Top.Mail.Ru

Chaqaloqning qayt qilishi

Submitted on: 30.07.2025
Time to read: 3 daqiqa
count Просмотры: 2

Chaqaloqlarning deyarli barchasida qayt qilish holati kuzatiladi. Odatda, bu holat o‘z-o‘zidan o‘tib ketadi va davolanish talab qilinmaydi. Ushbu eslatma qayt qilish qachon normal holat ekanligini va qachon shifokorga murojaat qilish kerakligini tushunishingizga yordam beradi.

Qayt qilish nima?

Qayt qilish – bu vaqti-vaqti bilan ovqatning oshqozondan, unga olib boradigan naycha (qizilo‘ngach) orqali og‘izdan tashqariga chiqishidir. Bunday qayt qilish chaqaloqning yoshi kattalashgan sayin kamayib boradi.

Qayt qilish nima uchun sodir bo‘ladi?

Kichik yoshdagi bolalarning o‘ziga xos xususiyatlari tufayli

  • Yangi tug‘ilgan chaqaloq deyarli doim yotadi
  • Suyuq ovqat oshqozondan osonlikcha chiqib ketadi
  • Kichkintoylarning qizilo‘ngachi qisqa bo‘ladi
  • Go‘dak ko‘pincha ko‘p ovqat yeb qo‘yadi: u hali to‘yganini anglab yetmaydi.
  • Bola ovqatlanish paytida havoni yutib yuborishi mumkin
  • Ichakda to‘plangan gazlar oshqozonga bosim o‘tkazishi mumkin

Tashqi sabablar tufayli:

  • ota-onaning xatolari: ko‘p ovqat berish yoki tartibsiz ovqatlantirish
  • qattiq yo‘rgaklash
  • ovqatlantirishdan so‘ng bolaning holatini keskin o‘zgartirish
  • aralashma noto‘g‘ri tanlangan

Kasalliklar tufayli

  • asab tizimi kasalliklari
  • rivojlanishdagi nuqsonlar
  • oziq-ovqat allergiyasi

Qayt qilish qachon normal holat hisoblanadi?

✔ Chaqaloq ozgina – taxminan bir choy qoshiq miqdorida hazm bo‘lmagan yoki ivigan sut (aralashma)ni qayt qiladi.

✔ Ovqatlantirish paytida va qayt qilgandan so‘ng bezovta bo‘lmaydi.

✔ Vazni yaxshi oshib boradi.

Bunday holatlarda qayt qilishni davolash talab qilinmaydi.

Qaysi hollarda pediatrga murojaat qilish kerak?

🚩 Bola qayt qilish paytida qattiq yig‘laydi.

🚩 Bezovta bo‘lib ovqatlanadi va ovqatdan keyin darhol qayt qiladi.

🚩 Har bir ovqatlanishdan so‘ng fontan kabi ko‘p miqdorda qayt qiladi.

🚩 Qon yoki zardob aralash qayt qiladi. 

🚩Vazni ortmaydi yoki juda oz miqdorda ko‘payadi.

🚩 Bir yoshdan oshgan bolada qayt qilish holati davom etaveradi.
 

Qayt qilish holatida chaqaloqqa qanday yordam berish mumkin?

✔ Ovqatlantirgandan so‘ng bolani 10-15 daqiqa «ustun» holatida ushlab turing, shunda ichidagi havo chiqib ketadi.

✔ Kun davomida chaqaloqni «shoxdagi yo‘lbars» holatida (qorni bilan bilagingizda) ko‘tarib yuring. Bu ichak peristaltikasini rag‘batlantiradi va gazlarning chiqishiga yordam beradi.

✔ Chaqaloqning me’yoridan ortiq ovqatlanishiga yo‘l qo‘ymang.

✔ Emizish paytida bola havo yutmasligi uchun ko‘krakni to‘g‘ri tutishga e’tibor bering.

✔ Shisha va so‘rg‘ich bolaning yoshi va vazniga mos kelishini kuzatib boring.

✔ Kiyimning kengroqligi, chaqaloqning qornini siqmasligi va yo‘rgaklash qattiq bo‘lmasligi kerakligiga ishonch hosil qiling.

Ovqatni o‘zgartirish kerakmi?

  • Agar bola ko‘krak suti bilan oziqlanayotgan bo‘lsa, 2 hafta davomida o‘z ratsioningizda sut mahsulotlarini cheklashga harakat qiling. Qayt qilish kamaydimi? Unda sut va sutli mahsulotlarni iste’mol qilmaslikka harakat qiling. Agar yo‘q bo‘lsa, cheklovlar shart emas.
  • Agar chaqaloq sun’iy ovqatlantirilayotgan bo‘lsa, pediatr bilan reflyuksga qarshi aralashmani qo‘llash yoki boshqa bolalar aralashmasiga o‘tish haqida maslahatlashing.

Muhim! Bolangizning ovqatini o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirmang. Albatta shifokor bilan maslahatlashing!

Bolaning qayt qilishi qaysi yoshda to‘xtaydi?

Qayt qilish bolaga qo‘shimcha ovqat berib boshlaganda – 4-6 oyligidan boshlab yoki chaqaloq tik turib va yura boshlaganda, ya’ni 9-12 oyligida to‘xtaydi.

Qayt qilish - vaqtinchalik hodisadir. Bolaning ahvoliga e’tiborli bo‘ling, “xavf belgilari”ni e’tibordan chetda qoldirmang va agar biror narsa sizni tashvishga solsa, pediatrga murojaat qiling. Kichkintoyingiz ulg‘ayib borishi bilan qayt qilish, shubhasiz, o‘z-o‘zidan to‘xtaydi!

Яндекс.Метрика