

Chaqaloq bilan sayr qilishni qachon boshlash lozim
Yangi tug‘ilgan chaqaloq bilan birinchi marta sayrga chiqish onaning va chaqaloqning tug‘ruqdan keyingi ahvoliga, shuningdek, yil fasli va tashqaridagi ob-havoga bog‘liq. Birinchi marta qancha sayr qilish kerakligi haqida qat’iy qoidalar yo‘q.
Tug‘ruqxonadan chiqqandan keyingi dastlabki kunlarni ona va chaqaloqqa moslashish imkonini berish uchun uyda o‘tkazgan ma’qul. Emizish, kiyintirish, cho‘miltirish, kindik qoldig‘ini parvarishlash, teri burmalarini tozalash kabi tashvishlar shundoq ham yetarli. Hozircha sayr qilish unchalik zarur emas.
Agar sog‘ligingiz yaxshi bo‘lsa, tug‘ruqxonadan chiqqandan 3-5 kun o‘tgach, tashqariga chiqish mumkin.
Chaqaloq bilan nima uchun sayr qilish kerak?
Toza havo organizmning himoya kuchlarini mustahkamlaydi, qonni kislorod bilan to‘yintiradi, chaqaloqning uyqusi va ishtahasini yaxshilaydi. Quyosh nuri raxit kasalligining oldini olish uchun muhim bo‘lgan D vitaminini ishlab chiqarishga yordam beradi (biroq hatto quyoshli kunlarda ham bu kunlik me’yorni qoplash uchun yetarli bo‘lmaydi). Bundan tashqari, ochiq havoda bo‘lish onaning tug‘ruqdan so‘ng tiklanishiga va uy yumushlaridan chalg‘ishiga yordam beradi.
Ammo bu siz har kuni uzoq vaqt sayr qilishingiz shart degani emas. Hamma narsa tegishli chegarada bo‘lishi lozim.
Chaqaloq bilan qancha vaqt sayr qilish kerak

Bu ob-havoga va chaqaloqning sayr paytida qayerda bo‘lishiga bog‘liq: slingdami, qo‘ldami yoki aravachadami. Qo‘lda uzoq sayr qilib bo‘lmaydi, ammo sling va aravachada ancha vaqt sayr qilish mumkin.
Birinchi marta qancha sayr qilish kerakligiga doir aniq mezonlar yo‘q. Lekin sovuq paytda dastlabki sayrlar uncha uzoq bo‘lmagani ma’qul - 15-20 daqiqa kifoya. Bahor va yozda esa birinchi sayr biroz uzunroq, 25-30 daqiqagacha davom etishi mumkin.
Bundan keyin esa qulaylikka e’tibor qaratgan holda oqilona yondashuv bilan ish tuting. Kuniga bir yoki ikki marta sayr qilishingiz mumkin. Buni har kuni yoki har 2-3 kunda bir marta amalga oshirish mumkin, bu sizning qulayligingiz va xohishingizga bog‘liq bo‘ladi. Ko‘chaga ertalab, kunduzi yoki kechqurun chiqishingiz mumkin. Bola uchun bu katta farq qilmaydi. Ammo yozda issiqdan ehtiyot bo‘ling — harorat +25°C dan past bo‘lganda, ertalab yoki kechqurun sayr qiling.
Iliq ob-havo davrida eng maqbul — kuniga 1,5-2 soatdan ikki marta sayr qilish. Qishda o‘rtacha sovuqda 30-40 daqiqagacha sayr qilish mumkin.
Chaqaloqning hayotidagi birinchi oyda sayr qilish kuniga taxminan 1-1,5 soatni tashkil etishi maqsadga muvofiq. Bu odatda chaqaloqning uxlashi va toza havoda nafas olishi uchun yetarli hisoblanadi. Keyinchalik bu vaqtni asta-sekin uzaytirish mumkin.
Muhim eslatma! Yangi tug‘ilgan chaqaloqni ovqatlantirish vaqti doimo yodingizda bo‘lsin, chunki uni o‘tkazib yuborish mumkin emas. Slingda chaqaloqni emizish ancha qulay bo‘lib, uzoqroq sayr qilish imkonini beradi.
Qachon yangi tug‘ilgan chaqaloq bilan sayr qilish tavsiya etilmaydi
- Ko‘chada jala yomg‘ir va kuchli shamol bo‘lsa;;
- Yozda havo harorati 30°C dan yuqori, qishda esa -10°C dan past bo‘lsa;
- Yoz faslida quyoshli kunlarda soat 12:00 dan 17:00 gacha. Istisno - bolalar aravachasi yopiq bo‘lsa va soya joyda bo‘lsangiz.
- Chaqaloq yoki ona o‘zini yomon his qilsa yoki kasallik belgilari bo‘lsa.
Bolaning isib ketgani yoki sovuq qotganini qanday bilish mumkin

Agar chaqalog‘ingiz kuz yoki bahorda, ob-havo beqaror paytda tug‘ilgan bo‘lsa, quyidagi vaziyatga duch kelishingiz mumkin: uydan chiqqaningizda tashqarida quyoshli va iliq bo‘ladi, ammo 10-15 daqiqadan so‘ng shamol ko‘tarilib, osmonda bulutlar paydo bo‘ladi. Bunday tez o‘zgarishlar sayrni buzishi mumkin. Shuning uchun kiyim qatlamini yechib-kiyish imkoni bo‘ladigan tarzda kiyinish kerak. Kichkintoy uchun adyol yoki aravachaga mo‘ljallangan maxsus himoya qoplamasini olib chiqishni unutmang. Chunki aravachada chaqaloq deyarli harakatsiz bo‘ladi, shu sababli sovuq qotib qolish xavfi mavjud.
Haddan tashqari isib ketish xavfi ham jiddiy, chunki chaqaloqning tana haroratini boshqarish tizimi hali mukammal emas va issiqlik yurakka ortiqcha yuk tushirishi mumkin.
Bolaga issiq yoki sovuq emasligini qanday aniqlash mumkin?
- Bolaning lablari va burniga e’tibor bering. Agar lablari oqargan, ayniqsa ko‘kimtir tusga kirgan bo‘lsa - bu kichkintoyning sovuq qotganini bildiradi, uni tezda isitish yoki uyga qaytish kerak. Agar burnidan suv oqsa - bu hali bolaning shamollaganini anglatmaydi, balki uning sovuq qotayotganidan darak beradi.
- Orqasi yoki bo‘ynini ushlab ko‘ring - agar ular sovuq bo‘lsa, demak, bola sovuq qotgan.
- Hiqichoq ham chaqaloqning sovuq qotayotganini bildiradi;
- Sovuq qotayogan bola aravachada jim bo‘lib qoladi, ammo uxlamaydi, loqayd va holsiz bo‘lib qoladi.
Bola qishda ham isib ketishi mumkinmi?
Ha, albatta. Ayniqsa, ba’zan chaqaloqlarni sayrga haddan tashqari issiq kiyintirib olib chiqishlarini hisobga olsak. Bolaning isib ketishining belgilari:
- Terisi qizib, qizarib ketadi;
- Uch oylikdan katta bolalarda ter chiqishi mumkin, odatda sovuq ter bo‘ladi;
- Bola qiynalib nafas oladi, tez-tez esnaydi;
- Kekirish paydo bo‘lishi mumkin.
Agar haddan tashqari isib ketish yoki sovuq qotish alomatlarini sezsangiz, darrov uyga qayting. Keyingi safar chaqaloqni ob-havoga mos kiyintirishga harakat qiling.
Yangi tug‘ilgan chaqaloq bilan sayr qilishda eng muhimi – bolaning holatiga e’tiborni qaratishdir! Agar u yig‘layotgan yoki bezovtalanayotgan bo‘lsa, sayr vaqtini qisqartiring. Vaqt o‘tishi bilan uning ehtiyojlarini his qilishni o‘rganasiz va sayr ikkalangiz uchun ham sevimli odatga aylanadi.
Kichkintoyingizga sog‘lik tilaymiz, toza havodagi sayringiz yoqimli kechsin!