Top.Mail.Ru

Tana harorati ko‘tarilganda bolani emizish mumkinmi?

Submitted on: 17.06.2026
Time to read: 5 daqiqa
count 5

Harorati ko‘tarilganda ko‘pchilik onalar sarosimaga tushadi va ularda quyidagi savollar tug‘iladi - emizishni davom ettirsa bo‘ladimi, isitma va viruslar ta’sirida sut sifati buzilmaydimi, bolaga kasallik yuqib qolmaydimi? Bu xavotirlar tushunarli, albatta, ammo aksariyat hollarda ular asossiz bo‘ladi. Keling, qaysi holatlarda tana harorati ko‘tarilganda emizish bola uchun xavfsiz ekanligi va qachon ona suti bilan ovqatlantirishni haqiqatdan ham to‘xtatib turish zarurligini ko‘rib chiqamiz.

Tana harorati yuqori bo‘lganda ham bolani emizishni davom ettirish mumkinmi?

Yaxshi xabar: aksariyat hollarda emizish nafaqat mumkin, balki zarur ham. Virusli infeksiyalarda kasallik qo‘zg‘atuvchisi ilk alomatlar paydo bo‘lishidan ancha oldin havo-tomchi yo‘li bilan yuqadi. Bu degani, sizning isitmangiz chiqqan paytda bolangiz allaqachon o‘z «viruslar ulushi»ni olib bo‘lgan bo‘ladi. Lekin viruslar bilan birga, ona organizmi kasallik bilan kurashayotganda sutga o‘tadigan himoya antitanalari ham bolaga o‘tadi. O‘RVI paytida emizishda davom etib, siz go‘dagingiz uchun o‘ziga xos «passiv emlash» o‘tkazgan bo‘lasiz.

Tana harorati ko‘tarilganda emizishni to‘xtatib turish zarur bo‘ladigan holatlar ham uchraydi. Gap og‘ir infeksiyalar va emizish bilan nomutanosib dori-darmonlarni qabul qilish haqida ketmoqda. Bu holatlar to‘g‘risida quyida batafsilroq so‘z yuritiladi. Boshqa barcha holatlarda, jumladan, oddiy shamollash, gripp yoki laktostazda, bolani emizish nafaqat xavfsiz, balki foydalidir.

Harorat ko’tarilishi ona suti sifatiga qanday ta’sir qiladi

Ko‘pchilik onalar yuqori haroratda sut «aynib», bola uchun xavfli bo‘lib qoladi, deb qo‘rqishadi. Bu asossiz gap.

To‘g‘ri, sut miqdori vaqtincha kamayishi mumkin — ayniqsa, ona kam yeb-ichsa. Suv-elektrolit muvozanati o‘zgargani sababli sutning quyuqligi ham biroz pasayishi, ta’mi esa sal sho‘rtak bo‘lib qolishi kuzatiladi. Lekin uning foydali xususiyatlari saqlanib qoladi: tarkibidagi ozuqaviy moddalar, fermentlar va himoya komponentlari o‘zgarishsiz qoladi.

Ona suti hatto kasallik davrida ham go‘dak uchun eng yaxshi ozuqa va uning immunitetini qo‘llab-quvvatlovchi vosita bo‘lib xizmat qiladi.

Onada tana harorati yuqori bo‘lsa nima qilish kerak?

Birinchi qoida — vahimaga tushmaslik. Agar isitmani oson o’tkazsangiz, tana harorati 38,5°C gacha bo‘lganda uni tushirish shart emas. Lekin termometr ustuni shu darajaga yetib, undan ham ko‘tarila boshlasa, shifokorga murojaat qilgan ma’qul.

Ko‘krak qafasidagi og‘riq, toshma, kuchli holsizlik, et junjikishi kabi alomatlarga ayniqsa e’tiborli bo‘lish lozim. Tug‘ruqdan keyingi endometrit yoki mastit kabi asoratlarni o‘tkazib yubormaslik muhim.

Agar tana haroratining ko‘tarilishiga haqiqatdan ham mastit yoki laktostaz sabab bo‘lsa, og‘riyotgan ko‘krakdan emizish nafaqat mumkin, balki zarur hamdir. Aynan farzandingiz sizga sut to‘planib qolishini yengishda har qanday ko‘krak sog‘gichdan ko‘ra yaxshiroq yordam beradi.

Agarda yuqori haroratning sababi oddiy respirator infeksiya bo‘lsa, u holda emizishni to‘xtatish uchun hech qanday asos yo‘q. Iloji bo‘lsa, oilaning boshqa a’zolaridan o‘zingizni yakkalang, lekin boladan emas. Go‘dakni qo‘lingizga olishdan va emizishdan oldin qo‘llaringizni sovunlab yuving. Agar sizni yo‘tal yoki aksirish bezovta qilayotgan bo‘lsa, bolaga yaqinlashganda niqob taqib oling.

Iloji boricha ko‘proq dam olishga harakat qiling. Haddan tashqari jonbozlik qilmang va o‘zingizga namunali beka bo‘lmaslikka ham ijozat bering. Go‘dak butunlay sizga muxtoj, shuning uchun ham sizning salomatligingiz va ahvolingiz birinchi o‘rinda turishi kerak.

Iliq suyuqlikni ko‘proq ichishni unutmang: bu achiq bo’lmagan o‘simlik choyi, kompot yoki oddiy suv bo‘lishi mumkin. Bu organizm suvsizlanishining oldini olishga va laktatsiya ta’minlanishiga yordam beradi.

Emizikli ayollarda tana haroratini qanday tushirish mumkin

Emizish davrida barcha dori vositalarini qo‘llash mumkin emas, lekin sinalgan va xavfsizlari ham bor. Bir qarashda zararsiz ko‘ringan bosh og‘rig‘i tabletkasini qabul qilishdan oldin ham yo‘riqnomasini diqqat bilan o‘qib chiqing. Uning bolaga ziyon yetkazmasligiga ishonch hosil qiling. Masalan, paratsetamol va ibuprofen, belgilangan me’yorga rioya qilinsa, emizish davrida qabul qilish mumkin bo‘lgan dorilar sirasiga kiradi. Aspirindan esa voz kechgan ma’qul — u bola organizmi uchun toksik bo‘lishi mumkin. Virusga qarshi vositalar va antibiotiklar faqat shifokor tomonidan tayinlanadi — ularning ayrimlari emizish davriga mos  kelishi mumkin, ammo barchasi emas.

Qo‘shimcha ravishda uy sharoitidagi usullardan ham foydalanish mumkin:

  • ko‘p miqdorda iliq suyuqlik ichish;
  • xonani muntazam ravishda shamollatib turish;
  • peshona va bo‘yin sohasiga kompress qo‘yish;
  • nam yumshoq mato bilan artish (spirt va sirkasiz!).

Qachon emizishni vaqtincha to‘xtatish kerak

Ayrim hollardagina tana harorati yuqori bo‘lganda emizish tavsiya etilmaydi:

  • agar ona kimyoterapiyada qo‘llaniladigan sitotoksik dori vositalarini qabul qilayotgan bo‘lsa;
  • sil kasalligi, brutsellyoz, I turdagi T-limfotrop virusining faol shaklida;
  • agar davolanish emizish bilan nomutanosib bo‘lgan antibiotiklarni uzoq vaqt qabul qilishni talab etsa.

Ba’zan ona tirik virusli preparatlar bilan emlanganidan so‘ng emizishda vaqtinchalik tanaffus qilish zarurati tug‘iladi, ammo bunday holatlar shifokor bilan alohida muhokama qilinadi.

Emizishni to‘xtatishga to‘g‘ri kelsa, laktatsiyani qanday saqlab qolish mumkin

Agar shifokor emizishda tanaffus qilishni tavsiya etsa, sutni saqlab qolish muhim. Bunda sutni sog‘ib olish yordam beradi. Har 3-4 soatda qo‘lda yoki sut sog‘gich moslama yordamida sutni sog‘ib oling. Tanadagi suv muvozanatini saqlang, kuniga kamida 2 litr suyuqlik iching. Tuzalganingizdan so‘ng, davolovchi shifokor ruxsati bilan emizishga asta-sekin qayting.

Bolani emizishdan vaqtincha voz kechish ona suti bilan boqishning yakunlanganini anglatmaydi — xohish va qo‘llab-quvvatlash bo‘lsa, uni qayta tiklash mumkin.

Emizikli davrda kasalliklarning oldini olish

Eng yaxshi himoya — bu oqilona profilaktikadir. Emizikli ona uchun kun tartibiga rioya qilish, dam olishga vaqt ajratish, turli xil va muvozanatli ovqatlanish ayniqsa muhim. Shamollash mavsumida odamlar gavjum joylarga bormaslik, uyga qaytganda esa qo‘llarni yaxshilab yuvish kerak. Ayrim (masalan, grippga qarshi) emlashlarda bolani emizishga qarshi ko‘rsatma bo‘lmaydi, aksincha emizish qo‘shimcha himoya vositasi bo‘la oladi.

Shunday qilib, tana haroratining ko‘tarilishi bolani ko‘krakdan shoshilinch ajratish uchun sabab bo‘la olmaydi. Aksariyat hollarda emizishni davom ettirish ona uchun ham, go‘dak uchun ham foydalidir. Asosiysi, o‘z holatingizni diqqat bilan kuzating, o‘zboshimchalik bilan davolanmang va o‘z vaqtida shifokor bilan maslahatlashing.

Xulosalar

  1. Ko‘p hollarda tana haroratining yuqori bo‘lishi bolani emizish uchun to‘siq bo‘lmaydi.

  2. Emizikli onada harorat ko‘tarilganda sut miqdori kamayishi va uning ta’mi biroz o‘zgarishi mumkin, lekin foydali xususiyatlari yo‘qolmaydi.

  3. Tana harorati 38,5–39 °C dan oshsa, tug‘ruqdan keyingi asoratlarni inkor etish uchun shifokorga murojaat qilish zarur.

  4. Emizish davrida haroratni tushirish uchun paratsetamol, ibuprofen qabul qilish, xona haroratidagi suv bilan artinish, salqin kompresslar qo‘yish, ko‘proq suyuqlik ichish va xonani muntazam ravishda shamollatib turish mumkin.

  5. Kimyoterapiya, emizish bilan mos kelmaydigan antibiotiklarni qabul qilish va og‘ir infeksiyalar paytida emizishni to‘xtatishga to‘g‘ri keladi.

  6. Bolani emizish vaqtincha to‘xtatilganda, laktatsiyani saqlab qolish uchun sutni sog‘ib turish yordam beradi.

  7. Emizikli ona bolani ona suti bilan oziqlantirish davrida O‘RVI yuqtirish xavfini kamaytirish uchun profilaktika choralariga rioya qilishi lozim.

Яндекс.Метрика