Top.Mail.Ru

Homiladorlikda qorin og‘rig‘i

Submitted on: 03.12.2025
Time to read: 3 daqiqa
count 10

Homiladorlik davrida hech bo‘lmaganda bir marta qorin og‘rig‘ini his qilmagan ayol bo‘lmasa kerak. Bunday og‘riq ba’zi ayollarda tez-tez, boshqalarida esa kamroq bo‘lib turadi – ammo deyarli barcha ayollar bunga duch keladi.

Ushbu maqolada biz homiladorlik paytida qorin nima sababdan og‘rishi mumkinligi, qaysi og‘riqlar me’yoriy holat hisoblanishi va qaysilari shifokor maslahatini talab qilishini ko‘rib chiqamiz. Eng muhimi esa, o‘zingizga qanday yordam bera olishingizni tushuntirib beramiz

Qaysi og‘riqlarni tabiiy holat deb hisoblash mumkin

Birinchi trimestr

Birinchi trimestrda qorinda og‘riq ikkinchi va uchinchi trimestrlarga qaraganda ko‘proq yuzaga keladi va ko‘pincha bo‘lajak onalarni xavotirga soladi.

Homila tuxumi bachadon devoriga o‘rnashgandan so‘ng, darhol faol qon ta’minoti va organning o‘sishi boshlanadi. Ko‘pchilik ayollar homiladorlikning 5-6-haftasidanoq qorinning pastki qismida hayz paytidagi kuchsiz og‘riqlarga o‘xshash tortuvchi og‘riqni his qiladilar. Bu bachadonning qayta tuzilishi bilan bog‘liq: u kattalashadi, xorionda yangi qon tomirlari shakllanadi, mavjudlari kengayadi, kollaterallar (tomirlarning yon tarmoqlari) paydo bo‘ladi. Bunday sezgilar fiziologik me’yor hisoblanib, odatda 7-8-haftagacha davom etadi.

9-10-haftadan keyin qorinning pastki qismida bir tomonda keskin og‘riq paydo bo‘lishi mumkin. Bunday og‘riq bachadonni qorin bo‘shlig‘ida ushlab turadigan «keng bachadon boylamlari» deb ataladigan tuzilmalarning cho‘zilishi bilan bog‘liq. Homiladorlikdan oldin bu boylamlar tovuq tuxumidek kattalikdagi bachadonni ushlab turadi, biroq homila o‘sishi bilan bachadon tarvuz o‘lchamigacha kattalashadi va boylamlar cho‘zila boshlaydi. Keskin harakat qilganda, yo‘talganda, aksirganda yoki tana holatini o‘zgartirganda keskin sanchuvchi, ammo qisqa muddatli og‘riq paydo bo‘lishi mumkin. Bu noqulay holat, lekin xavfli emas.

Nima qilish kerak? Keskin harakatlardan saqlanish, sekin-asta o‘rnidan turish va ehtiyotkorlik bilan burilishga harakat qilish lozim.

Ikkinchi trimestr

Ikkinchi trimestrda homila jadal rivojlanadi va u bilan birga bachadon ham kattalashadi. Bachadon mushakli organ bo‘lib, u doimo ozgina taranglikda bo‘ladi. Shu sababli vaqti-vaqti bilan qorinning pastki qismida kuchsiz tortuvchi og‘riq paydo bo‘lishi mumkin. Bunday og‘riqlar ayniqsa kechqurun – charchoq yoki hissiy zo‘riqishdan so‘ng ko‘proq seziladi. Odatda bu og‘riqlar o‘z-o‘zidan o‘tib ketadi va jiddiy noqulaylik keltirmaydi.

Shuningdek, keskin harakatlar paytida og‘riq bezovta qilishni davom etishi mumkin, va u bu og‘riq ham oldingi kabi bachadon boylamlarining cho‘zilishi bilan bog‘liq holda yuzaga chiqadi.

Uchinchi trimestr

Uchinchi trimestr boshida homila va bachadon hajmi sezilarli darajada kattalashadi. Shu sababli, qorinning oldingi devoriga tushadigan bosim ortadi va homilador ayol uzoq muddat yurganidan yoki jismoniy zo‘riqishdan so‘ng tortuvchi og‘riq his qilishi mumkin.
Ikkinchi trimestr oxiridan boshlab, ayollarning taxminan 80 %  tayyorgarlik to‘lg‘og‘i, ya’ni, soxta to‘lg‘oq (Brekston-Xiks to‘lg‘oqlari) kuzatiladi. Ular nomuntazam ravishda yuzaga keladi, bachadon bo‘ynini ochmaydi va chaqaloqqa zarar yetkazmaydi. Siz bachadon devorining taranglashib, qattiq bo‘lib qolganini sezishingiz mumkin. Tug‘ruq yaqinlashgan sari, bunday soxta to‘lg‘oqlar tez-tez bo‘ladi, ammo ularni haqiqiy to‘lg‘oqlardan farqlash oson – ularning davomiyligi turlicha va ular muntazam bo‘lmaydi.

35 haftadan so‘ng chanoq suyaklarining birikish joyi – qov simfizi sohasida og‘riq paydo bo‘lishi mumkin. Bu homilaning tug‘ruq yo‘llaridan o‘tishini osonlashtirish uchun bo‘g‘imlar va paylarni yanada egiluvchan qiladigan relaksin gormoni ta’siri bilan bog‘liq. Bu og‘riq qov birikmasining yumshoqlashishi, shishishi va harakatchanligi tufayli yuzaga keladi. U xavfli emas, ammo harakatlanishga xalaqit berishi mumkin. Agar og‘riq kuchaysa, bu haqda shifokorga xabar berish lozim. Shifokor yallig‘lanish jarayonini istisno qilish uchun qov birikmasining ultratovush tekshiruvini buyurishi va kalsiy hamda D vitamini qabul qilishni tavsiya etishi mumkin.

Og‘riq paytida o‘zingizga qanday yordam bera olasiz?

  • Doimo shifokorga xabar bering. Og‘riq arzimas bo‘lib tuyulsa ham, shifokor sizning ahvolingizni bilishi shart.
  • O‘tiring yoki yoting. Yotgan holatda tanangizni bo‘shashtirish osonroq.
  • Kechqurun vanna yoki iliq dush qabul qiling. Iliq suv taranglikni yoqotishga yordam beradi.
  • Keskin harakatlar qilishdan saqlaning. Og‘riq paydo bo‘lganda chuqur va sekin nafas oling, tanangizni bo‘shashtirishga harakat qiling.
  • 24-25 haftadan boshlab homiladorlik bandajini taqing. Ayniqsa, ko‘p yurishni rejalashtirayotgan bo‘lsangiz. U umurtqa pog‘onasidagi bosimni kamaytiradi va qorinni ushlab turadi.
  • Siydik qopini o‘z vaqtida bo‘shatib turing. To‘lgan qovuq noqulaylik tug‘dirishi va soxta to‘lg‘oqlarni keltirib chiqarishi mumkin.
  • Shifokoringiz bilan magniy qabul qilishni maslahatlashing. U asab tizimini tinchlantiradi va mushaklarni bo‘shashtiradi.
  • Uyquga yotishdan oldin oyoqlaringizni Epsom tuzi qo‘shilgan iliq suvga solib o‘tiring. Bu tuz magniyga boy, iliq suv esa tanani bo‘shashtiradi.
  • Yetarli miqdorda suv iching. Suvsizlanish bachadon tonusini oshirib yuborishi mumkin.

Qachon og‘riq — bu norma emas

Quyidagi holatlarda zudlik bilan shifokorga murojaat qilish kerak:

  • Homiladorlik muddatidan qat’iy nazar, 5 daqiqadan ortiq davom etadigan to‘lg‘oqsimon o‘tkir og‘riq.
  • Chidab bo‘lmaydigan darajadagi kuchli og‘riq.
  • Tana haroratining ko‘tarilishi, junjikish, qusish, ich ketishi, bosh og‘rig‘i yoki qon bosimining oshishi bilan birga kechuvchi og‘riq.
  • Jinsiy a’zolardan qonli ajralmalar bilan kuzatiladigan har qanday og‘riqlar.
  • Orqaga, belga, kurakka yoki oyoqqa tarqaluvchi, harakat paytida kuchayuvchi og‘riq.
  • Siyganda paydo bo‘luvchi og‘riq, ayniqsa bel sohasida.
  • Qorindagi o‘rab oluvchi xarakterga ega, ko‘ngil aynishi bilan birga kechadigan og‘riq..

Keskin og‘riq paydo bo‘lganda nima qilish kerak?

  • Vahimaga tushmang
  • Shifokor tayinlaganidan boshqa dori-darmonlarni qabul qilmang.
  • Tez yordam chaqiring. Sizga hech qanday jiddiy narsa sodir bo‘lmayotgandek tuyulsa ham, bunga ishonch hosil qilish yaxshiroq.
  • To‘g‘ridan to‘g‘ri tug‘ruqxonaga yoki navbatchi ginekologiya bo‘limiga murojaat qilishingiz mumkin – ular kun-u tun ishlaydi.

Shunday qilib, homiladorlik paytida og‘riqlar tez-tez bo‘lib turadigan holat. Ularning aksariyati fiziologik xususiyatga ega, ammo me’yorni xavfli belgilardan farqlay olish muhim. Eng asosiysi, og‘riqqa chidab o‘tirmasdan, taxmin qilmasdan, o‘z vaqtida yordam so‘rashdir.

O‘zingizni ehtiyot qiling, tanangiz bergan signallarni e’tiborsiz qoldirmang, farzandingizni kutish davri quvonchli hamda xotirjam o‘tsin!

Xulosalar

  1.  Homiladorlikning turli davrlarida ayol tananing qayta shakllanishi va tug‘ruqqa tayyorlanishi bilan bog‘liq bo‘lgan kuchsiz og‘riqlarni his qilishi mumkin. Bu og‘riqlar qisqa muddatli va nomuntazam xarakterda bo‘ladi.
  2. Tananing holatini o‘zgartirish, dam olish va iliq suvli vanna bu og‘riqlardan xalos bo‘lishga yordam beradi.
  3. Agar og‘riq juda kuchli bo‘lsa, qon ketishi, ko‘ngil aynishi, qusish, tana harorati va qon bosimining ko‘tarilishi kabi belgilar bilan kuzatilsa, zudlik bilan shifokorga murojaat qilish lozim.
Яндекс.Метрика