Top.Mail.Ru

Emizikli onalar uchun ichimliklar: emizikli onalar nimalarni ichishi mumkin

Submitted on: 26.03.2026
Time to read: 5 daqiqa
count 1

Emizikli ona uchun suv yoki boshqa ichimlik ichish shunchaki chanqoqni qondirish usuli emas. Yetarli miqdorda suyuqlik iste’mol qilish laktatsiyani qo‘llab-quvvatlaydi, ayolning salomatligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi, chaqaloqqa ham ta’sir qilishi mumkin. Ammo aynan nima ichish mumkin, ya’ni emizikli ayol qaysi ichimliklardan voz kechgani ma’qul?

Emizikli onaga nega ko‘proq suyuqlik kerak?

Emizikli ayol ona suti bilan birga har kuni 700 ml dan 1000 ml gacha suyuqlik yo‘qotadi. Organizm o‘z resurslarini nafaqat sut ishlab chiqarishga, balki tug‘ruqdan so‘ng tiklanishga ham sarflaydi. Agar suyuqlik yetishmasa, bu sut miqdorining kamayishiga, umumiy ahvolning yomonlashishiga va holsizlik paydo bo‘lishiga olib kelishi mumkin.

Emizikli ona qancha ko‘p suyuqlik ichishi kerak? Buning aniq va umumqabul qilingan me’yori yo‘q, ammo shifokorlar laktatsiya davrida onalarga kuniga o‘rtacha 2–2,5 litr suyuqlik ichishni tavsiya qiladi. Bunga nafaqat ichimliklar, balki sho‘rva, qayla va hokazolarning suyuq qismi ham kiradi.

O‘zingizni majburlab emas, xohishingizga qarab iching. Quyidagi holatga e’tibor bering: agar siydik rangi och va tiniq bo‘lsa, demak, organizmingiz uchun suyuqlik yetarli.

Emizish davrida tavsiya etiladigan ichimliklar

Toza suv

Bu emizikli ona ratsionidagi eng xavfsiz ichimlikdir. Oddiy suv organizmdagi suv-tuz muvozanatini saqlashga yordam beradi, tarkibida allergenlar bo‘lmaydi va go‘dakda noxush reaksiyalarni keltirib chiqarmaydi. Agar oddiy suv ichishga odatlanmagan bo‘lsangiz, emizish davrida bu odatni shakllantirgan maqsadga muvofiqdir.

Ichish uchun “bolalar ozuqasi uchun” degan yorliqli, idishda qadoqlangan suvni tanlagan ma’qul. Bunday suv sifat nazoratidan o‘tganligi aniq va xavfsizlik standartlariga javob beradi. Agar buning imkoni bo‘lmasa, filtrlangan yoki qaynatilgan suv ham to‘g‘ri keladi.

Kun davomida, ayniqsa, emizishdan oldin oz-ozdan suv ichib turing. Suv ichishni tez-tez eslab turish uchun idishni karavot yonidagi stolda yoki boshqa ko‘zga ko‘rinadigan joyda saqlash qulay.

Mors, kompot va sharbatlar

Emizish davrida bu ichimliklar taomnomani boyitadi hamda vitamin va antioksidantlar manbai bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Qolaversa, ular shunchaki mazali bo‘lib, yosh onaning hayotidagi quvonchli lahzalarni ko‘paytirishga hissa qo‘shadi.

Asosiysi — olma, nok, qora smorodina, chernika kabi xavfsiz meva va rezavorlarni tanlash kerak. Ular gipoallergen bo‘lib, qorinda bezovtalik va bijg‘ish jarayonini chaqirmaydi. Sitrus mevalar, uzum va ekzotik mevalardan esa ehtiyot bo‘lish lozim. Ularni ichimliklarga oz-ozdan qo‘shib, ayniqsa, emizishning dastlabki oylarida chaqaloqning reaksiyasini diqqat bilan kuzatib borish kerak.

Uy sharoitida tayyorlangan va sanoat usulida ishlab chiqarilgan ichimliklar o‘rtasida tanlash haqida gap ketganda, o‘zingiz tayyorlagan mors va kompotlarning afzalliklari ko‘proq. Agar, albatta, ularni tayyorlashga kuchingiz va vaqtingiz bo‘lsa. Uy sharoitida tayyorlangan ichimliklarda shakar miqdorini o‘zingiz nazorat qila olasiz. Ularda bo‘yoq va konservantlar bo‘lmaydi. Do‘kondan ichimlik tanlayotganda, tarkibini diqqat bilan o‘rganing va kimyoviy qo‘shimchalari yo‘qlariga ustunlik bering.

Tabiiy, jumladan, yangi siqilgan sharbatlarni 1:1 nisbatda suv bilan aralashtiring va dastlab bir necha ho‘plamdan boshlab, bolaning reaksiyasini kuzatgan holda asta-sekin iching.

Qatiq mahsulotlari

Qatiq mahsulotlari ovqat hazm qilish uchun foydalidir. Ularning tarkibida ichak mikrobiotasida sog‘lom muvozanatni saqlaydigan va ovqatning yaxshi hazm bo‘lishiga yordam beradigan tirik bakteriyalar — probiotiklar bor. Bundan tashqari, bunday mahsulotlar kalsiy manbai hisoblanadi. Asosiysi, shakar hamda xushbo‘y hid va ta’m beruvchi qo‘shimchalarsiz mahsulotlarni tanlash kerak: masalan, kefir, tabiiy yogurt, qatiq.

Lekin shuni yodda tutish lozimki, sigir suti oqsili bolalar uchun hayotining birinchi yilida asosiy allergenlardan biri hisoblanadi. Shu bois ona qatiq mahsulotlarini ehtiyotkorlik bilan iste’mol qilib, bolaning reaksiyasini kuzatib borishi lozim.

Emizish davrida qatiq mahsulotlarining ruxsat etilgan miqdori — kuniga 1 stakan. Ularni kunning ikkinchi yarmida, masalan, tushlikdan keyingi tanovul yoki kechki yengil tamaddi sifatida iste’mol qilgan ma’qul.

Ruxsat etilgan ichimliklar

Choy

Qora va ko‘k choy tarkibida kofein mavjud. Uni ko‘p miqdorda iste’mol qilish go‘dakda asabiylikni keltirib chiqarishi, ona va bolaning uyqusini buzishi mumkin. Kuniga 1-2 piyola, yaxshisi, achchiq bo‘lmagan choyni emizib bo‘lgach ichishga ruxsat etiladi.

Aytgancha, laktatsiyani yaxshilash uchun sutli choy ichish kerakligi haqidagi katta avlodning mashhur maslahati afsonadan boshqa narsa emas. Ko‘krak sutining miqdoriga na choy, na sutning o‘zi ta’sir ko‘rsatadi. Emizishdan oldin bir stakan iliq suv ichish ham xuddi shunday samara beradi.

Kofe

Ko‘pchilik onalar emizish davrida kofe ichish mumkinmi, deb xavotirlanadi. Javob: mumkin, lekin cheklovlar bilan. Ichimlikning achchiqligiga qarab, kuniga 2-3 chashkagacha, ya’ni sutkasiga taxminan 200 mg kofein iste’mol qilishga ruxsat etiladi. Keyingi emizishgacha sutdagi kofein miqdori kamayishi uchun qahvani ertalabki emizishdan so‘ng ichgan ma’qul.

Kofeinsiz kofe ham to‘liq xavfsiz tanlov emas. Uning tarkibida baribir kofein izlari bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, u oz miqdorda bo‘lsa-da, kimyoviy erituvchilarni saqlashi mumkin va bu chaqaloq uchun jiddiy ahamiyatga ega bo‘lishi ehtimoli bor.

Kakao

Garchi kakao bizda asosan bolalar ichimligi deb hisoblansa-da, uning tarkibida tabiiy stimulyatorlar mavjud va u bolaning asab tizimini qo‘zg‘atishi mumkin, ayniqsa kechqurun ichilsa. Bundan tashqari, bolada allergiya keltirib chiqarishi xavfi ham bor. Shunday bo‘lsa-da, agar shokoladli ichimlikni iste’mol qilgandan keyin kichkintoyda hech qanday salbiy holat kuzatilmasa, haftasiga 1-2 chashka kakao ichish mumkin.

Giyohli choylar va damlamalar

Giyohli choylar emizish davrida eng maqbul ichimlikdek tuyuladi, chunki ular tabiiy, tarkibida kofein saqlamaydi, qolaversa, ko‘plab giyohlar shifobaxsh xususiyatlarga ega. Lekin bunday ichimliklarga ham ehtiyotkorona yondashish lozim. Birinchidan, giyohli damlamalar va choylar allergik reaksiyaga sabab bo‘lishi mumkin, ayniqsa, emizikli ayolda pollinoz kuzatilsa yoki u o‘simlik oqsillarini ko‘tara olmasa. Ikkinchidan, ayrim o‘simliklar tarkibida kuchli biofaol moddalar mavjud bo‘lib, ular salbiy ta’sir ko‘rsatishi, masalan, qon bosimini tushirishi yoki ko‘tarishi, ovqat hazm qilish jarayoniga, qon tarkibi va h.k. ta’sir qilishi mumkin.

Fenxel, arpabodiyon, ukrop qo‘shilgan giyohli yig‘malar laktatsiyani yaxshilash uchun keng qo‘llaniladi. Ammo ulardan foydalanishda chiqarilish shaklini hisobga olish, tayyorlash usuli, miqdori va kunlik qo‘llashlar soniga rioya qilish lozim. Chunki ularni me’yordan ortiq iste’mol qilish ona va bolada noxush oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Hatto moychechak, yalpiz yoki С vitaminiga boy na’matak kabi mashhur shifobaxsh giyohlarni ham ratsionga faqat pediatr bilan maslahatlashgandan keyingina kiritish kerak. Har qanday yangi qaynatma yoki damlamani ehtiyotkorlik bilan, kuniga bir martadan ko‘p bo‘lmagan holda, tushgacha yarim piyoladan ichib ko‘ring.

Emizikli ayollar uchun maxsus ichimliklar

Bular ozuqa moddalari miqdori bo‘yicha muvozanatlashtirilgan, yuqori darajada ixtisoslashtirilgan oziq-ovqat mahsulotlaridir. Ularning tarkibida shifobaxsh o‘tlar ekstraktlari bo‘lishi mumkin.

Masalan, Nutrima Лактамил ichimligi tarkibida laktogon (arpabodiyon, qichitqi o‘t, arpabodiyon, zira) o‘simliklarning noyob majmuasi, zardob oqsili va Omega-3 (DHA, EPA) mavjud.

Laktatsiyani oshirishga mo‘ljallangan ichimliklar onaning ovqatlanish ratsionini to‘ldiradi. Ammo ulardan foydalanishda ishlab chiqaruvchining tavsiyalariga amal qilish muhimligini esdan chiqarmaslik kerak.

Mineral suv

Tarkibida tuz miqdori yuqori bo‘lgan mineral suv ona va go‘dakning buyraklariga og‘irlik tushirishi mumkin. Emizish davrida faqat oddiy (shifobaxsh bo‘lmagan) gazsiz mineral suvni cheklangan miqdorda ichishga ruxsat etiladi.

Iste’mol qilmagan ma’qul deb hisoblangan ichimliklar

Gazlangan shirin ichimliklar

Shirin gazlangan ichimliklar — yorqin ta’m va hiddan tashqari hech qanday ijobiy jihatga ega bo‘lmagan variantdir. Ularning tarkibida ko‘p miqdorda shakar, shuningdek, kofein, xushbo‘ylantirgichlar va bo‘yoqlar mavjud. Gazli ichimliklar hech qanday foyda keltirmaydi, zarari esa istagancha topiladi. Ular moddalar almashinuvini buzishi, yurak-qon tomir tizimi faoliyatiga ta’sir ko‘rsatishi, semizlik va qandli diabet xavfini oshirishi mumkin. Bir stakan gazli ichimlik ichishning onada qorin dam bo‘lishi, go‘dakda esa meteorizm va qorin og‘rig‘i kabi salbiy oqibatlari darhol namoyon bo‘lishi ehtimoli bor.

Energetik ichimliklar

Ayniqsa, notinch o‘tgan tundan so‘ng, kechgacha tetik yurish uchun energetik ichimlik ichish yaxshi yechimdek tuyuladi, biroq aslida unday emas. Tarkibidagi kofein, taurin va guarananing miqdori yuqoriligi bunday ichimliklarni emizish davrida xavfli qilib qo‘yadi. Hatto “tabiiy” energetiklar ham bolaning asab tizimiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Alkogol

Emizish davrida spirtli ichimliklar iste’mol qilish qat’iyan man etiladi. Alkogol ona sutiga o‘tib, bolaga zarar yetkazishi mumkin: bir marta iste’mol qilinganda ham go‘dakda lanjlik, sustkashlik yoki aksincha, qo‘zg‘alish va injiqlikni keltirib chiqaradi. Emizikli ona muntazam ravishda spirtli ichimliklar ichsa, bolaning markaziy asab, yurak-qon tomir, immun tizimlari faoliyati buzilishi va jigari shikastlanishi mumkin.

Ichimlik sizga to‘g‘ri kelmaganini qanday anglash mumkin?

Hatto olma sharbati kabi eng bezarar ichimlikka ham bolaning o‘ziga xos reaksiyasi kuzatilishi mumkin. Agar siz yangi siqilgan sharbat yoki choy ichganingizdan so‘ng go‘dakda quyidagi alomatlar paydo bo‘lsa, albatta e’tibor qarating:

  • toshmalar toshishi,
  • bezovtalik,
  • yuqori qo‘zg‘aluvchanlik yoki uyquning buzilishi,
  • tez-tez qayt qilish
  • ich suyuq kelishi.

Bunday holatda ichimlikni ichishni to‘xtatib, shifokor bilan maslahatlashing.

Xullas, to‘g‘ri ichimlik ichish tartibi emizikli ona salomatligining muhim tarkibiy qismidir. Farzandingizning reaksiyasini kuzatib boring, ehtiyojingizga qarab iching, biroq faqat o‘zingiz va bolangizga foyda keltiradigan ichimliklarni iste’mol qiling.

Xulosalar

  1. Emizikli ona kuniga ko‘krak suti bilan birga qo‘shimcha 1000 ml gacha suyuqlik yo‘qotadi, shuning uchun bu yo‘qotishning o‘rnini to‘ldirish va ko‘proq suyuqlik ichish kerak.

  2. Emizish davrida eng yaxshi ichimlik — bu toza suvdir. Shuningdek, shakarsiz kompotlar, meva sharbatlari, morslar va qatiq mahsulotlarini iste’mol qilish mumkin.

  3. Emizish davrida ruxsat etilgan ichimliklar — choy, qahva, kakao, mineral suv va giyohli damlamalardir.

  4. Emizish davrida alkogol, energetik va gazli ichimliklarni iste’mol qilish mumkin emas.

  5. Agar ona biron ichimlikni ichgandan so‘ng bolada toshma toshishi, uyqu va xulq-atvor buzilishi, najasning o‘zgarishi kuzatilsa, bu ichimlikni ratsiondan chiqarib tashlash va shifokor bilan maslahatlashish zarur

Яндекс.Метрика