Top.Mail.Ru

Bola qorni bilan yotgan holda uxlaydi. Bu xavfli bo‘lishi mumkinmi?

Submitted on: 12.03.2026
Time to read: 4 daqiqa
count 4

Amerika Pediatriya Assotsiatsiyasi tadqiqotlariga ko‘ra, chalqancha yotib uxlash go‘daklarda to‘satdan o‘lim sindromi xavfini kamaytiradi. Mahalliy pediatrlar bu borada tadqiqot o‘tkazmagan bo‘lsa-da, ularning tavsiyalari ham shunga o‘xshash: bolani chalqancha yoki yonboshlatib yotqizish kerak. Ammo bir kuni kichkintoyingizning qorni bilan yotib uxlayotganiga ko‘rasiz va nima qilishni bilmay qolasiz: ehtimoliy xavflarning oldini olish uchun uni qayta chalqanchasiga yotqizib qo‘yish kerakmi yoki shunchalik shirin uyqusini bezovta qilmaslik kerakmi? Bu vaziyatda nima qilish kerakligini tushuntiramiz.

Bola nima uchun qorni bilan yotgan holda uxlaydi

Agar o‘zingiz ham qorin bilan yotib uxlashni yaxshi ko‘rsangiz, demak sizga bolaning nima uchun bu holatni egallashga intilishini tushuntirishga hojat yo‘q. Lekin, agar sizga bolaga bunday uxlash noqulaydek tuyulsa, ishonavering, unday emas. Agar noqulay bo‘lganida, go‘dak qattiq chinqirib bu haqda allaqachon ma’lum qilgan bo‘lardi.

Ma’lum bir vaqtgacha go‘dak tana holatini mustaqil o‘zgartira olmaydi, biroq bunday imkoniyatga ega bo‘lishi bilan o‘zi uchun eng qulay holatni qidira boshlaydi. Xo‘sh, qorni bilan yotish uni nimasi bilan o‘ziga jalb qiladi?

  • Dastlab bu harakat ongli ravishda emas, balki kunduzgi mashg‘ulotning davomi sifatida sodir bo‘lishi mumkin. Go‘dak ag‘darilishni endigina o‘rganayotgan paytda o‘zining yangi qobiliyatini qayta-qayta sinab ko‘rishga va qo‘llashga intiladi. Hatto uxlayotganda ham uning tanasi yangi o‘rgangan mahoratini namoyon etishga harakat qiladi.
  • Qorni bilan yotganida, bola ona qornida bo‘lgan holatiga eng yaqin pozani egallaydi. Bu uning uchun tanish va qulay holatdir. O‘zini qisilgandek his qilish va choyshabdan kelayotgan tanish hid uni tinchlantiradi. Tanasiga bosilgan qo‘l-oyoqlari esa uning keskin harakat qilib, o‘zini qo‘rqitib yuborishiga yo‘l qo‘ymaydi.
  • Hayotining birinchi oylarida go‘daklarda ovqat hazm qilishning funksional buzilishlari, ya’ni qornida sanchiq turishi, qabziyat va qorni dam bo‘lishi kuzatiladi. Qorin bilan uxlash o‘ziga xos massaj vazifasini o‘taydi. Bunday holatda bolaning qornidagi gazlar osonroq chiqib ketadi va ichak peristaltikasi yaxshilanadi. Go‘dak ag‘darilib, o‘z holatini yengillashtirishga harakat qiladi.
  • Qorin bilan yotib uxlash umurtqa pog‘onasiga tushadigan og‘irlikni kamaytiradi, qorin va bo‘yin mushaklarini mustahkamlaydi.

Bolaga qornida uxlash xavfsizmi

Agar qorin bilan yotib uxlashning afzalliklari shunchalik ko‘p bo‘lsa, unda go‘dakning ag‘darilib olishidan xavotirlanish kerakmi? Ha, ma’lum bir yoshgacha. Hech bo‘lmaganda, bola o‘z harakatlarini boshqarishni o‘rganib, orqasidan qorniga va yana qaytib orqasiga bemalol ag‘darila oladigan bo‘lguniga qadar bunga beparvolik bilan qaramaslik kerak.

Hayotining birinchi yilida bolani qorni bilan yotqizish mutlaqo kerak emas. Bu nafaqat GTO‘S xavfini oshiradi, balki boshqa xatarlarni ham yuzaga keltiradi.

Bola o‘z tanasi va boshi holatini mustaqil o‘zgartira olmaguncha, yuzini matras yoki boshqa yumshoq yuzaga tirab, tasodifan nafas yo‘llarini to‘sib qo‘yish xavfi mavjud bo‘ladi. Asfiksiya (bo‘g‘ilish) xavfi tufayli hayotining birinchi olti oyida bolaning karavotida matras va choyshabdan boshqa hech narsa bo‘lmasligi kerak: na yumshoq to‘siqlar, na yostiq, na adyol, na o‘yinchoqlar, na pozitsioner kabi chaqaloqlar uchun maxsus moslamalar. Agar bola ag‘darilishga harakat qilayotgan bo‘lsa, uni qo‘llarini o‘rab yo‘rgaklash yoki tomog‘igacha yopiladigan uyqu xaltasiga solish mumkin emas. Agar bola qorniga ag‘darilishga muvaffaq bo‘lsa-yu, qo‘llari qisilib qolsa, u tayana olmaydi va qulay holatga o‘ta olmaydi. Bu esa, o‘z navbatida, fojiaga olib kelishi mumkin.

Ota-onalarga qornida yotgan holatda bola qayt qilsa ham albatta tiqilib qolmaydigandek tuyulishi mumkin. Bu ham noto‘g‘ri. Bolaning qizilo‘ngachi tuzilishi jihatidan hali kattalarnikidan farq qiladi. Qorni bilan yotganida, chalqanchasiga yotganga qaraganda suyuqlikning o‘pkasiga kirib ketish ehtimoli ko‘proq bo‘ladi.

Yana bir xavf omili — tananing qizib ketishi. Embrion holatida, ya’ni g‘ujanak bo‘lib yotganda, bola chalqanchasiga yotganga nisbatan ko‘proq issiqlik saqlaydi. Erta yoshdagi bolalarda termoregulyatsiya nomukammal ekanini hisobga olsak, bu jiddiy xavf tug‘diradi.

Tungi uyqu paytida bolaning xavfsizligini ta’minlash uchun uning krovatida ortiqcha narsalar yo‘qligiga ishonch hosil qiling. Unga qulay sharoit yaratib bering. Kunduzlari, ovqatlanishdan yarim soat oldin yoki bir-ikki soat keyin qorni bilan yotqizib turing. Bu qorin va bo‘yin mushaklarini mustahkamlashga hamda ovqat hazm bo‘lishiga yordam beradi.

Uxlayotgan bolani orqasiga ag‘darish kerakmi

Agar tunda bolangizning qorni bilan yotgan holda uxlayotganini ko‘rib qolsangiz, nima qilish kerakligi uning yoshi va nimalarni o‘rganganiga bog‘liq. Agar go‘dak 4–4,5 oylikdan kichik bo‘lsa, ag‘darilishga endi harakat qilayotgan va boshini burishga qiynalayotgan bo‘lsa, uni chalqanchasiga yotqizib, xavfsiz holatga keltiring. Bordi-yu, kichkintoy ikki tomonga bemalol ag‘darila olsa va boshini yaxshi tutsa, o‘ziga qulay holatda uxlashiga qo‘yib bering.

Faqat uning nafas olishiga hech narsa xalaqit bermayotganiga, boshi bir tomonga burilganiga va krovatida begona narsalar yo‘qligiga ishonch hosil qiling. Odatda, bolalarga 4,5–5 oylikdan boshlab qorni bilan yotib uxlash xavfsiz hisoblanadi.

Xulosalar

  1. Bolalar qorni bilan yotib uxlashni yaxshi ko‘radi, chunki bu holatda ular o‘zlarini qulay his qilishadi: bu holat ona qornidagi holatini eslatadi, qorindagi og‘riqli hislarni yengillashtiradi va tinchlantiradi.
  2. Hayotining birinchi yil yarmida, ya’ni bola o‘zi mustaqil ag‘darilishni o‘rganmaguncha, qorni bilan yotgan holda uxlash xavfli bo‘lishi mumkin.
  3. Bola har ikki tomonga bemalol ag‘darila boshlaganida, uni uxlayotgan vaqtida qayta orqasiga yotqizish shart emas, o‘ziga qulay holatda dam olishiga qo‘yib bering. Ammo agar bu ag‘darilish tasodifiy bo‘lsa, ehtiyot chorasini ko‘rib, bolani avvalgi holatiga qaytargan ma’qul.
Яндекс.Метрика