Top.Mail.Ru

5 oylik go‘dakning kun tartibi

Submitted on: 25.06.2026
Time to read: 5 daqiqa
count 3

5 oyligida kichkintoyning kun tartibi tobora barqarorlashib boradi. Ota-onalar uyqu va ovqatlantirish jadvaliga o‘z ishlarini moslashtirishlariga to‘g‘ri kelsa ham, bu tartibni saqlab turish muhim.Takrorlanib turadigan kun tartibi bolada xavfsizlik hissini shakllantiradi va ortib borayotgan yuklamalarni yengilroq qabul qilishiga yordam beradi. Ushbu maqolada 5 oylik chaqaloqning kunini uning yoshiga mos imkoniyatlari va ehtiyojlarini hisobga olgan holda qanday tashkil etishni ko‘rib chiqamiz.

5 oylik rivojlanish xususiyatlari: ular tartibga qanday ta’sir ko‘rsatadi

5 oyga kelib bola sezilarli darajada o‘zgaradi. Uning mushaklari kuchliroq bo‘ladi, boshini yaxshi tutadi va tobora dadilroq ag‘dariladi. Ba’zi kichkintoylar xuddi o‘tirmoqchi bo‘lgandek, kattalarning barmoqlaridan ushlab, faol tortila boshlaydilar. Ammo bu go‘dakni, masalan, yostiqqa o‘tqazish mumkin degani emas. Shunday qilib, bola yangi ko‘nikmalarni mashq qiladi va o‘z imkoniyatlari chegarasini sinab ko‘radi. O‘tirish esa organizmi bunga tayyor bo‘lgandagina amalga oshadi.

Koordinatsiya yaxshilanadi. Bola allaqachon o‘yinchoqlarni ikki qo‘llab ushlay oladi, bir qo‘lidan ikkinchisiga o‘tkazadi, og‘ziga tortadi. O‘sib borayotgan faollik fonida uyg‘oqlik vaqti uyqular orasida 2-2,5 soatgacha uzayadi. Uyquning umumiy davomiyligi, aksincha, asta-sekin qisqarib boradi. U tungi va kunduzgi uyqularni ham qo‘shib hisoblaganda sutkasiga taxminan 15–16 soatni tashkil etadi.

Besh oylik bolaning his-tuyg‘ulari ham xilma-xil bo‘ladi. Bu yoshda u uzoq vaqt va mamnuniyat bilan g‘uvullaydi, tovushlar bilan tajriba o‘tkazadi, sizning so‘zingizga «javob qaytaradi». U tanishlariga tabassum qiladi va begonalarga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lishi mumkin, odamlarni "o‘zinikilar" va "begonalar"ga ajratadi. Bolakayning uyg‘un rivojlanishi uchun ko‘proq muloqot va yangi hissiy taassurotlar kerak, biroq u hali ham tez charchaydi va sifatli dam olishga muhtoj bo‘ladi.

Tartibning asosiy bandlari: bolaning kuni nimalardan iborat

5 oylik bolaning asosiy mashg‘ulotlari — bu hamon ovqatlanish, uxlash va o‘yinlardir.

Oziqlantirish

Bola o‘rtacha sutkasiga 5-6 marta, taxminan har 3-3,5 soatda ovqatlanadi. Agar chaqaloq sun’iy ovqatlantirilayotgan bo‘lsa, aralashmaning bir martalik hajmi 180-200 ml gacha yetishi mumkin, ammo aniq raqamlar chaqaloqning vazni, o‘sish sur’ati va ishtahasiga bog‘liq.

Pediatr tavsiyasiga ko‘ra, 5 oylikdan boshlab ba’zi bolalar yangi ovqat — qo‘shimcha ovqat bilan tanishishni boshlaydilar, ba’zilari esa davom ettiradi. Odatda, birinchi bo‘lib bir komponentli sabzavot pyuresi yoki suvdagi glyutensiz bo‘tqalar kiritiladi.

Muhim! Qo‘shimcha ovqat hozircha asosiy oziqlanish o‘rnini bosmaydi, balki uni to‘ldiradi, xolos. Asosiy oziqlanish esa ona suti yoki aralashma hisoblanadi. Agar siz chaqaloqni aralashma bilan oziqlantirishda davom etayotgan bo‘lsangiz yoki uni ilk bor qo‘shimcha yoki asosiy oziqa sifatida joriy etayotgan bo‘lsangiz, mahsulot tarkibi bolaning sog‘lig‘i holati hamda uning yoshiga mos oziq moddalar, vitaminlar va minerallarga bo‘lgan ehtiyojlariga javob berishiga e’tibor bering.

Uyqu

5 oyligida tungi uyqu odatda 10–12 soat davom etadi. Kechasi bola 1–2 marta, ba’zan esa undan ham ko‘proq uyg‘onishi mumkin, ayniqsa rivojlanishning faol davri kuzatilayotgan bo‘lsa, tishlari chiqayotgan bo‘lsa yoki kun tartibi o‘zgargan bo‘lsa. Kunduzi esa ikki marta uzoqroq uyqu yoki qisqa kechki uyquni ham o‘z ichiga olgan holda uch marta uyqu saqlanib qoladi.

Kichkintoy osonroq va o‘z vaqtida uxlab qolishi uchun charchoqning ilk belgilarini o‘tkazib yubormaslikka harakat qiling: u ko‘zlarini ishqalay boshlaydi, esnaydi, nigohi tarqoq va beparvo bo‘lib qoladi. Agar bola ortiqcha charchab qolsa, uxlab qolishi qiyinlashadi va uyqusi bezovta bo‘ladi. Uyqudan oldingi kechki odatlarni ham unutmang. Tinch o‘yinlar, cho‘miltirish, xira yorug‘lik, sokin qo‘shiq yoki kitob o‘qib berish kichkintoyning asab tizimini dam olishga tayyorlaydi. Faol o‘yinlar va shovqinli mashg‘ulotlarni esa uxlashdan 1–1,5 soat oldin yakunlagan ma’qul.

Bedorlik va o‘yinlar

Uyqular orasida bola taxminan 2–2,5 soat uyg‘oq bo‘ladi. Bu vaqt ovqatlanish, muloqot qilish, o‘ynash va hatto gimnastika mashqlarini bajarish uchun yetarli. Biroq bu yerda mashg‘ulotlarning miqdori emas, balki sifati muhim. Kichkintoyni doimo ko‘nglini olishga urinib, uni hissiy jihatdan ortiqcha yuklamang. Polda o‘ynashi uchun qulay joy tashkil qiling va jismoniy faolligini rag‘batlantiring: uning oldiga o‘yinchoqlar, yumshoq kublar yoki qo‘l uzatib olishga harakat qiladigan kitobchalarni qo‘ying. Multfilmlar qo‘yilgan televizor va boshqa gadjetlar uchun esa hali vaqt erta: bola uchun ma’nosiz ravishda almashib turadigan yorqin tasvirlar uning hali to‘liq shakllanmagan asab tizimi uchun ortiqcha yuklama hisoblanadi.

5 oylik bolaning taxminiy kun tartibi

7:00 - uyg‘onish, gigiyena muolajalari, ovqatlantirish
7:30 - bedorlik: muloqot, gimnastika, o‘yinlar
9:15 - birinchi kunduzgi uyqu

10:30 - ovqatlantirish
11:00 - bedorlik: o‘yinlar, rivojlantiruvchi mashqlar, sayr

12:45 - ikkinchi kunduzgi uyqu (sayr bilan qilish mumkin)

14:15 - ovqatlantirish
14:45 - bedorlik: faol o‘yinlar, atrof-muhitni o‘rganish
16:30 - uchinchi kunduzgi uyqu

17:15 - ovqatlantirish
17:45 - bedorlik: sayr, muloqot, faollikning pasayishi
19:45 - cho‘milish va kechki marosimlar

20:15 - ovqatlantirish
20:30 - yotqizish va tungi uyqu

Keltirilgan jadvaldan mo‘ljal sifatida foydalanish mumkin. Uni kichkintoyingizning ehtiyojlari va xususiyatlarini hisobga olgan holda o‘zgartiring.

Bedorlik vaqtidagi o‘yinlar va mashg‘ulotlar

5 oyligida bola qo‘llari va barmoqlarini tobora yaxshiroq boshqara boshlaydi, ko‘proq harakatlarni bajara oladi va muloqot qilishga yanada faolroq intiladi. Shu sababli u bilan o‘ynaladigan o‘yinlar uning yangi ko‘nikmalarini qo‘llab-quvvatlashi va rivojlantirishi kerak. Oddiy sensor mashg‘ulotlar juda foydali: turli fakturalarga ega yumshoq kitobchani ushlab ko‘rish, chiyillaydigan o‘yinchoqni siqish yoki shaqildoqni taqillatish.

Nutq rivojlanishi uchun muloqotli o‘yinlar foydali: chaqaloq chiqargan tovushlarni takrorlang va u sizga “javob berishi” uchun tanaffus qiling. Unga qo‘shiqlar kuylash, ermak she’rlar aytib berish ham foydali, ayniqsa qo‘l harakatlari bilan birga bajariladiganlari. Masalan, “Qarg‘a-qarg‘a” yoki “Chapak-chapak” kabi o‘yinlar.

Bolaning orqasidan qorniga va qornidan orqasiga ag‘darilishini rag‘batlantiring, qorni bilan yotgan holda qo‘llariga tayangan holdagi o‘yinlarni tashkil qiling. “Samolyotcha” o‘yinini ham o‘ynang — bolajonlar kattalarning ishonchli qo‘llarida “uchishni” juda yoqtiradilar. Bunday mashg‘ulotlar mushaklarni mustahkamlashga yordam beradi va bolani keyingi murakkabroq ko‘nikmalarga — mustaqil o‘tirish va emaklashga tayyorlaydi.

Biroq jismoniy mashqlar va o‘yinlarni bola ulardan zavqlanayotgan, tetik va kayfiyati yaxshi bo‘lgan paytgacha davom ettirish kerak. Agar kichkintoy injiqlana boshlasa yoki yuzini o‘girsa, bu uning charchaganidan darak beradi. Bunday holatda tinchroq mashg‘ulotlarga o‘tish yoki uyquga tayyorgarlik ko‘rish maqsadga muvofiq.

Qo‘shimcha ovqatni kiritish: u tartibga qanday muvofiqlashadi

Agar kichkintoyingiz endigina yangi taomlar bilan tanishishni boshlayotgan bo‘lsa, qo‘shimcha ovqatni kunning birinchi yarmida berishga harakat qiling. Shunda organizmning nojo‘ya reaksiyalarini payqash osonroq bo‘ladi. Xuddi shu sababga ko‘ra, hatto bir guruhga mansub mahsulotlar, masalan, sabzavotlar yoki donli mahsulotlar ham ratsionga bittadan kiritiladi.

Yangi mahsulot ona suti yoki aralashmadan oldin beriladi. Qo‘shimcha ovqat porsiyalari hali juda kichik bo‘lgani uchun ular to‘liq ovqatlantirish o‘rnini bosa olmaydi.

Muhim! Agar bola qandaydir mahsulotni yeyishni rad etsa, tushkunlikka tushmang. Uni muntazam ravishda taklif qilishda davom eting — qat’iyat ko‘rsating, ammo majburlamang. Chunki bolaga yangi ta’mga ko‘nikish uchun ba’zan 10–15 martagacha urinish kerak bo‘lishi mumkin.

Ota-onalar tomonidan yo‘l qo‘yiladigan keng tarqalgan xatolar

Ota-onalar o‘z farzandi uchun faqat eng yaxshisini istaydilar, biroq bunga intilish jarayonida ba’zan xatolarga yo‘l qo‘yishlari mumkin.

Shunday xatolardan biri — qat’iy kun tartibini o‘rnatishga urinish, ya’ni bolaning organizmi berayotgan signallarni e’tiborsiz qoldirib, uni aynan soatiga qarab ovqatlantirish va uxlatishga harakat qilishdir.
Bola sozlab qo‘yish mumkin bo‘lgan mexanik tizim emas. Oqilona chegaralarga amal qiling, biroq eng avvalo kichkintoyning ehtiyojlari va holatiga e’tibor qarating.
 

Yana bir chekka yondashuv — bolani haddan tashqari ko‘p mashg‘ulotlar bilan band qilish: massaj, gimnastika, basseyn, rivojlantiruvchi darslar, mehmonlar, musiqa — bularning barchasini bir kunning o‘ziga jamlash. Bunday holda kichkintoy olgan taassurotlarini “hazm qilishga” ulgurmaydi va kechasi siz rejalashtirmagan “konsert” uyushtirishi mumkin.

Charchoqning ilk belgilarini payqash muhimligi haqida biz uyqu bo‘limida ham aytib o‘tgan edik. Bolani ataylab ko‘proq charchatishga urinmang, go‘yoki u oxir-oqibat o‘zi uxlab qoladi va uyqusi mustahkamroq hamda uzoqroq bo‘ladi, deb o‘ylamang. Odatda ortiqcha charchashning natijasi buning aksi bo‘ladi.

Agar bolangizning kun tartibi to‘g‘ri tashkil etilganiga shubha qilsangiz: u yetarlicha uxlayaptimi, ovqatni juda tez-tez so‘ramayaptimi — kuzatuvlar olib boring. Uyqu va ovqatlantirish kundaligi istalgan shaklda bo‘lishi mumkin- telefonda, magnitli doskada yoki qog‘oz daftarda. Bu sizga ma’lum qonuniyatlarni ko‘rishga va mavjud kamchiliklarni tuzatishga yordam beradi.

Shifokorga qachon murojaat qilish kerak?

Agar 5 oylik bola muntazam ravishda kunduzi 30-40 daqiqadan ko‘p uxlamasa, bu uning ahvoliga ta’sir qilsa, agar tungi uyqu uzoq vaqt davomida har kecha 3-4 martadan ortiq uzilsa, buni pediatr bilan muhokama qilish lozim.

Shuningdek, ishtaha bilan bog‘liq muammolar, vaznning yetarli darajada qo‘shilmasligi, guvillash va tabassumning yo‘qligi, o‘yinchoqlarga qiziqishning yo‘qligi, ag‘darilishga urinish ham maslahat olish uchun sabab bo‘ladi.

Ota-onalar uchun tavsiyalar: kuch va resurslarni qanday saqlab qolish mumkin

  • Shuni yodda tutingki, rejalaringiz istalgan paytda o‘zgarishi mumkin, uyqusiz o‘tgan bir kecha esa yaxshi yo‘lga qo‘yilgan kun tartibini izdan chiqarishi mumkin. Vaziyatga moslashuvchan yondashishga va ortiqcha asabiylashmasdan uni qabul qilishga harakat qiling.
  • Agar o‘zingizni juda charchagan his qilsangiz, bola sizni jahlingizni chiqara boshlasa yoki hamma ish qo‘lingizdan tushib ketayotgandek tuyulsa, o‘zingizga “to‘xta” deng, barcha ishlarni bir chetga surib, biroz dam oling. Bola uxlayotgan yoki o‘ynayotgan paytda 10–15 daqiqani o‘zingizga ajrating: qahva iching, biroz yoting yoki kitob o‘qing. Hatto qisqa dam olish ham stress gormoni — kortizol darajasini pasaytirishga va asab tizimining tiklanishiga yordam beradi.
  • Barcha uy yumushlarini bolaning uyqu vaqtiga rejalashtirmang. Kichkintoy tinchgina yotgan va uni qo‘lga olishni talab qilmayotgan paytda ham ayrim ishlarni bajarish mumkin: kir yuvish mashinasini yoki idish yuvish mashinasini ishga tushirish, yarim tayyor mahsulotlardan ovqat tayyorlash, quritgichdagi toza kirlarni olib, javonlarga joylashtirish kabi.
  • Agar bolaning otasi yoningizda bo‘lsa, unga bola bilan o‘ynash, sayr qildirish va tagliklarini almashtirishni ishonib topshiring. Agar hali buni bilmasa, qisqacha ko‘rsatma bering — u albatta uddalaydi. Bir-biringiz bilan kelishib oling: har ikkalangiz ham shoshilmasdan dush qabul qilish va issiq ovqat yeyish imkoniyatiga ega bo‘lishingiz kerak.

Shuni unutmang: ba’zan bolaga g‘amxo‘rlik qilishning eng yaxshi yo‘li — avvalo o‘zingizga g‘amxo‘rlik qilishdir: o‘z vaqtida ovqatlanish, dam olish. Bu egoizm emas, balki jismoniy va ruhiy kuchni saqlab qolishning muhim usulidir.

Xulosalar

  1. 5 oylikda bolaning mushaklari mustahkamlanadi, koordinatsiyasi takomillashadi, hissiyotlari boyib boradi. U ko‘p sayr qiladi, yaqinlarini taniydi, begonalardan qo‘rqadi.
  2. 5 oylik bola sutkasiga 5–6 marta, har 3–3,5 soatda ovqatlanadi. Kunduzi 2–3 marta, har safar 1,5–2 soatdan uxlaydi va kechasi 12 soatgacha uyquda bo‘lishi mumkin. Uyg‘oqlik davrlari esa kunduzi taxminan 2,5 soatdan davom etadi.
  3. Uyg‘oqlik vaqtida bolaga massaj va gimnastika qilish, turli fakturalarga ega o‘yinchoqlar yordamida mayda motorikasini rivojlantirish, diqqatini mashq qildirish, jismoniy faolligini rag‘batlantirish hamda u bilan muloqot qilish mumkin.
  4. Qo‘shimcha ovqatni joriy etishdan oldin shifokor bilan maslahatlashish tavsiya etiladi. Yangi mahsulotlar hozircha suyuq ovqatni to‘liq almashtirmaydi, balki uni faqat to‘ldiradi.
  5. Ota-onalar bolaning signallarini e’tiborsiz qoldirib, sun’iy kun tartibiga qat’iy amal qilmasliklari, uni ortiqcha mashg‘ulotlar bilan yuklamasliklari va haddan tashqari charchatmasliklari kerak.
  6. Agar kichkintoy kam va bezovta uxlayotgan bo‘lsa, vazni yetarlicha oshmasa yoki uning rivojlanishi yoshiga mos me’yorlarga javob bermasa, albatta shifokorga murojaat qilish kerak.
  7. Bola parvarishi bilan band bo‘lib, o‘zingizni ham unutib qo‘ymang: xotirjam onaning bolasi ham xotirjam bo‘ladi.
Яндекс.Метрика