Top.Mail.Ru

Bolada diareya: ich ketish sabablari, oqibatlari va davolash usullari

Submitted on: 20.11.2024
Time to read: 7 daqiqa
count 6914

Bolada diareya: ich ketish sabablari, oqibatlari va davolash usullari

Bolalarda ich ketishi ota-onalar eng ko‘p duch keladigan muammolardan biridir. Bunda diareya, ayniqsa, kichik yoshdagi bolalar uchun xavfli bo‘lishi mumkin, chunki u suvsizlanishga olib keladi. Suvsizlanish ba'zan juda tez rivojlanib, og‘ir asoratlarga sabab bo‘lishi mumkin. Keling, bolalarda ich ketishi nima sababdan yuzaga kelishini, qaysi hollarda zudlik bilan shifokorga murojaat qilish kerakligini va bolaga qanday yordam berish mumkinligini ko‘rib chiqamiz.

Bolalardagi diareya nima degani

Diareya – ichakning tez-tez bo‘shalishi bo‘lib, ich kelishi o‘zgaradi: ich suyuq, suvsimon, ba’zan shilimshiq yoki qon aralash bo‘ladi.

Sog‘lom bolada ich kelishining tezligi va konsistensiyasi uning yoshiga, ona suti yoki aralashma bilan oziqlanishiga hamda organizmning individual xususiyatlariga bog‘liq. Chunonchi, ona suti bilan boqilayotgan bolalarda qo‘shimcha ovqat berishdan oldin ich kelishi odatda bir xil, bo‘tqasimon, sarg‘ish rangda bo‘ladi, sutkasiga 5-7 martagacha bo‘ladi. Bu me’yor. 10 martagacha va undan yuqori bo‘lishi, axlatning taglikka to‘liq so‘rilishi – ich ketishining namoyon bo‘lishidir.

Aralashma va qo‘shimcha ovqatlar berilganda axlat kamayib, quyuqlashadi, rangi va hidi o‘zgaradi. Ichakning kuniga uch martadan ko‘p bo‘shashi va konsistensiyasining suyuq yoki suvsimonga o‘zgarishi diareya belgilari hisoblanadi.

Muhimi, bolalarda ich ketishi - mustaqil kasallik emas, balki oshqozon-ichak tizimi faoliyatining buzilishini ko‘rsatuvchi alomatdir. Uning sabablari juda xilma-xil bo‘lishi mumkin: ovqatlanishdagi nisbatan zararsiz xatolardan tortib, shoshilinch tibbiy yordamni talab qiladigan og‘ir infeksiyalargacha.

shutterstock_1065379265.jpg
 

Diareya turlari

Ich kelishining o‘zgarishiga qarab suvli, yog‘li va qonli ich ketishi farqlanadi. Shuningdek, uni davomiyligi bo‘yicha ham tasniflash mumkin. O‘tkir diareya 7-10 kungacha davom etadi, cho‘zilgan diareya 2-3 hafta, agar kasallik surunkali bosqichga o‘tsa, undan ham uzoqroq davom etishi mumkin.

Diareyadagi najasning tabiati ehtimoliy sababni ko‘rsatishi mumkin: suvli najas - virusli infeksiyalarga, yashilroq najas - bakterial infeksiyalarga, ko‘pikli najas esa - fermentativ yetishmovchilikka xosdir.

To‘g‘ri davolash uchun ma’lum bir bolada ich kelishining buzilishi qaysi turga mansubligini aniqlash muhim, ammo bu shifokorning vazifasidir.

Bolalarda ich ketishining asosiy sabablari

Kelib chiqish sababiga qarab, bolalarda diareyaning bir necha turlari farqlanadi:

  • Infeksion. Viruslar, bakteriyalar yoki parazitlar bilan zararlanganda yuzaga keladi. Eng ko‘p qo‘zg‘atuvchilari — rotavirus, salmonella, ichak tayoqchasi.
  • Oziqaviy (alimentar). Yangi qo‘shimcha oziq-ovqatlar kiritilishi, ortiqcha oziqlantirish yoki yoshga mos kelmaydigan ovqatlar iste’mol qilinishi natijasida rivojlanishi mumkin.
  • Dori vositalari bilan bog‘liq. Ko‘pincha antibiotiklar qabul qilingandan so‘ng, ichak mikroflorasi muvozanati buzilishi natijasida yuzaga keladi.
  • Funksional. Ichak fermentlari faolligining vaqtinchalik buzilishi, stress yoki ortiqcha charchash bilan bog‘liq bo‘ladi.
  • Allergik. Sigir suti oqsili yoki boshqa oziq-ovqat allergenlariga nisbatan allergik reaksiya natijasida yuzaga keladi.

Ko‘pincha diareyaga bolaning ovqat hazm qilish tizimi imkoniyatlari bilan u oladigan yuklama o‘rtasidagi nomutanosiblik sabab bo‘ladi.

Bu yuklamani turli omillar, jumladan virusli infeksiyalar (masalan, rotavirus va norovirus), bakterial infeksiyalar (salmonellyoz, dizenteriya), sifatsiz oziq-ovqat yoki yaxshi yuvilmagan meva va sabzavotlarni iste’mol qilish keltirib chiqarishi mumkin. Shuningdek, ovqat hazm bo‘lishining buzilishi to‘satdan qo‘shimcha ovqatga o‘tilganda, issiq havoda qizib ketish va suvsizlanish oqibatida yuzaga kelishi mumkin. Ich ketishi ba’zi dorilarni qabul qilishning nojo‘ya ta’siri, shuningdek, laktozani ko‘tara olmaslik, sut oqsiliga allergiya belgisi bo‘lishi mumkin. Ba’zan organizm kuchli stressga, qo‘rquvga ich ketishi bilan javob beradi, xalq uni "ayiq kasalligi" deb ataydi.

Diareya bilan bog‘liq belgilar

Ich ketishi paydo bo‘lganda bolaning xulq-atvori, uyqusi, faolligi, ishtahasi, teri qoplamlari, siyish soni va siydik xarakteriga e’tibor berish kerak.

Ich ketishida tez-tez suyuq ich kelishi bilan bir qatorda qorin dam bo‘lishi, og‘riq, spazm, ko‘ngil aynishi va qusish kuzatilishi mumkin. Bola lanj, uyquchan, loqayd bo‘lib qolishi mumkin. Harorati ko‘tarilishi mumkin.

Yosh bolalarda o‘z vaqtida yordam ko‘rsatilmasa, ich ketganda suvsizlanish belgilari tezda namoyon bo‘ladi - lablar qurishi, ko‘z yoshi to‘kmasdan yig‘lash, liqildoqning cho‘kishi, siydikning kam ajralishi.

Xavfli belgilar: shifokorga zudlik bilan murojaat qilish vaqti

Agar diareya 6 oylikdan kichik bolada boshlangan bo‘lsa, zudlik bilan tibbiy yordam ko‘rsatish kerak. Yuqorida aytib o‘tilganidek, chaqaloqlarda ich ketishi holati tezda yomonlashishi mumkin.

Har qanday yoshdagi bolalarda ich ketishining qizil belgilari quyidagilardir:

  • sutkasiga 8-10 martadan ko‘p ich kelishi;
  • ko‘p marta qusish;
  • axlatda qon, shilliq;
  • 39 °C dan yuqori harorat;
  • ichishdan voz kechish;
  • sustkashlik, murojaatga javob bermaslik;
  • 5-6 soatdan ortiq siyishning yo‘qligi, siydikning to‘q rangda bo‘lishi;
  • shilliq qavatlarning quruqligi, liqildoqning cho‘kkanligi, yig‘layotganda ko‘z yoshining yo‘qligi;
  • diareyaning bir sutkadan ortiq davom etishi va ahvolning yaxshilanish belgilari kuzatilmasligi.
     

Bolalarda diareya nimasi bilan xavfli

Suyuq ich kelishi bilan organizm yurak, miya va boshqa a’zolarning ishlashi uchun zarur bo‘lgan suv va elektrolit tuzlarni yo‘qotadi. Agar bu yo‘qotishlar o‘z vaqtida qoplanmasa, bolaning hayotiga xavf tug‘diradigan vaziyat yuzaga kelishi mumkin.

Suv-elektrolit muvozanati buzilishining namoyon bo‘lishi talvasalar, yurak ritmining buzilishi, keyinchalik esa buyrak yetishmovchiligi, ichak invaginatsiyasi, ichakdan qon ketishi, holsizlik bo‘lishi mumkin.

Og‘ir diareya bolaning hayotiga xavf tug‘dirishi mumkin, shuning uchun davolanishni o‘z vaqtida boshlash juda muhimdir.

Tashxislash

Ich ketishining sababini aniqlash uchun shifokor bolani ko‘rikdan o‘tkazadi, ovqatlanish xususiyatlari va hamroh kasalliklarni aniqlaydi. Tashxisni aniqlashtirish uchun laboratoriya tahlillari kerak bo‘lishi mumkin: koprogramma (najasni tekshirish), infeksiyaga shubha qilinganda bakteriologik ekma, gijja va sodda parazitlarga tuxumlari tahlili, yallig‘lanish jarayonini baholash uchun umumiy qon tahlili.

Ba’zi hollarda qorin bo‘shlig‘i a’zolarining ultratovush tekshiruvi yoki laktozani ko‘tara olmaslikni tekshirish talab etilishi mumkin.

Bolada diareyani davolash

Davolash taktikasi kasallik sababiga bog‘liq bo‘lib, shifokor tomonidan belgilanadi. Asosiy vazifa suvsizlanishning oldini olish va suyuqlik muvozanatini tiklashdir.

Regidratatsiya uchun oddiy suv yetarli emas. Elektrolitlar balansini tiklash uchun eritmalar tayyorlash uchun maxsus dorixona kukunlari qo‘llaniladi. Ularning bolaning yoshiga mosligini albatta aniqlashtiring. Bir yoshgacha bo‘lgan bolalarga har 5-10 daqiqada bir choy qoshiqdan eritma beriladi.

Chaqaloqda ich ketganda emizishni to‘xtatish mumkin emas. Davolovchi pediatr bilan kelishilgan holda, laktaza fermenti preparatlarini qo‘llash mumkin, agar uning ishlab chiqarilishi yetarli emasligi aniqlansa.

Pediatrning qaroriga ko‘ra, sun’iy ovqatlantirilayotgan bolalar odatdagi aralashma bilan oziqlantiriladi, lekin kichikroq miqdorda yoki sut shakari yukini kamaytirish uchun laktozasiz yoki soya aralashmasini qisman yoki to‘liq miqdorda yuboriladi.

Dori vositalarini faqat shifokor ko‘rsatmasi va nazorati ostida qo‘llash mumkin. Antibiotiklar faqat tasdiqlangan bakterial infeksiyada qo‘llaniladi. Kichik yoshdagi bolalarga ich ketishiga qarshi dorilar qo‘llash mumkin emas.

Bemorning xonasini shamollatib, namlab tozalashni unutmang. Kichkintoyga tinch muhit yarating. Jismoniy faollik va stresslar sog‘ayishni sekinlashtirishi mumkin.

Diareyada parhez

Taomlarda don mahsulotlari (bo‘tqalar, makaron mahsulotlari) va go‘sht afzal ko‘rilishi lozim. Sabzavot va mevalarga termik ishlov berish maqsadga muvofiqdir. Sut mahsulotlarini chiqarib tashlash yoki sut-qatiq mahsulotlari bilan almashtirish ma’qul. Ularda probiotiklar va ularning metabolitlari mavjud bo‘lib, ular oshqozon-ichak tizimiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Bir yoshgacha bo‘lgan bolalarda oddiy aralashmani qisman yoki hatto to‘liq maxsus aralashma bilan almashtirish mumkin, masalan,  Nutrilak Premium Кисломолочный. U ovqat hazm qilish jarayonini yengillashtirishga, muntazam ich kelishiga va mikrobiota muvozanatini saqlashga yordam beradi.

Diareyaning oldini olish

Bolalarda diareya xavfini kamaytirish uchun quyidagi oddiy qoidalarga rioya qilish muhim:

  • qo‘l va o‘yinchoqlarni yaxshilab yuvish;
  • faqat maxsus bolalar yoki qaynatilgan suv ichirish;
  • yangi, to‘g‘ri tayyorlangan ovqat bilan boqish;
  • aralashma va qo‘shimcha ovqatlarni saqlash qoidalariga rioya qilish;
  • yangi mahsulotlarga bo‘lgan reaksiyani kuzatish;
  • shifokor bilan rotavirusga qarshi emlash imkoniyatini muhokama qilish.
     

Hayotining birinchi oylaridagi bolalarda diareyaning oldini olishning eng yaxshi usullaridan biri — ona suti bilan oziqlantirishdir. U ichakning sog‘lom mikroflorasini shakllantirishga yordam beradi. Agar chaqaloq sun’iy ovqatlantirilayotgan bo‘lsa, bu vazifani probiotiklar bilan bolalar aralashmalari hal qiladi.

Xulosalar

  1. Bolalarda diareya — ovqat hazm qilishning buzilishi bo‘lib, bunda ich kelishi tezlashadi va suyuq bo‘lib qoladi.
  2. Diareya davomiyligiga ko‘ra o‘tkir, cho‘zilgan va surunkali bo‘lishi mumkin. Axlatning o‘zgarish turiga ko‘ra — suvli, yog‘li, qonli. Paydo bo‘lish sababiga ko‘ra — infeksion, oziq-ovqat, medikamentoz, funksional va allergik.
  3. Diareya qorin dam bo‘lishi, qorin og‘rig‘i, ko‘ngil aynishi, qusish, tana haroratining ko‘tarilishi, suvsizlanish belgilari bilan kechishi mumkin
  4. Bolada yuqori harorat va suvsizlanishning dastlabki belgilari paydo bo‘lganda tez yordam chaqirish kerak.
  5. Yosh bolalarda diareyada suvsizlanish tez rivojlanadi, bu og‘ir hollarda o‘limga olib kelishi mumkin.
  6. Tashxis qo‘yish uchun shifokor bolani ko‘rikdan o‘tkazadi, ota-onasidan kasallikning holati va kechishi haqida so‘rab-surishtiradi, zarur bo‘lsa, qon va najas tahlillariga yuboradi.
  7. Diareyani davolash kasallik sabablariga bog‘liq. Eng muhimi, suvsizlanishning oldini olishdir. Har qanday dori-darmonlar faqat shifokor ko‘rsatmasi bilan qo‘llaniladi.
  8. Kasallik vaqtida bolaning ishtahasi umuman bo‘lmasligi mumkin. Qo‘rqinchli emas. Tiklanish davrida ovqatlanish ehtiyotkorona bo‘lishi kerak: yopishqoq bo‘tqalar, sabzavotli pyure va sho‘rvalar, quritilgan non, pishirilgan olmalar.
  9. Profilaktika uchun gigiyena qoidalariga rioya qilish, ovqat tayyorlash sifati va mahsulotlarning yangiligini kuzatib borish, kasallangan bolalar bilan aloqada bo‘lmaslik, rotavirusga qarshi emlash imkoniyatini ko‘rib chiqish zarur. Hayotining birinchi oylaridagi bolalar uchun ichak infeksiyalarining eng yaxshi profilaktikasi ona suti bilan oziqlantirishdir.
     
Яндекс.Метрика