1. Kunduzi ovqatlantirish tartibini tuzish
Go‘dak tuni bilan to‘q bo‘lishi uchun uning kundalik ovqatlanish ratsioni to‘laqonli va xilma-xil bo‘lishi lozim. Kichkintoy bo‘tqa, o‘simlik yog‘i qo‘shilgan sabzavot pyuresi iste’mol qilishi kerak. 6 oylikdan so‘ng go‘sht pyuresi, 8 oylikdan keyin esa qaiq mahsulotlari, tvorog va baliq pyuresi berish mumkin. Kechki ovqatlanish uyqudan bir soat yoki bir yarim soat oldin bo‘lishi zarur.
2. Kechki tartibni shakllantirish
Kechki tartib ovqatlanish va uyquni bir-biridan ajratishga yordam beradi. Go‘dakni cho‘miltirish, oyoq-qo‘llari va tanasini yengil uqalash, unga kitob o‘qib berish, alla aytish kabi ketma-ket bajarilgan harakatlar bolani bo‘shashtiradi va ovqatlanish bilan bog‘liq bo‘lmagan holda yaqinlashayotgan uyqu haqida signal beradi.
3. Birinchi tungi ovqatlantirishni kechiktirib turish
Kichkintoy uyg‘onib ketsa, uni avval boshqa usullar bilan, ya’ni silash, asta-sekin tebratish, mayin ovozda alla aytish yoki erkalab shivirlash orqali tinchlantirishga urinib ko‘ring. Ko‘pincha bolalar ovqat bermasangiz ham 10-15 daqiqa ichida uxlab qoladi.
4. Tungi ovqatlantirishlar sonini asta-sekin kamaytirish
Tunda o‘tkazib yuborilgan har bir ovqatlantirish – sizning kichik g‘alabangiz. Bolangiz kechki ovqatdan keyin hali to‘q bo‘lgan dastlabki uyg‘onishlardan boshlang, chunki bu paytda uni boshqa usullar bilan tinchlantirish imkoniyati yuqoriroq. Asta-sekin tungi ovqatlantirishlar sonini kamaytirishga intiling, masalan, faqat tong oldidan bir marta ovqatlantirishni qoldiring. Sun’iy oziqlantirish orqali boqilayotgan go‘daklar uchun esa har 2-3 kechada shishadagi aralashma miqdorini 30 ml ga kamaytirish mumkin.
5. Suv berish yoki so‘rg‘ichdan foydalanishga o‘tish
Emizish yoki aralashma berish o‘rniga piyola yoki ichimlik idishidan ozgina suv bering. Suvni shishaga quymang – bu bolaning tunda emish odatini davom ettirishiga olib kelishi mumkin. Agar go‘dak hali uyg‘onmagan, lekin uyqusida bezovtalana boshlagan bo‘lsa, unga so‘rg‘ich berib ko‘ring. Uyqu barqarorlashganda, so‘rg‘ichni olib qo‘ygan ma’qul.