Top.Mail.Ru

Bir oylik chaqaloqning kun tartibi

Submitted on: 22.05.2026
Time to read: 5 daqiqa
count 2

Bir oylik chaqaloqning kun tartibi — bu ancha bo‘rttirilgan tushuncha. Yangi tug‘ilgan chaqaloqda uyqu va uyg‘oqlik davrlarining almashinishida hali muayyan bir tartib bo‘lmaydi. Undan soat bo‘yicha uxlab, soat bo‘yicha uyg‘onishini, teng vaqt oralig‘ida och qolishini yoki sayr uchun belgilangan soatlarga chidashini kutmang. Albatta, kun tartibining ayrim qismlarini darhol yo‘lga qo‘yasiz: masalan, majburiy ertalabki gigiyena, kechki cho‘milish kabi; ammo umuman olganda, haqiqiy kun tartibigacha hali ancha bor.

Chaqaloqda uyqu tartibi

режим ребенка в месяц.jpg

Hayotining birinchi oyida chaqaloq kunning asosiy qismini uyquda o‘tkazadi. Yangi tug‘ilgan chaqaloq uchun o‘rtacha uyqu me’yori sutkasiga 16–19 soatni, bir oylik bola uchun esa 15–17 soatni tashkil etadi. Bu, odatda, har biri 2–2,5 soat davom etadigan 6 martagacha kunduzgi uyqu va emizish uchun tanaffuslar bilan taxminan 6 soatlik tungi uyqudan iborat.
Lekin barcha bolalar o‘ziga xos bo‘lib, har bir bola uchun uyqu me’yori individualdir. Ayrim bolalar haqiqatdan ham kechayu kunduz namunali uxlab, har uch soatda emish uchun uyg‘onishi mumkin. Boshqalari esa har soatda bezovtalanadi.

Agar bir oylik chaqaloq bir sutkada 11 soatdan kam yoki 19 soatdan ko‘p uxlasa, shifokor bilan maslahatlashing.

Ona suti bilan ovqatlantirish tartibi

режим на гв в 1 месяц.jpg

Chaqaloq hayotining birinchi oyida uni emizish jarayoni endigina yo‘lga qo‘yiladi: bola ona organizmidan tashqarida mustaqil oziqlanishni o‘rganadi, ona organizmi esa o‘z navbatida yangi tartibda ishlashga moslashadi.

Bu davrda juda ko‘p narsa onaning ruhiy holatiga bog‘liq bo‘ladi; axir, inson mashina emaski, bir tugmani bosish bilan o‘zida maxsus bir funksiyani yoqa olsa. Birinchi oy davomida ayolda laktatsiya, ya’ni sut kelishi shakllanadi. Aynan shuning uchun ham ilk oyda bolani talabiga ko‘ra emizish tartibi juda muhim. Bu nima degani? Bu ona bolasiga ma’lum bir vaqt oralig‘ida emas, balki chaqaloq bezovtalanganda, ochlik alomatlarini namoyon qilganda: yig‘laganda, og‘zi bilan ozuqa manbasini izlaganda ko‘krak tutishi kerak deganidir. Albatta, bolaga ko‘krakni tutishdan oldin uning bezovtaligi boshqa sabablarga bog‘liq emasligiga ishonch hosil qilish lozim: tagligini almashtirish kerakmi, qulay yotibdimi, kiyimi siqmayaptimi — shularni tekshirib ko‘rish kerak. Chaqaloq shunchaki onasini sog‘inib yoki yolg‘izlikdan qo‘rqib yig‘lagan bo‘lishi ham mumkin, bunday holda u onasining quchog‘ida tinchlanadi. Ammo agar yig‘isi to‘xtamasa va oxirgi emizishdan bir soatcha vaqt o‘tgan bo‘lsa, bolaga yana ko‘krak tutish mumkin.

Ona ham, go‘dak ham bir-biriga ko‘nikishi kerak, buning uchun esa iloji boricha ko‘proq vaqtni birga o‘tkazib, jismoniy yaqinlikda bo‘lishlari lozim. Bu borada bolani emizish ajoyib imkoniyatdir. Bir kecha-kunduzdagi emizishlar soni 6-8 tadan 10-15 tagacha bo‘lishi, shuningdek, turli kunlarda turlicha bo‘lishi ham mumkin. Ba’zan go‘yo bola kun bo‘yi ko‘krakda osilib turgandek tuyuladi. Bu tabiiy holat, farzandini emizadigan deyarli barcha onalar bunday kunlarni boshdan kechirishadi.

Vaqt o‘tib, organizmingiz chaqalog‘ingiz uchun qancha zarur bo‘lsa, aynan shuncha sut ishlab chiqarishga o‘rganadi. Emizishlar orasidagi vaqt oralig‘i uzayadi, chunki bolaning oshqozoni kattalashib, ko‘proq ovqatni sig‘dira oladigan bo‘ladi. Bola hayotining birinchi oyi oxirida emizish tartibi asta-sekin betartiblikdan chiqib, unda ma’lum bir tizim va davriylik paydo bo‘layotganini seza boshlaysiz.

Chaqaloqni sun’iy ovqatlantirish tartibi

ночные кормления смесью.jpg

Ona suti bilan boqilayotgan va sun’iy ovqatlantirilayotgan bolalarni ovqatlantirish tartiblari farq qiladi.
Sun’iy ovqatlantirishda ma’lum rejimga rioya qilish kerak, chunki aralashmani o‘zlashtirish uchun kichkintoyga ko‘proq vaqt va kuch kerak bo‘ladi.

Ona suti bilan ovqatlanadigan bola emadigan sutining miqdorini o‘zi belgilaydi. Onaning har emizishda chaqaloq qancha sut emganini aniq hisoblashi deyarli imkonsiz. Sun’iy ovqatlantiriladigan bola uchun esa kunlik aralashma miqdori uning yoshi va vazniga qarab, pediatr nazorati ostida hisoblab beriladi. Agar bu hajm o‘zboshimchalik bilan ko‘paytirilsa yoki kamaytirilsa, ovqatlantirishlar orasidagi vaqtga rioya qilinmasa, bolaning ovqat hazm qilish tizimi buzilishi, vazni me’yordan kam yoki ortiq bo‘lishi mumkin.

Chaqaloq qanchalik kichik bo‘lsa, aralashmaning bir martalik miqdori shunchalik kam, ovqatlantirishlar orasidagi vaqt ham qisqa bo‘ladi. Bola ulg‘aygani sari bu vaqt uzayadi, ammo unga beriladigan aralashmaning miqdori ham ko‘payadi. Tungi uyqusi uzayib, ovqatlanish uchun uyg‘onmaydigan bo‘ladi.

Sayr qilish tartibi

режим прогулок в 1 месяц.jpg

Chaqaloqning kun tartibida sayr qilish albatta ko‘zda tutilishi lozim, ammo sayrning davomiyligi va soni ko‘p jihatdan ob-havoga bog‘liq. Agar tashqarida sovuq, shamol, yog‘ingarchilik yoki jazirama bo‘lsa, bolani ko‘chaga olib chiqish shart emas. Buning o‘rniga bolaning kunduzgi uyqusini balkonda tashkil qilish, agar buning uchun ham havo juda sovuq bo‘lsa, xonani 8–15 daqiqa davomida shamollatib olish mumkin.

Shuningdek, bola hayotining birinchi oyida u bilan yoz oyidagi kunning issiq vaqtida, ya’ni soat 11:00 dan 16:00 gacha sayrga chiqish tavsiya etilmaydi. Bu vaqtda quyosh nuri o‘ta faol bo‘lib, u ona uchun ham, chaqaloq uchun ham zararlidir. Garchi bola aravacha soyaboni bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri quyosh nurlaridan to‘silgan bo‘lsa-da, u osonlikcha qizib ketishi va hatto oftob urishi mumkin.

Ob-havo yaxshi bo‘lganda esa yilning sovuq faslida, kunning birinchi yarmida bola och qolib, yig‘lashga ulgurmasligi uchun u bilan 30 daqiqadan bir-bir yarim soatgacha sayr qilish mumkin.

Yozda sayrga ikki mahal – ertalab va tushlikdan so‘ng chiqib, bir yarim-ikki soat yoki undan ham ko‘proq vaqt aylanish mumkin. Agar uydan ancha uzoqlashsangiz, bolani ovqatlantirish imkoniyatini ham o‘ylab qo‘ying. Yo‘l-yo‘lakay ona va bola xonasi bor kafe yoki savdo markazlari bor-yo‘qligini bilib oling. Agar bolani odamlar ko‘zidan pana qilib emizish sizga qulay bo‘lsa, o‘zingiz bilan katta ro‘mol yoki sharf olvoling. Agar bola sun’iy ovqatlantirishda bo‘lsa, unga tezda ovqat tayyorlash uchun kerakli miqdordagi quruq aralashma solingan idishcha va termosda iliq suv oling.

Xulosa:

  1. Bir oylik chaqaloqning uyqu tartibi o‘rtacha 2-2,5 soatdan 6 martalik kunduzgi uyquni va emizish uchun tanaffuslar bilan birga taxminan 6 soatlik tungi uyquni o‘z ichiga oladi.

  2. Ona suti bilan boqilayotgan bola hayotining birinchi oyida talabiga ko‘ra emiziladi.

  3. Sun’iy ovqatlantirishda erkin ovqatlantirish tartibi tavsiya etilmaydi. Chaqaloq aralashmani pediatr tavsiya qilgan miqdorda, teng vaqt oraliqlarida iste’mol qiladi.

  4. Yilning sovuq faslida chaqaloq bilan kuniga bir marta, kunning birinchi yarmida sayr qilinadi, yozda esa ikki marta, ammo kunduzgi jazirama vaqtida emas.

Яндекс.Метрика