Top.Mail.Ru

Bolaning terisini qichitqi o‘t kuydirganda

Submitted on: 01.08.2025
Time to read: 5 daqiqa
count 2
1

Qichitqi o‘t har bir kishiga bolalikdan tanish. Uning kuydiruvchi barglari, ayniqsa terisi hali nozik va yupqa bolalarda ko‘p og‘riqli hislarni keltirib chiqarishi mumkin. Agar farzandingiz qichitqi o‘tga tegib ketib, u bolaning terisini kuydirsa, vahimaga tushmang. Bu yoqimsiz holat, ammo ko‘p hollarda xavfli emas. Keling, qichitqi o‘t kuydirganda bolaga qanday yordam berish, qaysi vositalarni qo‘llash mumkinligi va nimalar faqat noqulaylikni kuchaytirishi haqida gaplashamiz.

Qichitqi o‘t kuydirishining belgilari

Qichitqi o‘t terida boshqa narsa bilan adashtirish qiyin bo‘lgan o‘ziga xos izlar qoldiradi. O‘simlikka tegib ketdan so‘ng bolaning terisi qichishadi  va achishadi. Juda kichkina va kattaroq yoshdagi bolalarda qichitqi o‘tning kuydirishi turlicha ko‘rinishga ega bo‘lishi mumkin:

  • 3 yoshgacha: teri nozikroq bo‘lgani sababli, reaksiya kuchliroq namoyon bo‘lishi mumkin. Qizil dog‘lar yoki pufakchalar paydo bo‘ladi, sezilarli shish yuzaga kelishi ehtimoli bor. Teri achishayotgan va qichishayotgan bola  qattiq yig‘lashi mumkin.
  • 3 yoshdan katta bolalarda: odatda, qizil dog‘lar, toshma, mayda pufakchalar paydo bo‘ladi. Bola o‘zining og‘riqni mustaqil tasvirlab bera oladi, qayerda va qanday kuyganini aytib berishi mumkin.

Bu belgilar qichitqi o‘t barglarining  mayda tukchalari tarkibidagi gistamin, chumoli kislotasi va boshqa ta’sir qiluvchi moddalar  tufayli paydo bo‘ladi. Ular teriga tushib, turli xil reaksiyalarni keltirib chiqaradi.

Qichitqi o‘t kuydirganda nima qilish kerak

Bola qichitqi o‘tga tegib ketib,  u terisini kuydirib yuborsa, vahimaga tushmang, vazminlik bilan, ammo tez harakat qiling:

1. Qichitqi o‘tning tuklarini teridan olib tashlang. Buning uchun skotch yoki tukli matodan foydalanish mumkin. Uni shikastlangan joyga ehtiyotkorlik bilan qo‘ying va ko‘chirib oling. Bu teriga ta’siri   davom etayotgan tuk qoldiqlarini olib tashlashga yordam beradi.

2.. Bolaning terisini sovuq suv bilan yuving. Bu orqali terining achishishini kamaytirasiz va uni mumkin bo‘lgan iflosliklardan tozalaysiz.

3. Ta’sirlanishni kamaytirishga harakat qiling. Buning uchun dorixonada sotiladigan pantenolli gellar yoki uyda bor vositalardan foydalanish mumkin:

  • osh sodasi - uni suv bilan bo‘tqa holatiga kelguncha aralashtiring va teriga surting, qulay bo‘lishi uchun aralashmani doka yoki paxta diskiga surtib, so‘ng kuygan joyga qo‘yish mumkin;
  • muz - muz bo‘lagini mato ichiga o‘rab, bir necha daqiqa davomida teriga qo‘ying; muzni to‘g‘ridan-to‘g‘ri teriga qo‘ymang – bu qon tomirlarining torayishi (spazmi) va og‘riq kuchayishiga olib kelishi mumkin.

4. Bolani tinchlantiring. Og‘riq tez orada to‘xtashini ayting, uni o‘yin yoki ertak bilan chalg‘iting.

Qichitqi o‘t kuyganda nima qilish mumkin emas?

  • Terini ishqalash. Bu qichitqi o‘t tuklarining chuqurroq kirib borishiga va ta’siri kuchayishiga olib kelishi mumkin.
  • Issiq suv ishlatish. U teri teshiklarini kengaytiradi, natijada achishish kuchayishi mumkin.
  • Yod ishlatish. U terini quritadi va o‘tning ta’sirini kuchaytirishi mumkin.
  • Vahimaga tushish. Sizning xotirjamligingiz kichkintoyga eng noxush narsalar ortda qolganiga ishonch bag‘ishlaydi va u tezroq tinchlanadi.

O‘tning teriga ta’siri qancha davom etadi

Odatda, achishish 10-15 daqiqada o‘tib ketadi, qizarish va qichishish esa bir necha soat ichida yo‘qoladi. Terisi sezgir bolalarda bu alomatlar 1-2 kungacha saqlanishi mumkin.

Agar 48 soat ichida ahvol yaxshilanmasa yoki ta’sir oqibati  kuchaysa, shifokorga murojaat qilish lozim.

Allergik reaksiya paydo bo‘lganini qanday bilish mumkin

Qichitqi o‘tga tegib ketish  kamdan-kam hollarda allergik reaksiyaga sabab bo‘ladi. Shunga qaramay, bunday holatlar bo‘lib turadi. Quyidagi belgilarga e’tibor qaratish kerak:

  • Kuygan joy atrofiga keng tarqaladigan kuchli shish.
  • Butun tanadgi  toshma
  • Nafas olish qiyinlashishi yoki xirillash.
  • Ko‘zdan yosh oqishi, burun oqishi yoki aksirish.

Agar ushbu belgilarni payqasangiz, darhol shifokorga murojaat qiling. Kichik bolalarda allergik reaksiyalar tez rivojlanishi mumkinligi sababli, kechiktirmasdan harakat qilish juda muhim.

Kuygan joyni tozalash uchun spirt ishlatish mumkinmi?

Yo‘q, spirt ham, yod ham qichitqi o‘t kuydirgan joyni tozalash uchun to‘g‘ri kelmaydi. U terini quritib, qichishish va achishishni yanada kuchaytirishi mumkin. Shuningdek, tarkibida spirt bor boshqa suyuqliklarni, masalan, losyon va damlamalarni ham ishlatish tavsiya etilmaydi.

Soda yoki sovuq kompress kabi yengilroq vositalardan foydalanish maqsadga muvofiqroq.

Qichitqi o‘tdan kuyish: foydalimi yoki zararlimi

Qichitqi o‘tning tarkibida vitaminlar, mikroelementlar va flavonoidlar mavjud bo‘lib, xalq tabobatida undan qon aylanishini yaxshilash hamda yallig‘lanishni kamaytirish uchun foydalaniladi. Ichga qabul qilinganda yallig‘lanishga qarshi ta’sir ko‘rsatadi va qon ketishini to‘xtatadi. Biroq teri bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa qilganda, uning ta’sir qiluvchi xususiyatlari foydali bo‘lmaydi.

Boshqa tomondan, qichitqi o‘t bilan aloqa qilish atrof-muhit haqidagi o‘ziga xos saboqdir. Bir marta kuyib qolsa, bola bu o‘simlikni boshqalaridan xatosiz ajrata oladi. Agar shunday noxush holat yuz bersa, qichitqi o‘tning achitadigan barglari va poyalari uning himoya vositasi ekanligini tushuntiring. Shu tarzda u dushmanlarini: uni yemoqchi, sindirib tashlamoqchi yoki bosib-yanchimoqchi bo‘lganlarni qo‘rqitadi. Bunday tushuntirish kichkintoyga tabiatni anglashga va kelajakda ehtiyotkorroq bo‘lishga yordam beradi.

Shuni yodda tutingki, bunday vaziyatlar ulg‘ayish jarayonining bir qismidir. Sizning vazifangiz bolaga noqulaylikni yengishda ko‘maklashish va uni  dunyoga e’tiborli bo‘lishga o‘rgatishdan iborat. Qizig‘i shuki, qichitqi o‘t bu jarayonda yaxshi ustoz bo‘lib xizmat qilishi mumkin.

Xulosalar

  1. Qichitqi o‘tdan kuyish belgilari – teri qizarishi, shishishi, qichishi, achishishi va unda pufakchalar paydo bo‘lishi.
  2. Bolaning terisini qichitqi o‘t kuydirsa, kuygan joyni tozalang va osh sodasi yoki muz bilan kompress qo‘yib ta’sirni yumshatishga harakat qiling. Kuygan joyga pantenol surtsa ham bo‘ladi.
  3. Bola kuygan jiyini qashishiga yo‘l qo‘ymang, issiq suv va yod ishlatmang.
  4. Har qanday spirtli vositalar faqat o‘t ta’sirini kuchaytiradi, xolos.
  5. Qichitqi o‘tgan kuyganning o‘zi bolaga sog‘liq foydasi keltirmaydi, ammo uni  tabiat bilan ehtiyotkorroq bo‘lishga o‘rgatadi.
Яндекс.Метрика