Top.Mail.Ru

2 yoshli bolani uyda nima bilan mashg‘ul qilish mumkin

Submitted on: 30.03.2026
Time to read: 7 daqiqa
count 25

2 yoshli bolalar uchun mo‘ljallangan o‘yin va mashg‘ulotlar

игры для детей в 2 года.jpg

Kichkintoyni band qilish uchun o‘yin yoki mashg‘ulotni tanlayotganda, ularni har kuni almashtirib turing – shundagina kichkintoyni qiziqtira olasiz. Bola har kuni yangi bilimlarni o‘zlashtirib, o‘zining ziyrakligi bilan sizni quvontiradi va hayratga soladi. Zerikishga esa bir daqiqa ham vaqt qolmaydi.

Rivojlantiruvchi kitoblar o‘qish. Ko‘p martalik ish daftarlari, stikerli kitoblar, magnitli kitoblarga, xullas, kichkintoy bilan birgalikda bajarish mumkin bo‘lgan topshiriqlari bor har qanday narsaga e’tibor qarating. Birga o‘qiysiz, o‘ynaysiz va rivojlanasiz.

Shaxsiy tajribadan

“Katta o‘g‘limni kuzata turib, shuni payqadimki, u o‘ziga qiziqarli bo‘lgan buyumlar va qahramonlar bor kitoblar bo‘yicha ishtiyoqmandlik bilan shug‘ullanar ekan. Masalan, o‘g‘lim shu yoshida parovoz va avtobuslarni yaxshi ko‘rardi, shuning uchun ular tasvirlangan qo‘llanmalar bolada katta qiziqish o‘yg‘otardi”.

Sizix Anastasiya
Rivojlantiruvchi o‘yinlar bo‘yicha ekspert, huquqiy masalalar bo‘yicha maslahatchi.

Rivojlantiruvchi kartochkalar bilan mashg‘ulotlar.  Rivojlantiruvchi kartochkalarni sotib oling yoki o‘zingiz yasang. Ularda turli mavzulardagi tasvirlar bo‘ladi. Masalan, “sabzavotlar”, “hayvonlar”, “geometrik shakllar”, “ro‘zg‘or buyumlari” va hokazo. Bolaga kartochkalarni berib, unda nima tasvirlanganini ayting va uni ta’riflab bering, toifa va ranglariga ko‘ra saralashni taklif qiling. 


Rang va sanoqni o‘rganish. Har qanday o‘yin davomida bolaga narsalarni ko‘rsatib, ularning rangini ayting. So‘ngra boladan o‘sha narsani sizga uzatishini so‘rang va rangini yana bir bor takrorlang. Uchgacha sanashni o‘rgating: “bir varaqni o‘gir”, “ikkita kubik ber”, “uchta barmog‘ingni ko‘rsat”.

Buyumlarning xususiyatlarini o‘rganish. Kichkintoyga “katta-kichik”, “yo‘g‘on-ingichka”, “yumshoq-tikanli” kabi tushunchalarni o‘rgating. O‘rgatish jarayonida bolaga buyumni ushlab ko‘rish imkonini berish muhim. Shu tariqa siz bolaning diqqatini rivojlantirasiz, bunda eslab qolish his qilish darajasida yuz beradi.

Syujetli-rolli o‘yinlar. Farzandingiz bilan oshpaz, shifokor, quruvchi, mexanik bo‘lib o‘ynang. 
O‘yinlar uchun sizga tegishli anjomlar kerak bo‘ladi. Kichkintoyga biror syujet taklif qiling: masalan, barcha hayvonchalar kasal bo‘lib qoldi – ularni davolash kerak; konstruktor yoki kubiklardan qo‘g‘irchoqlar uchun uy qurish; avtoustaxona tashkil etib, mashinalarni ta’mirlash. O‘zingiz bosh qahramon rolini o‘ynab ko‘rsating – shunda bola ham jon deb sizdan o‘rnak ola boshlaydi.
 

Ichiga qirqib olingan tasvirlar joylashtiriladigan ramkalar bilan mashg‘ulotlar. Detalni chiqarib olib, so‘ngra yana joyiga qo‘yish kerak. Buning uchun o‘yinchoqni aylantirish yoki ag‘darish talab etilishi mumkin.

Ikki yoshdan boshlab bola kichkina tutqichlari bor ramkalar bilan o‘ynashi mumkin. Bola detalni uchta barmog‘i – bosh, ko‘rsatkich va o‘rta barmoqlari bilan ushlaydi. Keyinchalik bu barmoqlar yozish jarayonida ishtirok etadi.

Pazllar bilan mashg‘ulotlar. 4–8 qismdan iborat pazllarni bola bilan ikki yoshdan boshlab bemalol yig‘ish mumkin. Avvaliga kichkintoyga pazlni yig‘ilgan holda ko‘rsatib, bitta bo‘lagini olib qo‘yishni taklif qiling. Hayratlanganingizni bildirib, uni joyiga qo‘yishni so‘rang. Maqtab qo‘ying. So‘ngra ikkita bo‘lagini olib qo‘yishini ayting va shu tarzda davom eting. Qizig‘i shundaki, sotuvda oddiy pazllarni topish qiyin bo‘lishi mumkin. Bunday pazllarni ona o‘zi ham osongina yasay oladi. Biror rasmni olib, bolaning ko‘z o‘ngida qaychi bilan 2–4 qismga kesing va yig‘ishini so‘rang. Bolaga eng ko‘p qiziq bo‘lgan tasvirlarni tanlang: masalan, u mashina, qo‘g‘irchoq, qushlar va hokazolarni yaxshi ko‘radi. Shu yo‘l bilan siz bolani o‘yinga imkon qadar ko‘proq jalb qilasiz. Pazllar fazoviy tafakkurni rivojlantirish uchun eng yaxshi mashg‘ulotlardan biridir.

To‘p bilan o‘ynaladigan o‘yinlar. Aqliy mashg‘ulotlar zehnni charchatadi. Kichkintoy dam olib, hordiq chiqarishi uchun ularni jismoniy faollik bilan almashtirib turing. Masalan, bolaga koptokni dumalatishni, devorga otishni, savatga tushirishni, darvozadan o‘tkazishni va keglilarni urib yiqitishni o‘rgating. Bolaning epchilligini va jismoniy chidamliligini mashq qildiring.

Saralash ko‘nikmasini shakllantirishga mo‘ljallangan o‘yinchoqlar. Ikki yoshda kichkintoy shakllarni tanlab, ularni kerakli teshikchalarga joylashtirishni juda yaxshi ko‘radi. Agar jajji bolakay hali bunday o‘yinni o‘ynab ko‘rmagan bo‘lsa ham, 10-12 va undan ko‘p qismli turlarini bemalol taklif qilishingiz mumkin. 2-3 ta mashg‘ulotdan so‘ng bolakay o‘yin mohiyatini tushunib oladi va o‘zi maroq bilan o‘ynaydigan bo‘ladi.
Taktil sezgi va diqqatni rivojlantirishga qaratilgan saralash o‘yinlari. Buyumlarni aralashtirib, kichkintoydan ularni rangiga, hajmiga yoki mavzusiga (hayvonlar, sabzavotlar, mashinalar) qarab saralashini so‘rang. Unga yordam bering va maqtab turing. Topshiriqlarni murakkablashtiring, masalan, o‘yinda tugmalar, loviya, shisha idish qopqoqlari kabi mayda buyumlardan ham foydalaning. Bunday mashg‘ulot bolaning mantiqiy fikrlashi va mayda motorikasini rivojlantiradi.


Mantiqiy o‘yinlar.  Bola bilan birga «bu dum qaysi hayvonniki, kim qayerda yashaydi, bu uycha qaysi hayvonniki/qushniki» kabi savollar beriladigan topshiriqlarni bajaring. Buning uchun rivojlantiruvchi qo‘llanmalar, kitoblar yoki mavzuli kartochkalardan foydalanish mumkin.


Qiziqarli mehnat.  Plastilin, maxsus massa yoki loydan biror narsa yasash mumkin. Har qanday material to‘g‘ri keladi, asosiysi, u juda qattiq bo‘lmasligi lozim, toki bola u bilan mustaqil ishlay olsin. Bu yoshda kichkintoyga quyidagilarni o‘rgatish muhim:

  • bo‘lakchalarni uzib olish;
  • ikkala kaft orasida “kolbasa” yoki sharikcha yasab dumalatish;
  • bo‘lakchalarni yassilab, barmoqlar bilan ezish.

Plastilin bilan quvnoq o‘yin:  internetdan turli rasmlarni yuklab oling yoki varaqlarga o‘zingiz chizing. Masalan, xonqizi, tovuqcha va daraxtning rasmini. Boladan tovuqcha tasvirlangan rasmga donlarni, rasmdagi xonqizi ustiga dog‘chalar, daraxtga esa olmalarni yopishtirishni so‘rang. Ularni rasmga qanday yopishtirish kerakligini ko‘rsatib bering.

Xotirani rivojlantiruvchi o‘yinlar. Bola bilan birga xonaga 4-5 ta o‘yinchoqni yashiring. So‘ngra ularni xotiraga tayanib topishni taklif qiling.

2 yoshda nimalarni chizish mumkin

рисуем с ребенком в 2 года.jpg

Bola rasm chizish bilan shug‘ullanganida uning tasavvuri, tafakkuri va mayda motorikasi rivojlanadi. Kichkintoyingizga barmoq bo‘yoqlari, bo‘r, qalam, flomaster va mo‘yqalam bilan chizish kabi turli xil rasm chizish usullarini taklif qiling.


Haftasiga 2-3 marta 10-15 daqiqa rasm chizgan ma’qul. Shunda mashg‘ulot bolada qiziqish uyg‘otadi va uni zeriktirib qo‘ymaydi. Avval bolaga mo‘yqalam yoki qalamni ushlashni o‘rgating: buning uchun vositani kichkintoy bilan birga ushlab, havoda yurgizib ko‘ring.

2 yoshli kichkintoy chiziqlar va nuqtalar chiza oladi. Shuningdek, qog‘ozga bo‘yoq sachratishi ham mumkin. Kichkintoyga qiziqarli bo‘lishi uchun u ishtirok eta oladigan syujet va vaziyatlarni o‘ylab toping. Masalan, bolakaydan quyidagilarni chizib berishni so‘rang:

  • qopag‘on it kira olmasligi uchun uychaning panjarasini
  • qo‘ziqorinlarni terib olishi uchun tipratikanga tikanlar
  • nur sochishi uchun quyoshga nurlar
  • qo‘g‘irchoq sochini taray olishi uchun taroqqa tishlar

Bolakayning kaftlariga barmoq bo‘yoqlarini surting va vatman qog‘oziga izlar qoldirishi mumkinligini ayting. Bu bolalarning sevimli mashg‘ulotlaridan biridir. Izlarga ko‘zchalar va suzgichlar chizib qo‘ysangiz, akvariumdagi baliqchalar paydo bo‘ladi.

Bolalarni mashg‘ul qilish uchun eng yaxshi o‘yinlardan biri shtamplar bilan rasm chizishdir. Ularni tayyor holda sotib olish yoki o‘zingiz yasashingiz mumkin. Buning uchun gubka (porolon) olib, undan kapalak, doira yoki quyoncha shaklini kesib oling. Bo‘yoqqa botirib, bolakayga iz qoldirishni taklif qiling. Bunday mashg‘ulot bolani ancha vaqtgacha o‘ziga maftun qilishi mumkin.

2 yoshda raqsga tushish

Raqs harakatlar muvofiqligini, mantiqiy fikrlashni rivojlantiradi, umurtqani mustahkamlaydi va vestibulyar apparatni mashq qildiradi. Muayyan harakatlarning o‘zi emas, balki jarayondan zavqlanish, jismoniy faollik va erkin bo‘lish muhim.

Yoqimli ritmik musiqa qo‘ying, bolaga aylanish, qarsak chalish, sakrash va o‘tirib-turishni ko‘rsatib bering. Keyin musiqaga mos ravishda boshni tebratishni hamda oldinga va orqaga yurishni o‘rgating. Tasavvuringizni ishga solib, raqsga ro‘molchalar, yorqin lentalar va havo sharlarini qo‘shing. O‘yinchoqlarni ham raqsga torting – ayiqcha va qo‘g‘irchoq bilan birga raqsga tushing.

Raqsga o‘rgatayotganda farzandingizning munosabatini kuzating: unga turli harakatlarni taklif qiling va ayniqsa, yaxshi uddalayotganlarini rivojlantiring. Raqsdan zavqlanish bolada harakatga qiziqish uyg‘otadi va to‘planib qolgan quvvatni chiqarishga yordam beradi. Bu uning psixofiziologik rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

2 yoshli bola mustaqil ravishda nima qila olishi mumkin?

чем занять ребенка в 2 года.jpg

Musiqiy o‘yinchoqlar

Ovoz chiqaradigan o‘yinchoq mashina va qo‘g‘irchoqlar, bolalar telefonlari va musiqa markazlari. Xullas, tugmachasini bosib, ovoz chiqarish mumkin bo‘lgan barcha narsalar.

Bolani kun davomida vaqti-vaqti bilan o‘zi yolg‘iz o‘ynashga o‘rgatish kerak. Bu mustaqillikni rivojlantiradi, kelajakda esa bolaning qiyinchiliklarni osonroq yengishiga va muvaffaqiyatli shaxs bo‘lib yetishishiga yordam beradi.

Katta mashina yoki mototsikl

Bunday mashinaga bola o‘zi o‘tirib, oyoqlari bilan itarilib yurishi mumkin. Bolaga topshiriq bering: o‘yinchoqlarni manzilga yetkazsin, yasama yoqilg‘i quyish shoxobchasidan mashinasiga benzin quysin.

Shaxsiy tajribadan

“Shaxsiy tajribamdan kelib chiqib aytamanki, bolalar uchun eng jozibador transport turlari — bu ochilib-yopiladigan eshik va yukxonalar, aylanadigan rullar, shiqildoqlar hamda tutqichlar kabi harakatlanuvchi qismlarga ega bo‘lganlaridir. Bularning barchasi transport vositasini “haqiqiy”dek ko‘rsatadi va bolakayga turli o‘yinlarni o‘ynash imkonini beradi”.

Sizix Anastasiya
Rivojlantiruvchi o‘yinlar bo‘yicha ekspert, huquqiy masalalar bo‘yicha maslahatchi.

Qurilish

Konstruktor, kubiklar, yostiqlar va choyshablardan uylar qurish mumkin. Bolakay hayvonlar uchun yoki o‘zi va onasi uchun uychalar yasasin.

Liboslar namoyishi

Bolakayga keraksiz kiyimlar: panamalar, ro‘mollar va koftalar solingan xaltachani bering. Bolalar har xil liboslarni kiyib, oyna oldida o‘zini ko‘z-ko‘z qilishni yaxshi ko‘radi.

O‘yinchoqlarni ovqatlantirish

Bolakayning oldiga qo‘g‘irchoq va hayvonlarni o‘tqazing. Ularning oldiga plastmassa likopchalar qo‘yib, boladan plastmassadan yasalgan yoki kartondan qirqib olingan sabzavotlar, mevalar, go‘sht va shirinliklarni solib chiqishni so‘rang.

Ijtimoiylashuv va uy ishlariga o‘rgatuvchi o‘yinlar.

2 yoshda bolalarning sevimli mashg‘ulotlaridan biri kattalarga taqlid qilish bo‘ladi. Agar telefonda gaplashayotgan bo‘lsangiz, kichkintoyga eski telefon go‘shagini bering; matn yozayotgan bo‘lsangiz, uni yoningizga o‘tqazib, qalam va qog‘oz tutqazing. Ovqat pishirayotganingizda esa, uning uchun ham taburet qo‘yib, ustiga qozonchani joylashtiring va cho‘mich bilan plastik sabzavotlarni bering. Sho‘rva pishirsin: aralashtirsin, “tuz sepsin”, ta’tib ko‘rsin. Pol yuvayotgan bo‘lsangiz, unga ham latta berib, yuvishi kerak bo‘lgan bir burchakni ko‘rsating. O‘yinchoq changyutgich bilan uyni tozalasin yoki o‘yinchoq dazmol bilan “dazmol qilsin”.

Kichkintoyga o‘zi uchun mustaqil mashg‘ulot topishiga yordamlashing: o‘yinchoqlarini har 3-4 haftada almashtirib turing, shunda u ularni sog‘inib, yangidek qabul qiladi. Agar bolakay doim e’tibor talab qilsa, u bilan mehr bilan suhbatlashing va o‘yinga chalg‘iting. Boshida 2-3 daqiqa davomida mustaqil tarzda o‘ynashi mumkin, lekin keyinchalik bu vaqt uzaya boradi. Bola onasining hozir bandligini, ammo keyinroq u bilan albatta o‘ynashini tushuna boshlaydi.

2 yoshli bolalar bilan birgalikda yana nimalar bilan shug‘ullanish mumkin?

рецепты детского печенья.jpg

Applikatsiyalar va qo‘l mehnati

Ularni karton, paxta disklari, gugurt cho‘plari, rangli qog‘oz, gerbariy barglari yoki fetrdan yasash mumkin. Bolakay bilan birga jo‘ja, baliqcha, uycha yoki odamcha yasang.

Qo‘g‘irchoq teatri

Do‘kondan qo‘lga kiyiladigan qo‘g‘irchoqlarni xarid qiling yoki ularni o‘zingiz yasang. Barmoqqa kiyiladigan qo‘g‘irchoqlar yoki shunchaki o‘yinchoq qahramonlar ham bo‘laveradi. Improvizatsiya qilingan parda o‘rnating va kichkintoyga spektakl ko‘rsating. “Chipor tovuq”, “Uycha”, “Bo‘g‘irsoq” yoki o‘zingiz o‘ylab topgan har qanday syujet – bularning barchasi, shubhasiz, bolani o‘ziga tortadi.

«Ferma» o‘yini

Juda foydali o‘yin. Mayda motorika, tafakkur, xotira va mantiqni rivojlantiradi. Ona, masalan, tushlik tayyorlayotgan paytda oshxonada o‘ynash uchun juda qulay. Balandligi 10-15 sm dan oshmaydigan katta idish oling. Devorlarini kerakli balandlikda kesib olish mumkin bo‘lgan quti ham bo‘laveradi. Ichiga har xil yormalar solingan idishchalarni qo‘ying. Kichkintoy bilan birga kartondan to‘siqlar yasash, kichik qutichalardan uychalar qurish mumkin.

Kichkina hayvonlar va odamchalarni joylashtirib, ferma o‘yinini o‘ynang. Bolaga hayvonlarning nomlari va ular chiqaradigan tovushlarni ajratishni o‘rgating. Kichkintoy qo‘llari bilan yormalarni sepib, hayvonchalarni oziqlantirsin. Har bir o‘yinchoqni joyidan ko‘chirish, ranglari va o‘lchamlariga qarab saralash, tunda uychalariga yashirish mumkin.

Barmoqchalar labirinti

Labirintlar bolalarga mantiqan yo‘l topishni va turli yechimlarni izlashni o‘rgatadi. Bolakayga chizilgan labirint bo‘ylab barmog‘ini yurgizishni, yo‘l ayirmalarida to‘xtab, xayolan to‘g‘ri chiqish yo‘lini topishni o‘rgating.

Qog‘ozdagi barmoq labirintlarini bolalar uchun mo‘ljallangan qo‘llanmalardan topish, internetdan chiqarib olish yoki o‘z qo‘llaringiz bilan yasashingiz mumkin. Buning uchun qog‘oz varag‘iga marker bilan egri-bugri yo‘laklar chizing. Har bir yo‘lakning oxiriga “marra” – masalan, uycha, ko‘l yoki o‘rmon rasmini soling. Bolakayga har bir yo‘lakning boshiga barmog‘ini qo‘yib, uni yo‘lak bo‘ylab yurgizishni va bu yo‘lak qayerga olib borishini kuzatishni taklif eting.

So‘ng topshiriqni murakkablashtiring — rasmga tarmoqlar va boshi berk yo‘llarni qo‘shing. Muhimi — bolaga yordam berish va uni maqtash. Kichkintoy diqqatni jamlashni, ba’zan esa qaytib, yanada qisqa yo‘lni topishni o‘rganadi.

Diqqatni jamlashga oid o‘yin

Ikki xil rangdagi stakan oling. Kichkintoyning ko‘z o‘ngida ulardan birining ostiga mayda buyumni yashiring. Stakanlarni turli yo‘nalishlarda sekin harakatlantiring. Bolakay ko‘zi bilan qo‘llaringizni kuzatib boradi. Shundan so‘ng boladan yashirilgan buyumni topishni so‘rang. Bir xil rangdagi stakanlarni olib, topshiriqni yanada murakkablashtirish mumkin.

“Hayvonni ko‘rsat” o‘yini. Kichkintoyingizga it, qush, pingvin yoki quyonni harakatlar bilan ko‘rsatib bering. Undan takrorlashini so‘rang.
Massaj qiladigan yuzalar bo‘ylab yurish. Massaj gilamchalari tovon mushaklarini chiniqtirish uchun ajoyib vositadir. Yurish paytida bola oyog‘ini turlicha bosgani uchun bir yo‘la ko‘plab mushaklar mashq qiladi. Bu mashqni yalangoyoq bajargan ma’qul, shunda chiniqish salomatlik uchun qo‘shimcha foyda keltiradi.

Tayyor massaj gilamchalarini sotib olish yoki ularni o‘zingiz yasab olishingiz mumkin. Buning uchun matoga turli xil buyumlarni mahkamlang. Masalan, tugmalar, idish yuvish gubkasi, mochalka, yog‘och tayoqchalar, yassi xaltachadagi loviya va xayolingizga kelgan boshqa narsalarni. Asosiysi, bu buyumlar matoga mahkam yopishgan va tuzilishiga ko‘ra bir-biridan farqlanishi lozim.

Ba’zan bolani zudlik bilan va uzoq vaqtga chalg‘itishga to‘g‘ri kelib qoladi. Bunday holatlar uchun kattalar ishlatadigan 3-4 ta buyumni tayyorlab qo‘ying: eski mobil telefon yoki pult, kalkulyator va hokazo. Avvaldan ularning xavfsiz ekanligiga ishonch hosil qiling, o‘yin tugagach, bu buyumlarni darhol yig‘ishtirib qo‘ying va faqat o‘ta zarur holatlardagina bering.

Xulosa:

  1. Bolaning uy sharoitidagi faoliyatini to‘g‘ri tashkil etish uchun harakatli va aqliy mashg‘ulotlarni almashtirib, kunlik faoliyat turlarini o‘zgartirib boring. Shunda kichkintoyingiz yangi bilimlarni zavq bilan o‘zlashtiradi va rivojlanadi.

  2. 2 yoshli bola bilan rivojlantiruvchi kitoblarni o‘qish, mavzuli kartochkalar bo‘yicha shug‘ullanish, ranglarni ajratishni, uchgacha sanashni, shuningdek, taktil sezgi ko‘nikmalari orqali buyumning xususiyatlarini o‘rganish mumkin. Bundan tashqari, syujetli-rolli o‘yinlar yoki koptok o‘ynash, ichiga qirqib olingan tasvirlar joylashtiriladigan ramkalar bilan mashg‘ulotlar bajarish, pazllar terish yoki biror narsa yasash ham foydalidir.

  3. Kichkintoy bilan saralash, narsalar yasash, mantiq va xotirani rivojlantiruvchi o‘yinlarni o‘ynang.

  4. Agar bolaga kaftchalari yoki shtamplar yordamida rasm chizishni taklif qilsangiz, bu mashg‘ulot qiziqarli rivojlantiruvchi o‘yinga aylanishi mumkin. Siz shunday bir syujet o‘ylab topishingiz mumkinki, unda kichkintoy yetishmayotgan qismlarni o‘zi chizib to‘ldirgan holda ishtirok eta oladi.

  5. Bolada jismoniy faollikka mehr uyg‘oting. Masalan, raqs orqali. Jo‘shqin musiqa sadolari ostida kichkintoyingizga o‘tirib-turishni, egilishni va qarsak chalishni o‘rgating. Raqsga o‘yinchoqlar, ro‘molchalar va lentalar qo‘shing. Bu bilan siz bolaning jismoniy chidamliligi va egiluvchanligini rivojlantirasiz hamda uning yig‘ilib qolgan quvvatini sarflashiga yordam berasiz.

  6. 2 yoshli bola musiqiy o‘yinchoqlarni mustaqil o‘ynay oladi, konstruktor yig‘adi yoki katta mashinaga o‘zi o‘tirib, oyoqlari bilan itarilib yurishi mumkin. Bolalar har xil kiyimlarni kiyib, oynaga qarashni, o‘yinchoq qahramonlarni ovqatlantirishni va uy ishlarida kattalarga taqlid qilishni yoqtirishadi.

  7. Kundalik mashg‘ulotlar uchun bolaga applikatsiyalar va qo‘l mehnati buyumlarini yasashni, qo‘g‘irchoq teatri, taktil sezgini rivojlantirishga qaratilgan o‘yinlar hamda barmoqchalar labirinti o‘yinini taklif qiling. Maxsus o‘yinlar yordamida farzandingizni diqqatli bo‘lishga o‘rgating, aqliy faollikni jismoniy faollik bilan to‘ldiring – masalan, massaj gilamchalari ustida yurgizing.

  8. O‘yinchoqlarni har 3-4 haftada almashtirib turing. Bu vaqt ichida bola ularni unutadi va yana yangidek qabul qilib, o‘zi xursandchilik bilan o‘ynaydi.

Яндекс.Метрика