Top.Mail.Ru

Yangi tug‘ilgan chaqaloqlarda bichilish holatlari

Submitted on: 18.12.2025
Time to read: 3 daqiqa
count 5

Chaqaloqning mayin terisi mukammal ko‘rinadi. U juda yupqa va nozik. Ammo aynan shu xususiyati uni zaif qiladi. Chaqaloqlarda hayotining dastlabki haftalarida paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan ilk muammolardan biri — bu terining bichilishidir. Keling, bu holat qanday ko‘rinishga ega, nima sababdan yuzaga keladi, qanday oldini olish mumkin va agar profilaktika yordam bermasa, qanday davolash kerakligini ko‘rib chiqamiz.

Yangi tug‘ilgan chaqaloqdagi teri bichilishi qanday ko‘rinadi

Bichilish — bu terining namlik bilan uzoq vaqt aloqada bo‘ladigan va ishqalanadigan joylarida paydo bo‘ladigan yallig‘lanish holati. Dastlabki bosqichda bichilish yengil qizarish ko‘rinishida namoyon bo‘ladi. Ko‘pincha buni taglik sohasida: dumbalar orasida, chov qismida, qorin ostida kuzatish mumkin. Lekin bunday qizarish boshqa burmali joylarda ham paydo bo‘lishi mumkin — tizzalar ostida, quloqlar orqasida, qo‘ltiq ostida, ayniqsa uyda harorat va namlik yuqori bo‘lsa yoki chaqaloqqa juda issiq kiyim kiydirilgan bo‘lsa.

Agar qizarish yo‘qolmasa va ta’sirlovchi omil saqlanib qolsa, teri namlanishi mumkin. So‘ngra yoriqchalar, sho‘ralash, ba’zan esa mayda pufakchalar paydo bo‘ladi. Ushlab ko‘rilganda, bu joylar issiq bo‘lishi mumkin. O‘tkazib yuborilgan hollarda teri eroziya, yiringli toshmalar bilan qoplanadi, bundan tashqari, yoqimsiz hid paydo bo‘ladi. Bunday bichilish holati juda og‘riqli bo‘lib, bola har teginishda yig‘laydi.

Agar siz taglikni yechib, uning ostidagi terining qizarganini, biroz nam va iliqligini sezsangiz, bu teri bichilishi bo‘lishi mumkin. Agar chaqaloq bezovtalansa, kiyim almashtirayotganda tipirchilasa — demak, terisi allaqachon og‘riy boshlagan bo‘ladi.

Bichilish paydo bo‘lishining sabablari

Chaqaloqlardagi teri bichilishi holatlariga, birinchi navbatda, go‘dak terisining o‘ziga xos xususiyatlari, atrof-muhit sharoitlari va parvarishdagi kamchiliklar sabab bo‘ladi. Ushbu sabablarni batafsil ko‘rib chiqamiz:

  • Chaqaloqlar terisi. U kattalarnikiga nisbatan bir necha barobar yupqa. Namlikni tezroq yo‘qotadi va unga surtilgan moddalarni tez shimib oladi, tashqi ta’sirlarga chidamsiz bo‘lib, ishqalanishdan deyarli himoyalanmagan holda bo‘ladi.
  • Nam muhit. Siydik, ter va ayniqsa axlat terini ta’sirlantiradi. Taglik ushlab ko‘rganda quruq bo‘lsa ham, uning ostidagi teri baribir qoldiq namlik bilan aloqada bo‘lishi mumkin.
  • Issiq yoki quruq havo. Haddan tashqari isib ketgan xonada bola kuchli terlaydi, terisi tez quriydi va ta’sirchan bo‘lib qoladi.
  • Noto‘g‘ri tanlangan taglik. Taglik juda tor yoki aksincha, juda bo‘sh bo‘lsa, terini ishqalashi, namlikni kuchli yoki yetarli darajada shimmasligi mumkin.
  • Parvarish vositalariga nisbatan chidamsizlik. Krem, sovun, nam salfetkalar yoki hatto taglik materiali ham allergik reaksiyani keltirib chiqarishi mumkin.

Bundan tashqari, patologik sabablar ham teri bichilishiga olib kelishi mumkin:

  • Ovqatlanishdagi o‘zgarishlar. Qo‘shimcha ovqatlar yoki emizikli onaning ratsionidagi yangi mahsulotlar ba’zan axlat tarkibini o‘zgartirib, uni yanada ta’sirchan qiladi.
  • Terining yuqumli kasalliklari. Zamburug‘lar (masalan, Candida) yoki bakteriyalar nam muhitda osonlik bilan ko‘payadi.

Nihoyat, terisi sezgir yoki allergiyaga moyilligi bo‘lgan bolalarda, hatto yaxshi parvarish qilingan taqdirda ham, bichilish paydo bo‘lishi mumkin. Chunki ularning terisi eng kichik ta’sirlarga ham keskin reaksiya bildiradi.

Teri bichilishi rivojlanishi bosqichlari

Shifokorlar bichilish yuzaga kelishining uch bosqichini ajratib ko‘rsatadilar:

  • birinchisi: teri shunchaki qizaradi, lekin butunligi buzilmaydi, namlanish bo‘lmaydi. Bola ta’sirlanishni sezmasligi ham mumkin, ammo ota-ona buni e’tiborsiz qoldirmasligi kerak.
  • ikkinchisi: qizarish kuchayadi, yanada yorqinroq va sezilarli bo‘ladi, po‘st tashlash boshlanadi, yoriqchalar paydo bo‘lishi mumkin. Chaqaloq bezovtalanishi mumkin, ayniqsa teriga teginganda.
  • uchinchisi: sezilarli og‘riq va namlanish paydo bo‘ladi, teri eroziya va yarachalar bilan qoplanadi, infeksiya qo‘shiladi. Bunday bichilish endi oddiy ta’sirlanish emas, balki asoratlangan yallig‘lanish bo‘lib, albatta shifokor ko‘rigini va davolanishni talab qiladi.

Muhim! Hatto teridagi yengil qizarishlarni ham e’tiborsiz qoldirmaslik kerak. Chaqaloqlarda teri holati bir necha soat ichida sezilarli darajada yomonlashib qolishi mumkin.

Profilaktika

Profilaktikaning asosiy qoidasi — bu to‘g‘ri gigiyenaga rioya qilish:

  • Tagliklarni tez-tez almashtiring. Faqat paypaslab tekshirish yoki qadoqdagi ko‘rsatkichga qarash bilan cheklanmang. Har safar ich kelganda albatta almashtiring. Boshqa vaqtlarda esa har 2-3 soatda almashtiring.
  • Chaqaloqning terisini shamollatib turing. Har safar kiyimlarini almashtirganda, uni 5-10 daqiqa tagliksiz qoldirish orqali havo vannalari qildiring.
  • Suv bilan yuving. Namlangan salfetkalar doim ham yaxshi tozalamaydi. Ich kelgandan so‘ng chaqaloqni albatta suvda yuvintiring. Kundalik parvarish uchun suyuq bolalar sovunidan foydalanish mumkin, ammo qattiq sovun ishlatmang, chunki u terini quritib yuboradi.
  • Parvarish vositalarini ishlatishda ehtiyot bo‘ling. Kremlarni, ayniqsa, xushbo‘y vositalarni haddan ortiq ishlatmang. Ba’zida ko‘p miqdorda yoki noto‘g‘ri mahsulotni qo‘llashdan ko‘ra, hech narsa ishlatmaslik afzalroqdir.
  • Taglikni o‘lchami va turiga qarab tanlang. Shuningdek, agar taglikning shimish qobiliyatiga shubha tug‘ilsa yoki terida qizarish paydo bo‘lsa, boshqa markani sinab ko‘rish lozim.
  • Xona haroratini nazorat qilib turing. Eng maqbul harorat — 22°C atrofida. Ortiqcha issiqlik terlashni kuchaytiradi.

Chaqaloqning terisini har kuni diqqat bilan kuzatib boring. Ko‘zga tashlanmaydigan joylarni tez-tez tekshiring: quloqlari orqasi, tizzalari osti, agar kichkintoy do‘mboq bo‘lsa, terisidagi burmalarini. Hatto kichik qizarishlarni ham e’tiborsiz qoldirmang. Bichilishning oldini olish uni davolashdan ko‘ra osonroq.

Qanday davolash kerak

Agar siz chaqaloqda terining qizarishini sezsangiz, uning nozik terisiga muammoni bartaraf etishda yordam bering. Buning uchun quyidagi usullarni qo‘llash mumkin:

  1. Terini tozalash. Iliq suv bilan ehtiyotkorlik bilan yuving, yumshoq sochiq bilan quriting. Ishqalamang! Hatto paxtali disk ham yallig‘langan terini ta’sirlantirib yuborishi mumkin.
  2. Terining qizargan joylarini ochiq qoldirish. Teriga «nafas olish» imkonini bering. Agar bola tinch yotgan bo‘lsa, 10-15 daqiqa taglikni yechib qo‘ying.
  3. Himoya vositasidan foydalanish. Boshlang‘ich bosqichida rux oksidli krem yoki teri bichilishiga qarshi maxsus (masalan, dekspantenol bilan) malham qo‘llash mumkin. Ular terini quritadi, himoya qiladi va tuzalishiga yordam beradi.
  4. Namlikdan saqlash. Teridagi qizargan joylar tuzalguncha teriga siydik tegishidan ehtiyot bo‘lish muhim. Tagliklarni odatdagidan tez-tez almashtirish yoki imkon bo‘lsa, ulardan vaqtincha butunlay voz kechish kerak.
  5. Holatning o‘zgarishini kuzatib borish. Agar 1-2 kundan so‘ng ahvol yaxshilanmasa yoki terining holati yomonlashsa, chaqaloqni pediatrga ko‘rsating. Ba’zan zamburuqqa qarshi yoki antibakterial davolash zarur bo‘lishi mumkin.

Shunday qilib, chaqaloq terisining qizarishi uning noqulaylik sezayotganidan darak beradi. Bu holat har doim ham noto‘g‘ri parvarish tufayli yuzaga kelmaydi. Ba’zida bu shunchaki bolaning tana xususiyati bo‘lishi mumkin. Eng muhimi, bunday holatni o‘z vaqtida payqash va vaziyatni e’tiborsiz qoldirmaslikdir.

Xulosalar

  1. Chaqaloqlardagi bichilish taglik va burmalar sohasidagi teri qizarishi ko‘rinishida bo‘ladi. Bundan tashqari, terining po‘st tashlashi, yorilishi, yiringli toshmalar va nam joylar paydo bo‘lishi mumkin.
  2. Teri bichilishi ortiqcha namlik va terini shamollatib turmaslik, shuningdek, oziq-ovqat allergiyasi yoki infeksiya tufayli yuzaga kelishi mumkin.
  3. Bichilish rivojlanishining uch bosqichi mavjud. So‘nggi bosqich shifokor nazoratini va davolashni talab qiladi.
  4. Asosiy profilaktika chorasi — terini to‘g‘ri parvarish qilish, xonadagi namlik va haroratning me’yorida saqlanishidir.
  5. Teri bichilishi holatini davolash uchun gigiyena choralari kuchaytiriladi, chaqaloqqa havo vannalari qilinadi, himoya kremlari ishlatiladi. Dori vositalari faqat shifokor tavsiyasi bilan qo‘llaniladi.
Яндекс.Метрика