aravacha soyabonini shunday ko‘taringki, bola doim uning soyasida bo‘lsin. Agar UB indeksi 6 dan yuqori bo‘lsa, o‘zingiz ham uzoq sayr qilishdan saqlaning. Quyosh tikka kelmasidan oldin – taxminan soat 11:00 gacha – va kunning ikkinchi yarmida, soat 16:00 dan keyin kichkintoyingiz bilan imkon qadar ko‘proq sayr qiling. Ammo uydan uzoqqa ketayotgan bo‘lsangiz, uni ovqatlantirish imkoniyatini ham hisobga olishni unutmang.

Uyg‘oq vaqtida bolani nima bilan mashg‘ul qilish mumkin

гимнастика для малышей 1.jpg

Uch oyligida go‘dakni polga «ko‘chiramiz». Bu hazil ham, bo‘rttirib aytish ham emas. Bu yoshda bola boshini yaxshi tuta oladi va uni ikki yonga ham bura oladi. Ba’zi bir epchil go‘daklar chalqancha yotgan joyidan qorniga ag‘darila oladi, yonboshiga ag‘darilishni esa deyarli barchasi uddalaydi. Bu esa endi kichkintoyni katta karavotda, divanda yoki yo‘rgaklash stolida bir soniya ham nazoratsiz qoldirib bo‘lmaydi, degani.

Ammo poldan yiqilib tushish xavfi yo‘q, tevarak-atrof bilan tanishishi uchun esa keng imkoniyatlar mavjud. Go‘dak boshini tuta olmasa yoki ehtiyotsizlik qilib ag‘darilib ketsa, jarohatlanmasligi uchun maxsus qalin gilamcha sotib oling. Bolani qorni bilan yotqizing va oldiga yorqin rangli o‘yinchoqni qo‘ying, shunda u o‘zi istagan buyumga yetish uchun harakat qiladi va emaklash ko‘nikmalarini mashq qiladi.

Shuningdek, uch oylik bola muloqotga ehtiyoj sezadi. U bilan ko‘proq suhbatlashing, atrofdagi hamma narsa haqida gapirib bering, she’rlar o‘qib, qo‘shiqlar kuylab bering. Bolaning gugulashiga e’tibor bering va uni rag‘batlantiring – bu yoshda kichkintoylar ko‘p va qiziqish bilan gugulay boshlaydi.

Uch oyligida bola o‘zini qiziqtirgan buyumga ongli ravishda qo‘lchalarini cho‘zadi. Uning tepasiga shiqildoqlar osib qo‘ying, kichkintoyni jaranglaydigan, shitirlaydigan va shaqirlaydigan osma o‘yinchoqlari bor maxsus rivojlantiruvchi gilamchaga yotqizing.
Bolaga avvalgidek yengil massaj va gimnastika qilish foydalidir. Agar bola boshini yaxshi tuta olmasa, pediatr bilan maslahatlashing, go‘dak uchun professional massaj zarur bo‘lishi mumkin.

Xulosa:

  1. Uch oylik bolaning kun tartibi 14-18 soatlik uyquni o‘z ichiga oladi, shundan 4 martasi kunduzgi bir-bir yarim soatlik uyquga to‘g‘ri keladi.

  2. Hozircha go‘dak faqat ona suti yoki sun’iy aralashma bilan, kuniga 6-7 marta ovqatlanadi. Kechasi bola emizishsiz ham to’q uhlashi mumkin, lekin agar u uygʻonib, ochlikdan yigʻlasa, tungi emizishlarga yoʻl qoʻyiladi, ammo bolaga kunduzgi emizishlar hajmi yetarli ekanligini tahlil qilish kerak.

  3. Sayr vaqtini belgilashda ob-havoga e’tibor qaratish lozim. Sovuq kunlarda kunduzi bir marta sayr qilish kifoya, iliq kunlarda esa go‘dak bilan toza havoda iloji boricha ko‘proq yurish lozim.

  4. Bola uyg‘oq paytida uning harakat faolligini, turli ko‘rish, eshitish va taktil sezgilarini ta’minlash zarur.

Яндекс.Метрика