Top.Mail.Ru

Aralashma bolaga to‘g‘ri kelmayapti

Submitted on: 14.10.2025
Time to read: 5 daqiqa
count 0

Aralashmaning bolaga to‘g‘ri kelmasligini qanday bilish mumkin

Chaqaloq uchun eng maqbul ozuqa bu ona sutidir. Ammo hayotda shunday vaziyatlar yuz beradiki, bolani emizishning iloji bo‘lmaydi yoki chaqaloqqa qo‘shimcha ovqat berish zarur bo‘ladi. Bunday hollarda bolalar aralashmalari yordamga keladi. Ular chaqaloqning yoshi va tibbiy ko‘rsatmalarga qarab alohida tanlanadi. Aralashma bolaga mos kelmasligi mumkinmi? Afsuski, ha, hatto u barcha qoidalarga rioya qilinib, pediatr tavsiyalari asosida tanlangan bo‘lsa ham. Nima uchun shunday bo‘ladi? Qanday qilib biror narsa noto‘g‘ri ketayotganini o‘z vaqtida aniqlash va chaqaloqqa zarar yetkazmaslik mumkin? Keling, buni birgalikda ko‘rib chiqaylik.

Aralashmaning bolaga to‘g‘ri kelmasligini qanday bilish mumkin

Yangi aralashma bilan ovqatlantirishning dastlabki kunlarida ota-onalar chaqaloqning ahvoliga alohida e’tibor qaratishlari va uning sog‘lig‘i hamda xulq-atvoridagi eng kichik o‘zgarishlarni ham kuzatib borishlari lozim. Aralashma mos kelmasligining asosiy belgilari qanday? Ular bir nechta bo‘lib, terida, shuningdek, oshqozon-ichak trakti, go‘dakning o‘zini tutishi va umumiy ahvoli orqali namoyon bo‘lishi mumkin.

Ovqat hazm qilishning buzilishi

Ko‘pincha mos kelmaydigan aralashma o‘zini qorincha orqali namoyon qiladi:

  • Ko‘p miqdorda qayt qilishi, hatto «favvora» kabi kuchli qayt qilishlar kuzatilishi mumkin.
  • Kuchli qorin sanchiqlari, bola buni baqirib yig‘lash, oyoqchalarini bukish bilan bildiradi, bolada qorin mushaklari taranglashadi.
  • Qorinning dam bo‘lishi va ko‘p miqdorda gaz to‘planishi.
  • Ich kelishining buzilishi: qabziyat yoki shilimshiq aralashgan, hatto qon izlari bo‘lgan suyuq ich kelishi.

Muhim! Agar chaqaloq kam miqdorda va vaqti-vaqti qayt qilsa, axlat yashil tusda bo‘lib, boshqa patologik belgilar kuzatilmasa, bu sun’iy ovqatlantirilayotgan chaqaloqlar uchun me’yoriy holat bo‘lishi mumkin.

Go‘dakning xatti-harakatlari va umumiy ahvoli

Agar chaqaloqning harakatlari sust, o‘zi injiq bo‘lib qolsa, yomon uxlasa, ko‘rinib turgan sabablarsiz tez-tez yig‘lasa, bu bolaga berilayotgan aralashmaning unga mos kelmasligini anglatishi mumkin. Ammo bunday holatlar tish chiqishi, shamollash yoki issiqdan qizib ketish paytida ham kuzatilishi mumkin. O‘zingizcha tashxis qo‘yishga urinmang, pediatrga murojaat qiling.

Vaznning yetarli darajada ortmasligi

Bola yetarli darajada ovqatlansa-yu, ammo vazni sekin ortsa yoki hatto vaznini yo‘qotsa, bu shifokor bilan maslahatlashish uchun jiddiy sabab hisoblanadi. Ehtimol, aralashmaning ayrim tarkibiy qismlari hazm bo‘lmayotgandir.

Teridagi belgilar

Toshma, terining ko’chishi, qizarish, ayniqsa yuzda, qo‘l va oyoqlarning bukilgan joylarida, quloq orqasida - bu oziq-ovqatni ko‘tara olmaslik ehtimoli haqidagi yana bir belgi. Bunda doim ham aralashma aybdor bo‘lavermaydi: agar chaqaloq aralash ovqatlantirilayotgan bo‘lsa, kir yuvish kukuni, krem, suv yoki onaning iste’mol qilayotgan ovqati ham allergen bo‘lishi mumkin.

Nima uchun aralashma mos kelmasligi mumkin

Aralashmaning bolaga to‘g‘ri kelmasligi sabablari uning yoshi, sog‘lig‘i holati bilan, shuningdek, ishlab chiqaruvchining aralashmani saqlash va tayyorlash bo‘yicha bergan tavsiyalariga rioya qilmaslik bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin:

  • Sigir suti oqsiliga allergiya – aralashmaning salbiy reaksiyaga olib keladigan keng tarqalgan sabablaridan biridir. Bunda teridagi belgilar hamda ovqat hazm qilish bilan bog‘liq muammolar kuzatilishi mumkin. Agar tashxis tasdiqlansa, bolaga davolovchi aralashmaga o‘tish zarur bo‘lishi ehtimoldan xoli emas — masalan, gidrolizlangan oqsil yoki aminokislotalar asosidagi aralashmaga.
  • Laktaza yetishmovchiligi – chaqaloq organizmida laktaza fermenti yetarli darajada ishlab chiqarilmasa, sut qandi – laktoza to‘liq parchalanmaydi. Bu qorin dam bo‘lishi, gaz to‘planishi va suvli ich kelishiga olib keladi. Shifokor bunday holatlarda kam laktozali yoki laktozasiz sut aralashmasini tavsiya etishi mumkin.
  • Ovqat hazm qilish tizimining yetilmaganligi – yangi tug‘ilgan chaqaloqlarda ichaklar faoliyati hali to‘liq shakllanmagan. Ba’zida aralashmaga bo‘lgan reaksiya vaqtinchalik bo‘ladi – organizmning unga moslashishini kutish va keskin o‘zgartirishga shoshilmaslik kerak.
  • Tayyorlash va saqlashdagi xatolar - juda quyuq ovqat, noto‘g‘ri haroratdagi suv, eski porsiya yoki yaxshi yuvilmagan idish, hatto aralashma chaqaloqqa juda mos kelsa ham, qorinda noqulaylik tug‘dirishi mumkin.

Aralashmani qachon almashtirish kerak

Chaqaloqning ovqatlanishi tajriba o‘tkazish mumkin bo‘lgan mavzu emas! Hayotning dastlabki oylarida organizm juda ta’sirchan va zaif bo‘ladi, shuning uchun aralashmani tez-tez o‘zgartirish uning faoliyatida buzilishlarga olib kelishi mumkin. Mahsulotni almashtirish uchun sabablar chindan ham jiddiy bo‘lishi lozim:

  • Tibbiy ko‘rsatmalar: allergiya, laktaza yetishmovchiligi, kam vazn.
  • Aralashmaning to‘g‘ri tayyorlanishi va saqlanishiga qaramay, davom etadigan yaqqol ko‘ringan ko‘tara olmaslik belgilari.
  • Sotib olishdagi qiyinchiliklar: masalan, mahsulotning ishlab chiqarilishi to‘xtatilgan yoki do‘konlarda ko‘pincha topilmaydigan bo‘lsa. Bunday holatlarda, shifokor tarkibi o‘xshash bo‘lgan ozuqani tanlashda yordam beradi.

Obyektiv sabablarsiz boshqa mahsulotga o‘tishning hojati yo‘q: masalan, yangi aralashmani dugonangiz tavsiya qilgani yoki reklamasi sizni jalb etgani uchun. Shuningdek, shifokor bilan vaziyatni muhokama qilmaguningizcha odatiy ovqatlanishni o‘zgartirishga shoshilmang. Ba’zida yorqin alomatlar ham ota-onalar tomonidan noto‘g‘ri talqin qilinishi mumkin. Teridagi toshma terlama yoki yuvish vositasiga allergiya bo‘lib chiqishi mumkin. Bezovtalik va yig‘i tishlarning chiqayotganidan darak berishi mumkin. Qorin og‘rig‘i esa shunchaki qorin sanchiqlari bo‘lib, bu ona suti bilan oziqlantirilayotgan chaqaloqlarda ham uchraydi.

Aralashmani to‘g‘ri tayinlash uchun shifokorga qanday ma’lumotlar yordam beradi

Ba’zida ota-onalar shifokorga: «Aralashma bolaga to‘g‘ri kelmadi» deyishadi. Lekin aralashma turini o‘zgartirish haqida qaror qabul qilish uchun bu yetarli emas. Bola bilan nima bo‘layotganini qanchalik batafsil tushuntirsangiz, shifokorning tavsiyasi shunchalik aniq bo‘ladi.

Yozma ravishda quyidagilarni qayd etish lozim:

– yangi aralashmani qabul qilgandan so‘ng birinchi alomatlar qancha vaqtda paydo bo‘ldi;

– bu alomatlar qanday o‘zgarib bordi;; 

- ichak faoliyatining tabiati va tezligi o‘zgardimi;

- bezovtalik paydo bo‘ldimi, uyqu va ishtaha buzildimi;

- agar terida toshma paydo bo‘lgan bo‘lsa, tananing qaysi qismida va u qanday o‘zgarib bordi;

- Aralashmani qanday tayyorlash va saqlash — bu jarayonning har bir bosqichi muhim, hattoki, uni aynan kim tayyorlayotgani ham farq qiladi.

Hamma narsani yozib olish va suratga tushirish uchun vaqtingizni ayamang: bu bolalar shifokori qabulida voqealarni xotiradan tiklashga urinishdan ancha samaraliroqdir.

Shunday qilib, chaqaloqqa mos keladigan aralashmani tanlash oson ish emas. Agar muvaffaqiyatli variant darhol topilmasa, tashvishlanmang. Kichkintoyingizning ahvoliga e’tiborli bo‘ling va biror shubha tug‘ilsa, shifokorga savol berishdan cho‘chimang.

Xulosalar

  1. Agar aralashma bolaga mos kelmasa, unda ovqat hazm qilishning buzilishi, xulq-atvordagi o‘zgarishlar, terida alomatlar va vazn ortishining sustligi kuzatiladi.
  2. Aralashma sigir suti oqsiliga allergiya, laktaza yetishmovchiligi yoki chaqaloq salomatligining boshqa xususiyatlari tufayli mos kelmasligi, shuningdek, bunga aralashmani noto‘g‘ri tayyorlash va quruq mahsulotni noto‘g‘ri saqlash sabab bo‘lishi mumkin.
  3. Aralashmani faqat tibbiy ko‘rsatmalar bo‘yicha yoki u topilmay qolganda almashtirish lozim.
  4. Shifokor bola uchun yangi, mos keladigan aralashmani aniqroq tanlay olishi uchun, maslahatdan oldin bolaning ovqatlanishi natijasida paydo bo‘lgan alomatlarning vaqti va xususiyatlarini yozib qo‘ying.
Яндекс.Метрика