Uch yoshda bolada mustaqillik hissi paydo bo‘ladi. Agar ota-onalar kichkintoyga g‘amxo‘rlik qilishni davom ettiraverishsa, u, ehtimol, jur’atsiz va o‘ziga ishonmaydigan bo‘lib ulg‘ayadi. Agar bolaning uydagi mashg‘ulotlari to‘g‘ri tashkil etilsa, uni vaqti-vaqti bilan kuzatgan holda kerakli yo‘nalishga solib turishning o‘zi kifoya qiladi.
3 yoshli bolalar uchun foydali o‘yinlar

Rolli o‘yinlar
3 yoshli bolalar shifokor, oshpaz, kosmonavt, superqahramon bo‘lib o‘ynashni juda yaxshi ko‘radi. Farzandingizning qiziqishlarini inobatga olib, o‘yinga mos anjomlarni tanlang. Bunday o‘yinlar bolalarda kelajakda kerak bo‘ladigan ko‘nikmalarni shakllantiradi.
Harakatli o‘yinlar
Bola harakatlana oladigan har qanday mashg‘ulot foydalidir. Masalan, bolalar diskotekasi yoki musiqa ostidagi gimnastika shular jumlasidan. Ritmik kuy qo‘yib, bolakay bilan birga raqsga tushing. Buning uchun qo‘shiqlari oldindan yozib qo‘yilgan maxsus bolalar mikrofonlaridan foydalansangiz ham bo‘ladi. Bu jajji bolakayning xotirasi va ijodiy qobiliyatlarini rivojlantiradi.
Musiqa jo‘rligida qarsak chalish, sakrash, o‘tirib-turish va egilish kabi mashqlar ham foydalidir. Bolaga oldinga va orqaga, shuningdek, doira bo‘ylab yurishni, qo‘l va oyoqlarini ko‘tarib-tushirishni o‘rgating. Shu tariqa bola ritmni his qilishni o‘rganadi va jismonan faol bo‘lib ulg‘ayadi.
Bolajonlar, shuningdek, ertak-qo‘shiqlarni, qiziqmachoqlarni ham yaxshi ko‘rishadi. Ular xotira va harakatlar muvofiqligini rivojlantiradi. Ularni birgalikda bajaring:
Mashq - “Quyoncha” ertagi:
Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, bir quyoncha bor ekan,
Quloqlari uzun ekan (qo‘llarimizni boshimizga qo‘yamiz)
O‘rmonda quyonchaning
Burunchasi sovuq qotdi (burnimizni qo‘limiz bilan yopamiz)
Yonoqlari sovuq qotdi (yonoqlarimizni kaftimiz bilan yopamiz)
Bolajonlarnikiga mehmonga,
Isinib olgani ketdi (o‘zimizni quchoqlaymiz)
Uy teatri
Qo‘g‘irchoqlarni do‘kondan sotib olish yoki o‘zingiz tikib olishingiz mumkin. Barmoqqa kiyiladigan personajlar yoki shunchaki uydagi o‘yinchoqlar ham ayni muddao bo‘ladi. Tomosha jonli chiqishi uchun parda tuting, qo‘g‘irchoqlar va syujetni tayyorlab qo‘ying. Bolalar uy teatrini maroq bilan tomosha qilib, qahramonlar bilan suhbatlashadi. Ular uchun bularning barchasi chinakamiga.
Keyinroq bolakaydan aka-ukalari, opa-singillari yoki ota-onasi uchun mustaqil ravishda tomosha qo‘yib berishni iltimos qilishingiz mumkin.
“Katta farzandim 3 yoshligida do‘stlarimizni taklif qilib, butun bir davraga tomosha qo‘yib berardik. Ayniqsa, spektakl vaqtida chiroqlarni o‘chirib, tovushlarni pasaytirganimiz bolalarga juda yoqardi. Bu tomoshaga alohida bir sirli tus bag‘ishlardi. Bolalar yurak hovuchlab, har bir qahramon uchun chin dildan hayajonlanib o‘tirishardi. Kichik qizim 1,5 yoshda va biz u bilan “Chipor tovuq” hamda “Uycha” ertaklarini tomosha qilyapmiz”.
Sizix Anastasiya
Liboslar namoyishi
Ko‘plab kiyimlarni tayyorlab qo‘ying: yubkalar, futbolkalar, sharflar, bosh kiyim, masalan, shlyapalar, shuningdek, tyul ham bo‘laveradi. Kichkina «modachi» o‘ziga yoqqan kiyimlarni o‘zi mamnuniyat bilan tanlab kiyadi va oynada o‘ziga qarab zavqlanadi.
3 yoshli bolalar uchun foydali mashg‘ulotlar

O‘qish
Ovoz chiqarib o‘qish juda foydali mashg‘ulot bo‘lib, hammasi tayyor holda chizilgan va o‘ylab topilgan multfilmlardan farqli o‘laroq, kitob bolaga tasavvur qilish va mushohada yuritish imkonini beradi. Muntazam kitob o‘qib beriladigan bolalar mulohazali bo‘lib ulg‘ayadi, nutqi ravonlashadi va so‘z boyligi ortadi.
Diqqatni jamlashga oid o‘yinlar
Katta va yorqin rasmlari ko‘p kitobni oling va uni farzandingiz bilan birga ko‘rib chiqing. Sahifalardagi barcha buyumlar va qahramonlarni nomma-nom ayting. Bosh kiyimlar va kiyim-kechak, gul yaproqlari, uycha derazalari kabi mayda detallarga ham e’tibor qarating.
Endi o‘sha kitobni ochib, kichkintoyingizdan undagi barcha narsalarni, hatto eng mayda buyumlarni ham ko‘rsatib berishini so‘rang. Birgalikda tomosha qiling. Maqtab turing. Agar yordam kerak bo‘lsa, ko‘maklashing. 2–3 ta mashg‘ulotdan so‘ng farzandingiz ancha diqqatli bo‘lib qolganini va buyumlarni tobora tezroq topayotganini sezasiz.
Bolani uy ishlariga yordam berishga o‘rgatish
Uyni yig‘ishtirayotganda bolakayga latta bering va nimalarni artish kerakligini ko‘rsating. Kichkintoyingiz tumbaning yonida lattani u yoqdan-bu yoqqa surib yurgunicha, siz butun xonani tozalab olasiz.
Kir yuvish mashinasiga kirlarni birgalikda soling: kiyimlarni olib boring va kir yuvish mashinasini ishga tushiring. Pishiriq tayyorlayotganingizda, bolaga bir bo‘lak xamir bering – o‘zi xohlagan shaklni yasasin. Uni asosiy pishiriq bilan birga pishiring.
Uy ishlarini bajarayotganda kichkintoyni doim maqtab turing, bu uni asta-sekin uy yumushlariga o‘rgatadi. Shunda bolakay uy ishlarini og‘ir mehnat deb tushunmaydi.
Ijodiy rasm chizish

Rasm chizish mantiq, tasavvur va tafakkurni rivojlantiradi. Kichkintoyga qiziqarli bo‘lishi uchun unga turli xil vositalar bilan rasm chizishni taklif qiling: bo‘yoqlar, qalamlar, flomasterlar yoki rangli bo‘rlar. So‘ngra quyidagilarni sinab ko‘ring:
- Do‘kondagi eng katta o‘lchamdagi vatman qog‘ozidan bir nechtasini oling. Ularni skotch bilan bir-biriga yopishtirib, polga yoying. Shunda sizda rasm chizish uchun katta maydon paydo bo‘ladi. Birgalikda yo‘llar, uylar va binolarni chizing. Butun bir shahar bo‘ladi. Uning ko‘chalarida o‘yinchoq mashinalar yursin, o‘yinchoq qahramonlar sayr qilsin. Bu rasmdan uni har safar yangi unsurlar bilan boyitib, ko‘p marotaba foydalanish mumkin.
- Rasm chizish uchun molbert sotib oling. Kichkintoyning ilhomi kelganida o‘zi borib chizaversin;
- Rasm chizish uchun syujetlar o‘ylab toping va bolaga ularda ishtirok etishni taklif qiling. Internetdan to‘ldirish kerak bo‘lgan andozalarni yuklab oling yoki o‘zingiz chizing. Masalan, tovuq uchun don, pechkaga tutun yoki daryoga ko‘prikcha chizish kabi.
- Kichkintoyga bo‘yash kitobchalarini bering. Hozircha bular shar, qo‘g‘irchoq yoki uycha kabi oddiy, yirik rasmlar bo‘lgani ma’qul. Bolaga qanday bo‘yashni ko‘rsatish, uni bu mashg‘ulotga o‘rgatish muhim.
Rivojlantiruvchi kartochkalar bo‘yicha mashg‘ulotlar
Do‘kondan rivojlantiruvchi kartochkalar sotib oling yoki ularni o‘zingiz yasang. Ularda sabzavot va mevalar, texnika, qahramonlar, geometrik shakllar yoki o‘simliklar tasvirlangan bo‘lishi mumkin. Ularni bolaga bering, biron narsaning nomini aytib, barcha kartochkalar orasidan ushbu narsa tasvirlangan kartochkani ko‘rsatishini so‘rang. Ularni turlari va ranglari bo‘yicha saralang. “Yeyiladigan narsa – yeyilmaydigan narsa” o‘yinini o‘ynang.
Shakllar yasash
Shakllar yasash ijodiy va fazoviy tafakkur, tasavvurni hamda mayda motorikani rivojlantiradi. Bolakay quyoncha, mashina, odamcha kabi shakllarni yasashni yaxshi ko‘radi. U bilan birga uylari, aholisi, mashinalari, daryosi va ko‘prigi bor kichik bir shaharcha yasang. Birgalikda o‘ynang – shundan so‘ng bolaning tasavvurini qanday ishlatayotganini kuzatishning o‘zi maroqli bo‘ladi.
“Mashg‘ulotlar uchun ko‘pincha uyda tayyorlangan xamirdan foydalanaman: bir stakandan un va tuzni aralashtirib, unga 2-3 osh qoshiq o‘simlik yog‘i va ozroq suv qo‘shaman. Natijada bolalar barmoqchalari uchun yumshoq va qulay bo‘lgan yasash materiali hosil bo‘ladi. Tayyor shaklchalarni har xil rangga bo‘yash mumkin”.
Sizix Anastasiya
Shuningdek, uy sharoitida sun’iy qor yasash ham mumkin. Idishga 2 stakan kraxmal va yarim stakan o‘simlik yog‘ini solib aralashtiring. Massa yopishib, undan shakl yasasa bo‘ladigan holga kelgunicha xuddi xamir qorgandek qoring. Undan qor bo‘lakchalari, qorbobo yoki butun boshli qor qasr yasash mumkin.
Qo‘l mehnati buyumlari yasash
Qo‘l mehnati buyumlarini yasash tasavvur, mantiq va buyumlarning xususiyatlari haqidagi bilimlarni rivojlantirish uchun foydalidir. Ularni qo‘l ostidagi har qanday materialdan: plastilin va g‘uddalar, karton va rangli qog‘oz, gerbariy barglari va tishkovlagichlardan yasash mumkin.
Fetrdan yasalgan buyumlar juda ajoyib chiqadi. Bu material bilan ishlash qulay va oddiy: undan istalgan narsani qirqib olish mumkin, chetlariga ishlov berish talab etilmaydi va o‘z-o‘ziga yaxshi yopishadi. Masalan, uycha, uning derazalari va uychada yashaydiganlarni qirqib oling. Bolakaydan uychaga unda yashovchilarni joylashtirishini so‘rang.
Agar kichkintoyni bunday o‘yinlarga muntazam jalb qilib borsangiz, u ularni uddalay boshlaydi va rivojlantiruvchi mashg‘ulotlarga qiziqishi uyg‘onadi. Keyinchalik u zavq bilan uzoq vaqt o‘ynaydigan bo‘ladi. Bularning barchasi diqqatni jamlash va quntni rivojlantiradi.
Uch yoshida bola qurish va yasashga juda qiziqadi. Bu yoshda yasaydigan narsalari yirik va yig‘ishga oson bo‘lishi lozim. Shundagina kichkintoy ko‘p ishlarni o‘zi bajonidil bajara oladi.
Loto
Rasmli kartochkalarni yoying, so‘ng navbatma-navbat suratlarni olib, kartochkalardagi tasvirlarni yopib chiqing. O‘yin davomida bolaga kartochkalarda chizilgan narsalarning nomlarini, ranglari va xususiyatlarini yodlab olishni ham o‘rgatish mumkin. Bunday mashg‘ulotlar diqqat va mantiqni rivojlantiradi.
3 yoshli bola mustaqil ravishda nima o‘ynay oladi

Samokat
Samokatni nafaqat ko‘chada haydash mumkin. Bu yoshdagi bola uchun uch g‘ildirakli va balandligi sozlanadigan dastasiga ega barqaror model mos keladi. Bolalar, ayniqsa, hozirgidek sovuq mavsumda uyda ham uzoq vaqt maza qilib uchishadi.
Quruq basseyn ichidagi koptokchalar
Bolalar uchun puflanadigan basseynni olib, ichini diametri 4-5 sm bo‘lgan plastmassa koptokchalar bilan to‘ldiring. Koptokchalarning harakati bolaning butun tanasini mayin nuqtali massaj qiladi, shuning uchun ko‘pchilik bolalar ularning ichida ag‘anab-dumalab o‘ynashni xush ko‘radi. Bolaga koptokchalarni ranglariga ko‘ra qanday saralashni ko‘rsating, shuningdek, koptokchalar orasiga yashirinish, ularni savatga solib, keyin mazza qilib to‘kib sochish mumkin. Bunday basseynda bola toliqib qolmasdan o‘z mushaklari va chidamliligini chiniqtiradi.
Quti ichiga rasm chizish

Qopqog‘i yo‘q karton quti oling. Hajmi 1x1 metr yoki undan kattaroq bo‘lsin. Ichiga bolangizni o‘tirg‘izib, qo‘liga qalam yoki bo‘r bering. Qutining devorlari yoki tagiga hech qanday cheklovlarsiz rasm chizaversin.
Syujetli o‘yinlar
Qo‘g‘irchoq uchun uy, avtoturargoh yoki temiryo‘l. Kichkintoyni o‘yin bilan mashg‘ul qiling. Unga qo‘g‘irchoqlarni qanday o‘tqazishni, mashinalarni parkovka qilishni yoki temiryo‘l qismlarini ulashni ko‘rsating. O‘yinga qahramonlar qo‘shing va turli syujetlarni taklif eting.
Bu yoshda butun bir o‘yin olamini yaratish mumkin: kubiklardan uy qurish, yoniga avtoturargoh, hayvonlar uchun uycha va temiryo‘l yasash. Yana adyol va stullardan chodir ham qurish mumkin. Bolangiz bilan birga tajriba qilishdan va o‘yinga berilib ketishdan qo‘rqmang! O‘yin – bu bola o‘zini namoyon qila oladigan, o‘ziga xos tasavvurini ishga solib, nimadir yarata oladigan butun bir olamdir.
Magnit bilan o‘ynash
Bolaga magnit bering, uning muzlatkich eshigiga qanday yopishishini ko‘rsating. Kichkintoy uy bo‘ylab yurib, qaysi buyumlar magnitga tortilishini, qaysilari esa tortilmasligini tekshirib ko‘rishi mumkin.
Bouling o‘yini
Bolakayga keglilarni tizib chiqish va ularni to‘p bilan urib yiqitishni o‘rgating. Keglilar o‘rniga kubiklar yoki bo‘sh plastik idishlardan foydalanish mumkin.
Idish-tovoq va kir yuvish
Tog‘oraga suv quying, ichiga sinmaydigan bolalar idishlari va gubka soling. Bolakayga idishlarni yuvishni taklif qiling.
Yana bir mashg‘ulot — tog‘orada dastro‘molchalar, qo‘g‘irchoq kiyimlari yoki mayda lattalarni yuvish.
Xulosa yasaymiz:
Uch yoshli bolakayda mustaqillikning ilk belgilari ko‘rina boshlaydi. U ko‘pincha mustaqil o‘ynashga va harakat qilishga tayyor bo‘ladi. Bola zerikib qolmasligi va o‘ziga o‘zi foydali mashg‘ulotlar topa olishi uchun unga turli faoliyat turlarini ko‘rsatish muhim.
Bolalarni mashg‘ul qilish uchun rolli va harakatli o‘yinlar, uy teatri hamda liboslar namoyishi kabi mavzulardan foydalanish mumkin.
Bolakayni foydali va rivojlantiruvchi mashg‘ulotlarga o‘rgating: birgalikda kitob o‘qish, diqqatni jamlashga oid o‘yinlar, kattalar bilan uy ishlarini bajarish. Kichkintoyga rasm chizishni, biror narsa yasashni va applikatsiyalar tayyorlashni o‘rgating. U bilan rivojlantiruvchi kartochkalar bo‘yicha mashg‘ulotlar bajaring, loto, konstruktor, kubiklar va pazllar terish kabi o‘yinlarni o‘ynang.
Bolaning mustaqilligini rivojlantirish uchun uni o‘z holiga qo‘yishdan qo‘rqmang. Unga o‘zi mustaqil o‘ynay oladigan o‘yinlarni taklif qiling: uy ichida samokat uchish, koptokchalari bilan quruq basseyn, quti ichida rasm chizish va syujetli o‘yinlar. Shuningdek, magnitlar, bouling, ro‘molchalarni yuvish yoki tog‘orada o‘yinchoq idishlarni yuvish kabi mashg‘ulotlar ham kichkintoyni o‘ziga jalb qiladi. Mustaqil bolalar kelajakda omadliroq bo‘ladi, ko‘proq narsani biladi va qiyinchiliklardan cho‘chimaydi.
Uch yoshli bolani uyda o‘yinlar bilan mashg‘ul qilish sira qiyin emas. Faqat unga nima qiziq ekanini tushunib, shunga mos o‘yinlarni tanlash muhim.